Toshkent viloyat, Quyichirchiq tumanidagi “Baliqchi” aksiyadorlik jamiyatining o‘nlab ishchilari 13 dekabr kuni “TCT Fish cluster” MChJ vakilini jamiyat idorasidan quvib yuborgani aks etgan video Ozodlikka 9 yanvar kuni kelib tushdi.
Jamiyat ishchilari shu tariqa baliqchilik xo‘jaligining yangi egasi “TCT fish cluster” MChJ tomonidan qorovullar boshlig‘i qo‘yilganiga norozilik bildirgan.
Ozodlik bu voqeani o‘rganish jarayonida “Baliqchi” hissadorlari bilan uning o‘rniga kelgan “TCT fish cluster” o‘rtasida kelishmovchilik borligini aniqladi.
Hissadorlarning aytishicha, “Baliqchi” jamiyati Vazirlar Mahkamasi qarori asosida, Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan "Ironteks" va "Gratum" kompaniyalari ta’sis qilgan “TCT cluster”ga o‘tgan yilning 1 dekabrida nol qiymatda berilgan.
Hissadorlar tashkilot sobiq “Baliqchi” bilan hisob-kitob qilmasdan, ishni xo‘jalikda yetishtirilgan baliqni sotishdan boshlayotganidan shikoyat qilmoqda.
Ozodlikka yuborilgan videoda “Baliqchi” hissadorlik jamiyatining idorasida 13 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan voqea tasvirlangan.
Unda yuzdan ortiq ishchilar idoradagi xonalardan biriga yashirinib olgan yangi qorovulboshini tutib olishga qilgan harakati ko‘rinadi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Videoni sharhlagan ishchilardan birining aytishicha, dekabr oyida “TCT Fish cluster” vakillari kelib, hammaning ishdan bo‘shaganini, jamiyat to‘laligicha klasterga o‘tganini e’lon qilganidan so‘ng norozilik boshlangan:
“Idoraga kelib hammani ishdan bo‘shaganini aytgan odamning ismi Ag‘zam Mahmudov. U avval melisa bo‘lib ishlagan, 2009-2012 yillar davomida “Baliqchi” da qo‘riqlash xizmati boshlig‘i bo‘lgan. Klaster buni qaerdandir topib yana olib kelib oxrana boshlig‘i qilib qo‘ygan ekan. “Baliqchi” hissadorlik jamiyati boshlig‘i Abdurahim aka ta’tilga chiqqan paytda bular kelib idoraga o‘tirib olgan, mana bizning qo‘limizda qaror, sizlar endi bu yerni bo‘shatib qo‘yinglar, yangi egasi bizmiz, degan. Ular hokimiyat qo‘ygan qorovullarni haydab chiqargan. Shundan odamlar darg‘azab bo‘lib, isyon ko‘tarib yuborishgan. Chunki, Ag‘zam avval ishlagan paytda, uch-to‘rtta ishchilarni podstava qilib qamatib yuborgan, hammaning joniga tekkan ekan”, dedi ishchilardan biri.
Ishchilarning aytishicha, videoda klaster tashkilotning harbiy dala formasida bo‘lgan Ag‘zam Mahmudov ismli vakilini militsiya xodimlari zo‘rg‘a ishchilardan qutqarib Damas avtomobilida olib chiqib ketgani aks etgan.
Ozodlik bu voqeani o‘rganish jarayonida jamiyat hissadorlari bilan klaster tashkilot o‘rtasida kelishmovchilik bor ekanligini aniqladi.
“Baliqchi” AK qanday qilib “TCT Fish cluster” MChJga o‘tib qoldi?
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi qarorida yozilishicha “Baliqchi” aksiyadorlik jamiyati “TCT Fish cluster” MChJga “nol” qiymatda berib yuborilgan:
“Keng turdagi baliq mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va sotish, shu jumladan, eksport qilish bo‘yicha zamonaviy kompleks tashkil kilish uchun sobiq "Baliqchi" AJ mulkiy kompleksini, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va 8,2 mln AQSh dollari miqdorida investitsiyalar kiritish sharti bilan, "TST cluster" MChJga "nol" qiymatida sotish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin”.
“TCT Fish cluster” MChJ, “Baliqchi” rahbariyatining aytishicha, "TST cluster" MChJning tarkibiy bo‘limidir.
Biroq, “Baliqchi” rahbariyatining aytishicha, ularning korxonasi tugatilgani haqida mahalliy nashrlarda e’lon berilmagan, klaster tashkilot bilan qabul qilib olish masalasi hal bo‘lmagan.
Ayni paytda xo‘jalik hovuzlarida 2000 tonnadan ko‘proq baliq boqilmoqda.
“Baliqchi” rahbariyati fikricha, “TCT Fish cluster” kirib kelishi bilan 640 nafar aksiyadorning taqdiri noma’lum bo‘lib qolmoqda.
"Biz bilan hisob-kitob qilmadi"
Jamiyat aksiyadorlaridan biri, “Abduxalil ota” MChJ rahbari Abdukamol Abduxalilovning Ozodlikka aytishicha, klaster “o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonga hozir” sifatida kirib kelgan:
- Hali bular “priyom-peredacha” qilmay turib, xuddi reyder kabi bosib olishdi. Buni qarang, 6 noyabrda prezidentning baliqchilik direksiyasi tashkil qilinsin degan qarori chiqyaptida, undan keyin Bosh vazirning klaster qilinsin degan qarori chiqyapti. Buni kimdir tepasida turib, o‘zi uchun qilayotganga o‘xshaydi. Bo‘lmasa, nega “nol” qiymatda berilsin, deyapti. Bunda 450 odam muvaffaqiyatli ishlayapti, korxonaning 40 milliard so‘m puli bor, ishchilar oylikdan tashqari mukofot oladi, birinchi yarim yilda korxona 11 yarim milliard so‘mlik baliq sotgan bo‘lsa, yuzlab texnikalari, muzxonalari, laboratoriyalari, hamma narsa oydek bo‘lsa, 3,5 ming gektar yer unumli ishlatilib turgan bo‘lsa, qanday qilib “nol”ga berib yuboradi. Axir ishlatilmay yotgan ob’ektlar “nol” qiymatga berilsin deganku?
Quyichirchiq tuman hokimining 10 dekabrdagi qaroriga muvofiq klasterga yer uchastkalari biriktirilgan, “TCT Fish cluster” MChJga investitsiya majburiyatlari bilan “nol” xarid qiymatda sotish uchun bo‘sh turgan davlat mulki ro‘yxati 10 yanvargacha viloyat xokimligiga kiritilishi kerak. Viloyat hokimligi mulklar ro‘yxatini tasdiqlagandan so‘ng klaster egaligiga o‘tadi.
Biroq, jamiyat rahbarlariga ko‘ra, klaster bir oylik muddat o‘tmasdan, topshiriladigan mulklar ro‘yxati tuzilmasdan, topshirish-qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtirilmasdan, mol-mulklar “bir chetda” qolib ketib, baliqlarni o‘zlashtirish va sotish huquqini talab qilmoqda.
"Biz baliqchilikni haqiqiy daromad beradigan sohaga aylantiramiz"
“TCT Fish cluster” MChJ rahbari Tolib Qudratov Ozodlik bilan suhbatda “Baliqchi” ishchilarining ular qo‘ygan nomzodga qarshi norozilik bildirganini tasdiqlar ekan, bu muammo hal etilganini aytdi:
“Bizning bu ishlardan xabarimiz bor. Biz ishchilar haq-huquqlarini birinchi o‘rinda himoya qilamiz. O‘sha biz tayinlagan nomzod avval o‘sha yerda ishlab ularga ma’qul kelmagan ekanmi, demak ular haq. Shuning uchun biz uni o‘sha kuni ishdan bo‘shatib yubordik va ishchilar bilan gaplashib hamma o‘z ishida qolishini va oyliklari avvalgidan ham ko‘proq bo‘lishini aytdik. Allaqachon ularning oylik ish haqlari ko‘tarildi”.
Tolib Qudratov klaster tashkilotining kirib kelishiga izoh berar ekan, hamma narsa qonuniy bo‘layotganini aytdi:
“Baliqchi” AJ juda katta kamchiliklari uchun Iqtisodiy sudning qarori bilan 2017 yilda haqiqiy emas, deb topilgan. Uning barcha mulki, 85 foiz aksiyasi davlatga qaytarilgan. Shundan so‘ng Vazirlar Mahkamasi qarori bilan chet ellik investorga 8,2 million AQSh dollari sarmoya kiritish sharti bilan berilgan. Bu nihoyatda progressiv qaror. Chunki, endi bu xo‘jalik to‘la modernizatsiya qilinadi va baliqni nafaqat sotish, balki konserva ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun dasturlar yaratilgan. Bizning qarorimizni ishchilar qarsak bilan kutib oldi”.
Tolib Qudratovning aytishicha, 15 foiz aksiyadorlarning aksiyasi taqdiri qanday bo‘lishini huquqshunoslar qonun yo‘li bilan hal qiladi.
Ozodlik ikki kun davomida “Baliqchi” AJ sobiq rahbari Abdurahim Pirvaliev bilan bog‘lanishga harakat qildi. 9 yanvar kuni suhbatlashishga imkoni yo‘qligini aytgan Pirvaliev, 10 yanvar kuni qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.