Moskva viloyatining Klin shahrida beton plita bosib qolgan ikki o‘zbek vatandoshi nobud bo‘ldi. Hodisa joyida surishtiruv ishlarini olib borayotgan tergovchilar falokat ish joyida xavfsizlik choralari ko‘rilmagani oqibati ekanini taxmin qilmoqda.
Tergovchilar taftish yakuniga qadar migrantlarga oid shaxsiy ma’lumotlar ochiqlanmasligini ma’lum qildi.
2019 yilning 14 yanvarida Moskva viloyat, Klin shahrida joylashgan sobiq Stankozavod hududida ikki mehnat muhojirini beton plitalar bosib qoldi.
Moskva viloyat Tergov qo‘mitasi mulozimi Ozodlikka nobud bo‘lganlar 1991 va 1989 yilda tug‘ilgan ikki yigit - O‘zbekiston grajdanlari ekanini tasdiqladi.
- Dastlabki taxminlarga ko‘ra, ishchilar sobiq Stankozavodda bir qavatli binoning temir-beton to‘shamasini demontaj qilayotganida gorizontal holatda turgan temir-beton plita qulab tushgan va muhojirlarni bosib qolgan, dedi ismini bildirmagan Tergov qo‘mitasi navbatchisi.
Ma’lum bo‘lishicha, zavod hududida ta’mirlash ishlari olib borilayotgan edi.
Moskva viloyat Tergov qo‘mitasining Klin shahri bo‘yicha bo‘limi xodimlari tomonidan fakt yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Mahalliy o‘likxonaga olib ketilgan o‘zbek muhojirlari jasadlari ustidan sud-tibbiy ekspertiza tayinlangani ma’lum bo‘ldi.
Tergovchilar taftish yakuniga qadar migrantlarga oid shaxsiy ma’lumotlar ochiqlanmasligini ma’lum qildi. Tergov qo‘mitasi xorijlik ishchilarning nobud bo‘lishiga texnika xavfsizligiga rioya qilinmaganini sabab qilib ko‘rsatmoqda.
Hodisa joyiga yetib kelgan Klin shahar qutqaruvchilari o‘zbekistonlik migrantlar jasadlari boshqa ishchilar tomonidan beton plita ostidan olib chiqilganini aniqladi.
Politsiya bo‘limida nobud bo‘lgan migrantlar haqida O‘zbekiston elchixonasiga so‘rovnoma yuborilganini bildirishdi.