Jizzax viloyati Do‘stlik tumani markazidagi buyum va dehqon bozorining dabdurustdan buzilishi shu bozorda tirikchilik qilib kelgan dehqonlar va savdogarlar noroziligini uyg‘otdi. Ozodlikka tinimsiz qo‘ng‘iroq qilgan bir guruh tadbirkorlarning ta’kidlashicha, hokimlik buzilayotgan do‘konlariga tovon puli to‘lash haqida hech narsa aytmagan. Do‘stlik tumani hokimligining kapital qurilish bo‘yicha mulozimi Ozodlik bilan suhbatda bozor buzilib o‘rnida ko‘p qavatli savdo majmuasi qurilishi, rekonstruksiya davrida savdogarlarga boshqa joydan sharoit yaratib berilishini aytdi.
23 yanvar kuni asosan ayollardan iborat elliktacha savdogar bozorga kelgan tuman hokimligi vakillari bilan dehqon bozorini joyida qoldirish borasida muloqot qilishga uringan.
Savdogarlar talabi qondirilmagan, ularga bozor buzilishi haqida tuman hokimligining qarori borligi aytilgan.
Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, qiy-chuv ko‘targan savdogarlarni militsiya kelib tarqatishga majbur bo‘lgan.
- Bozorni buzamiz, do‘konlarni bo‘shatlaring¸ deb kelishdi. Qaerga ko‘chirilishimiz, buzilgan do‘konlarga tovon beriladimi, yo‘qmi, hech narsa aytishmayapti. Bo‘shatinglar¸ deyishyapti¸ xolos. Ayollar hokimlik rasmiylari bilan qiy-chuv qilishdi, foydasi bo‘lmadi. Hokimning qarori bor ekan. Bir necha militsiya kelib tarqatdi. Bozor chekkasidagi ayrim do‘konlar buzilayapti, kelasi oygacha hammasi buzilar ekan, - deydi jizzaxlik savdogar.
Do‘stlik tumani hokimligining kapital qurilish bo‘yicha mulozimi Ozodlikka savdo-sotiq sharoitini yaxshilash maqsadida buyum va dehqon bozori o‘rnida zamonaviy savdo majmuasi qurilishini aytdi.
- Ko‘p qavatli savdo majmuasi bo‘ladi u yerda. Mart oyidan qurish boshlanadi. Mustaqillik kuniga bitkazish rejalangan. Bozorlardan tushum bo‘lmayapti. Agar zamonaviy qilib supermarketlar qurilsa¸ tushum ham bo‘ladi, savdogarlar uchun ham¸ xaridorlar uchun ham sharoit yaratiladi, - dedi Do‘stlik tumani hokimligining Kapital qurilish bo‘yicha mulozimi.
Aytilishicha¸ Do‘stlik tumani dehqon bozorida 200 atrofida odam savdo qiladi. Buyum bozori qismida esa ellikdan ziyod xususiy do‘kon mavjud.
Savdogarlar dehqon bozori buzilib, yangi do‘konlar quriladigan bo‘lsa ularning ijara narxi, hamda soliq to‘lovlari o‘ta yuqori bo‘lib ketishidan tashvish bildirmoqda.
- Hokimliklar yuzlab odam tirikchilik qilib kelgan bozorlarni buzayapti. Tumanda ta’mirga muhtoj infrastruktura talayku! Undan ko‘ra, yo‘llarni ta’mirlasin, o‘lda-jo‘lda bo‘lib yotibdi, bozorimizga, tirikchiligimizga tegmasin, - deydi Do‘stlik tumani bozorida kiyim-kechak do‘koniga ega tadbirkor.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil 27 mart kuni imzolagan 2853-sonli qaroriga ko‘ra, O‘zbekistondagi barcha dehqon bozorlari buzilib, o‘rnida zamonaviy savdo majmualari qurilmoqda.
Bundan avval ham O‘zbekistonning boshqa viloyat va tuman markazlarida bozorlarning buzilishi tadbirkorlarning keskin noroziligi manzarasida kechgan.