Surxondaryo viloyati, Jarqo‘rg‘on tumani, Polvonlar yurti mahallasida yashaydigan Nodira Ergasheva uning darsga kech qolgan o‘g‘lini 4-umumta’lim maktabining direktori urib, quloq pardasini yirtib yuborganidan arz qildi.
Onaning Ozodlikka shikoyat qilishicha, 18 yashar o‘g‘lining quloq pardasi yirtilganini mahalliy vrachlar tasdiqlagan va u bir hafta kasalxonada davolanib chiqqan.
Ona o‘g‘liga qattiq jarohat yetkazgan maktab direktoriga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmayotganidan shikoyat qildi.
Jarqo‘rg‘on tumanining Polvonlar yurti mahallasida yashaydigan, 40 yashar tibbiyot hamshirasi Nodira Ergashevaning Ozodlikka aytishicha, 12 yanvar kuni ertalab darsga besh minut kech qolgan o‘g‘li, 11-sinf o‘quvchisi Anvar Mamatmurodovni maktab direktori Dilshod Babanov urib, quloq pardasini yirtib tashlagan:
- Direktor darsga kechikkanlarni hovlida yig‘ib turgan ekan. O‘g‘lim shoshilib maktabga kirib ketayotsa, direktor uni chaqirib, bosh kiyimini yechtirib, quloq aralash qattiq uribdi. Soat 12larda menga telefon qilib, qulog‘im qattiq og‘riyapti, dedi. Keyin tuman poliklinikasiga olib borib, tekshirtirsam, do‘xtirlar quloq pardasi yirtilgan, degan xulosa berdi, deydi Nodira Ergasheva.
Uning aytishicha, o‘g‘li fevral oyida harbiy bilim yurtiga hujjat topshirishi kerak edi:
- Bolam men harbiy bo‘laman deb, besh yildan beri tayyorgarlik ko‘rib kelayotgan edi. Endi, u harbiy tibbiy komissiyadan o‘ta olmaydi. Menga yanada alam qilayotgani ham shu, deydi Nodira Ergasheva.
4-maktabning 11-sinfida o‘qiyotgan Anvar Mamatmurodov, maktab direktori bolalarni muntazam kaltaklab kelishini aytadi:
- Haqiqatan ertalab besh-o‘n minut darsga kech qoldim. Qarasam, direktor o‘quvchilarni yig‘ib turgan ekan. Men o‘tib ketayotgandim, direktor chaqirib oldida, shapkangni yech, dedi. Yechishim bilan quloq aralash chakkamga ikki marta qattiq urdi. Qulog‘im shang‘illab ketdi. Keyin og‘riq kuchayib ketdi va onamga telefon qildim, deydi Anvar Mamatmurodov.
Nodira Ergasheva 14 yanvar kuni tuman xalq ta’limi bo‘limiga, ichki ishlar va prokuraturaga maktab direktori ustidan shikoyat yozib, pochta orqali jo‘natganini biroq shu kungacha hech kim undan bu hodisa haqida so‘ramaganini aytadi:
- Chaqirish ham yo‘q, so‘rash ham bo‘lmayapti. Vrachlar o‘g‘limni tuman markaziy kasalxonasining LOR bo‘limiga davolangani yotqizishdi. Poliklinika vrachlari ham, kasalxona vrachlari ham o‘g‘limning qulog‘ini tekshirib, pardasi yirtilganini tasdiqlashdi. Keyin o‘zimizning uchastka noziridan yo‘llanma olib, Termizga borib ekspertizadan o‘tkazdik. Lekin ekspertiza xulosasini aytishmadi ham, qo‘limga berishmadi ham. O‘shandan beri jim-jit, deydi Nodira Ergasheva.
Jarqo‘rg‘on tumani ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori Ilhom Norboev Ozodlik bilan suhbatda bu ish bo‘yicha barcha hujjatlar tuman prokuraturasiga topshirilganini aytdi:
“Men to‘plangan hujjatlar va ekspertiza xulosasini olib, prokuraturaga topshirdim. Hozir prokuratura ko‘ryapti. Men ekspertlar xulosasini ham oldim, u yerda hech qanday parda yirtilgan yo‘q, deb beryapti. Direktor bir shapaloq urganman, deb tan olyapti. U mansabdor shaxs bo‘lgani uchun uning ishini endi prokuratura ko‘radi”, deydi profilaktika inspektori Ilhom Norboev.
Jarqo‘rg‘on tumani markaziy kasalxonasining quloq-burun kasalliklari bo‘limi shifokori Muyassar Qodirova Ozodlik bilan suhbatda Anvar Mamatmurodovning quloq pardasi yirtilganini tasdiqladi:
“Bizga kelgan paytda Anvar Mamatmurodovning quloq pardasi yirtilgan edi. Bizga kelishdan oldin poliklinikaga borgan ekan, u yerda ham xuddi shunday tashxis qo‘yilgan ekan. Biz davolaganimizdan keyin u chiqib ketayotgan payt quloq pardasi ancha yaxshi bo‘lib qolgan edi. Albatta bu bitib ketadi, lekin ozroq chandiq qoladi. Bir yildan keyin ham, ikki yildan keyin ham u chandiq ko‘rinib turadi”, deydi vrach Muyassar Qodirova.
4-maktab direktori Dilshod Babanovning mobil telefoni kun davomida o‘chirilgani bois, u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.
Dilshod Babanovning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sayyora Alinazarova Ozodlik bilan suhbatda maktab direktoriga nega chora ko‘rilmaganidan xabari yo‘qligini aytdi.
Jarqo‘rg‘on tuman prokuraturasidan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.