Samarqandda 20 yashar fermer yigit uyi molxonasida osilgan holda topildi

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, har yili mamlakatda 100 ming kishidan 6 nafari o‘zini o‘ldiradi.

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida 28 yanvar kuni 21 yoshli O.N o‘z uyi molxonasida osilgan holda topildi. Yaqinlari u o‘zini osgan bo‘lishini aytishmoqda. Paxtachi tumanining Istiqbol mahallasida fermerlik bilan shug‘ullanib kelgan yigitning nega joniga qasd qilgani ma’lum emas. Bu voqea yuzasidan tuman prokuraturasi surishtiruv olib bormoqda.

Fermer yigitning ismi sir qolishini so‘ragan yaqin qo‘shnilaridan birining Ozodlikka aytishicha, voqea 28 yanvar kuni kechki payt sodir bo‘lgan.

Dod-voy ko‘tarildi. Qo‘ni-qo‘shni to‘plandi. Militsiya keldi. Onasi hushidan ketib qolgan. Nimaga bunday qilganiga hammamiz hayronmiz. Onasi mollarga suv bergani borganida qo‘y bog‘laydigan arqon bilan yog‘och to‘singa osilgan holda ko‘rgan”, - deydi qo‘shni.

Paxtachi tumani Ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimiga ko‘ra, bu voqeadan keyin jasad sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazilgan va O.N.ning nafas yo‘llarining berkilishidan kelib chiqqan mexanik asfiksiya natijasida o‘lganligi aniqlangan.

Marhumning Ozodlik gaplashgan qo‘shnisi o‘lgan yigit oilasi bilan chorvadorlik va fermerlik qilib kelganini aytadi.

"Bular tomorqa yeri va besh-olti moli hisobidan tirikchilik qilib kelgan. Fermerlik faoliyati bilan bog‘liq muammosi bo‘lganidan xabarim yo‘q", - dedi qo‘shnisi.

Ozodlik suhbatdoshlariga ko‘ra¸ o‘lim sabablari haqida aniq ma’lumot yo‘qligi ortidan¸ marhum yashagan mahallada turli taxminlar ko‘payib ketgan.

Kimdir “sevgisi rad qilingani bois, o‘spirin iztirobga tushganini aytsa, boshqalar “oiladagi iqtisodiy tushkunlik sabab” o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishini aytadi.

Marhumning ismini aytmagan qarindoshi bu iddaolarni rad qildi.

Oilada beshta jon, boshqalar qatori zo‘rg‘a kunini ko‘rib yashashadi. Agar iqtisodiy tushkunlik bo‘lsa¸ unda hamma o‘zini osishi kerak. Sevgan qizi bo‘lganini ham bilmaymiz. Lekin uni uylantirish harakatiga tushishgan edi. Ruhiy problemasi ham bo‘lmagan. To‘g‘risi¸ biz nimaga o‘zini osganini bilmayapmiz, hayronmiz, - deydi osilgan xolda topilgan 20 yoshlik O.N.ning qarindoshi.

Keyingi bir oy ichida Ozodlik to‘rt o‘zbekistonlikning o‘zini osish orqali joniga qasd qilgani haqida xabar qildi.

Xususan¸ Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumanining 27-umumta’lim maktabining 14 yashar o‘quvchisi 17 yanvar kuni uyining molxonasida osilgan holda topildi.

Bundan oldin 9 yanvar kuni Namangan viloyat, Kosonsoy tumanidagi Qo‘qimboy qishlog‘ida yashagan 23 yashar yigit molxonasida osilgan holda topilgan edi.

Jizzax viloyat, Forish tumanidagi Maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining 3-bosqich o‘g‘il bola o‘quvchisi esa 6 yanvar kuni osilgan holda topilgan edi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan kollej o‘qituvchisining aytishicha, 28 dekabr kuni 3-bosqichda o‘qiydigan yana bir o‘quvchi - qiz bola osilgan holda topilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoev ham 2017 yilning 22 dekabrida o‘tgan hukumat yig‘ilishida, mamlakatda o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payganini ta’kidlab, mutasaddi idoralarni ushbu muammoga e’tibor qaratmayotganlikda ayblagan edi.

O‘tgan yilning 16 mart kuni prezident o‘z joniga qasd qilishning oldini olishga qaratilgan maxsus qaror ham qabul qildi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, har yili mamlakatda 100 ming kishidan 6 nafari o‘zini o‘ldiradi.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida dunyo bo‘yicha har 40 sekundda bir odamning o‘zini o‘ldirishi¸ 20 odamning esa o‘z joniga qasd qilishga urinishi aytiladi.