Toshkent va boshqa yirik shaharlarda shu kunlarda litsenziyasiz ishlayotgan kirakashlarga qarshi keng miqyosli reydlar o‘tkazilmoqda.
Avtomobil va daryo transporti agentligi rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda noqonuniy odam tashish bilan shug‘ullanuvchilarning avtoulovlari jarima maydonchalariga olinayotgani, o‘zlari jarimaga tortilayotganini to‘g‘risida joylardan kelayotgan xabarlarni asdiqladi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev o‘tgan yil yanvarida bo‘lib o‘tgan hukumat majlisida "kirakashlarni soliqqa tortish davlatga, xalqqa qarshi amal bo‘lishini" ta’kidlagan edi.
Poytaxt Toshkentning avtobus bekatlari, taksi to‘xtash joylari hamda yo‘llarning boshqa qismlarida to‘xatilgan avtomashinalar, agar ularda noqonuniy ravishda odam tashilgani aniqlansa, jarima maydonchasiga olinib, haydovchilar yirik miqdorda jarimaga tortilmoqda.
O‘z ismini aytishni istamagan toshkentlik kirakash haydovchilardan biri bu haqda Ozodlikka gapirib berdi:
- Har qadamda inspeksiya xodimlari. Odam olganingizni ko‘rsa, to‘xtatib, mashinani jarima maydonchasiga olishyapti. Bir oy muddatda litsenziya qilishga majburlashyapti. Bunga qo‘shimcha 7 million so‘m jarima ham to‘lattirishyapti. Mashinani oyiga 250-300 dollarga ijaraga olganmiz. Mashina bir oy jarima maydonchasida tursa, shu turgani uchun ham mashinaning egasiga ijara puli to‘lashga to‘g‘ri kelyapti.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2012 yil 1 yanvar amalga kirgan "Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish bo‘yicha chora tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorda kirakashlik qilish uchun litsenziya olish ko‘rsatilgan.
Litsenziyani esa O‘zbekiston Avtomobil va daryo transporti agentligi beradi.
Ushbu agentlik mulozimi Ozodlik bilan suhbatda o‘z mashinasida taksichilik qiluvchilar taksi parklari bilan shartnoma tuzishi lozimligini aytdi.
- Litsenziya olish uchun biron MChJga haydovchi bo‘lib ishga kirishi kerak. Ular bilan shartnoma tuzsa litsenziya beriladi. Yakka tadbirkor bo‘lib litsenziya olib bo‘lmaydi.
Toshkent shahridagi taksi parklaridan birining mulozimi parkka ishga kirgan haydovchi kuniga 16 ming so‘mdan pul topshirishi kerakligini aytdi:
- Har oy 16 ming topshirishi kerak. Ko‘p ishlasa yoniga qoladi. Bundan tashqari oylik ham qilib beramiz. Kirakash bir kunda topshiradigan pulining 50-60 foizini maosh qilib o‘ziga qaytaramiz. Bundan tashqari bu ish stajiga ham kirib, nafaqa jamg‘armasiga u uchun pul ham o‘tkaziladi.
Ammo, mashinasi jarima maydonchasiga olinib, ishi bir necha millionlik jarima to‘lash bilan tugashiga qaramasdan ko‘pchilik litsenziyasiz odam tashishda davom etmoqda.
- Chunki litsenziya olib haydash zararga bo‘lyapti. Litsenziya olgandan keyin taksoparkga kuniga 15-20 ming so‘m to‘lash kerak. Mashina arendasi kuniga 40 ming so‘m. Kuniga 60-70 ming so‘mlik gaz to‘ldirish kerak. Bundan tashqari yiliga litsenziya uchun Avtomobil va daryo transporti agentligiga 5 million so‘m to‘lash lozim. Qo‘shimcha daromad solig‘ini ham to‘lash kerak bo‘ladi. Kuni bilan mashina quvib, yonimizga hech narsa qolmaydi litsenziya olsak, - deydi toshkentlik haydovchi.
O‘zbekistonda ishsizlik va maoshlarning kamligi mashinasi bor odamlarning kirakashlik bilan shug‘ullanishga majbur qilmoqda.
Mashinasi yo‘qlar esa tirikchilik qilish uchun uni ijaraga olib odam tashiydi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev o‘tgan yil yanvar oyidagi hukumat majlisida kirakashlarni soliqqa tortish davlatga, xalqqa qarshi amal bo‘lishini tak’kidlagan edi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
"Ertaga undan soliq olsak kimga qarshi bu? Davlatga qarshi, xalqqa qarshi. 200 milliard yo‘qotibmiz, 300 milliard yo‘qotibmiz, boshqa yerdan topsa bo‘ladi shuni, lekin u oddiy odamni uch yil oyoqqa qo‘yib olaylik", - degan edi prezident Mirziyoev kirakashlarni nazarda tutib.
O‘zbekiston Avtomobil va daryo transporti agentligi ma’lumotiga ko‘ra, poytaxt Toshkentda hozirgi kunda litsenziyaga ega taksilar 2500 tani tashkil qiladi.