Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida kollej o‘quvchisi bo‘lgan 17 yoshli qiz o‘z uyida osilgan xolda topildi. 22 yanvar kuni ro‘y bergan ushbu hodisa haqida Ozodlikka marhumning kursdoshlaridan biri 31 yanvar kuni xabar qildi. Kollej o‘quvchisi nega joniga qasd qilgani ma’lum emas. Oltinko‘l prokuraturasi tergov olib bormoqda.
Oltinko‘l tumanidagi Sanoat kollejining 3-bosqich o‘quvchisi bo‘lgan O.T. 22 yanvar kuni soat 14.30larda o‘z uyida osilgan xolda topildi.
O‘z joniga qasd qilgani aytilayotgan kollej o‘quvchisining ismi-sharifi Ozodlikka ma’lum.
Lekin tergov vajidan va ahloqiy sabablarga ko‘ra, uning shaxsini ochiqlamaydi.
Ismi ochiqlanmasligini istagan kursdoshining Ozodlikka aytishicha, kollej o‘quvchisi o‘limidan oldin bir oy davomida o‘qishga kelmagan.
“Uyida ancha osig‘lik qolgan, uyida o‘sha kuni hech kim bo‘lmagan. Dekabr oyidan buyon o‘qishga kelmayotgandi. Kollej ham nega o‘qishga kelmayapti, deb qiziqmagan”, - dedi Ozodlikka marhum kollej o‘quvchisining kursdoshi.
Oltinko‘l tumani huquq-tartibot organlarida ishlovchi Ozodlik suhbatlashgan mulozim qiz nima uchun o‘z joniga qasd qilgani mavhum bo‘lib qolayotgani, ayni masala yuzasidan militsiya tergov olib boratganini aytdi.
Qo‘shnilariga ko‘ra, qiz yakkalanib qolgani kollejda doimiy kamsitilgani, izza qilingani sabab o‘zini osib qo‘ygan bo‘lishi mumkin.
Kollejning o‘quv ishlari bo‘yicha mudiri qiz dekabr oyidan o‘qishga chiqmaganini tasdiqladi, lekin u kamsitilgani haqidagi iddaolarni rad etdi.
“Bu qizimiz yaxshi o‘qir edi. Qishki kanikuldan so‘ng o‘qishga chiqmadi. Men bundan xabarsiz qolibman, guruh rahbari e’tibor bermagan. Beparvolik bo‘lgan. Lekin, kamsitish bo‘lmagan, qiz yaxshi o‘qir edi. Otasi biologiya o‘qituvchisi bo‘lgan. Lekin ishini tashlab bozorga chiqib ketgan edi”, - deydi kollejning o‘quv ishlari bo‘yicha mudirasi.
Qo‘shnilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda o‘zini osgan kollej o‘quvchisini bozor kunlari, ayrim paytlarda o‘qish paytlari ota-onasi bilan bozorda savdo qilib turganini ko‘rganini aytdi.
Lekin, buni tasdiqlash uchun marhum kollej o‘quvchisining ota-onasiga Ozodlik muxbiri bog‘lana olmadi.
Bu ozodlikka ma’lum so‘nggi bir oy ichidagi oltinchi suitsiddir.
Samarqand viloyati Paxtachi tumanida 28 yanvar kuni 21 yoshli O.N o‘z uyi molxonasida osilgan holda topildi.
Qashqadaryoning G‘uzor tumanida esa 27-umumta’lim maktabining 14 yashar o‘quvchisi 17 yanvar kuni uyining molxonasida o‘zini osgani haqida Ozodlik xabar qilgan.
Undan oldin 9 yanvar kuni Namangan viloyat, Kosonsoy tumanidagi Qo‘qimboy qishlog‘ida yashagan 23 yashar yigit molxonasida osilgan holda topilgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoev ham 2017 yilning 22 dekabrida o‘tgan hukumat yig‘ilishida, mamlakatda o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payganini ta’kidlab, mutasaddi idoralarni ushbu muammoga e’tibor qaratmayotganlikda ayblagan edi.
O‘tgan yilning 16 mart kuni prezident o‘z joniga qasd qilishning oldini olishga qaratilgan maxsus qaror ham qabul qildi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, har yili mamlakatda 100 ming kishidan 6 nafari o‘zini o‘ldiradi.
Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida dunyo bo‘yicha har 40 sekundda bir odamning o‘zini o‘ldirishi¸ 20 odamning esa o‘z joniga qasd qilishga urinishi aytiladi.