Klasterdan norozi bo‘lgan "Baliqchi" hissadorlik jamiyati raisi hibsga olindi

Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanidagi Baliqchi xo‘jaligi

Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanidagi sobiq “Baliqchi” AJ raisi Abduraxim Pirvaliev 1 fevral kuni viloyat prokuraturasining uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi xodimlari tomonidan hibsga olindi. Bu haqda Ozodlikka tadbirkorning yaqinlari xabar qildi.

Pirvaliev advokatiga ko‘ra, tadbirkor Abdurahim Pirvaliev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish) hamda 232-moddasi (Sud hujjatini ijro etmaslik) bilan ayblov e’lon qilingan.

Ozodlik “Baliqchi” AJ bilan uning o‘rniga kelgan “TCT fish cluster” o‘rtasida kelishmovchilik borligi haqida ilgari xabar bergan edi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrda “Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida zamonaviy agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 974-sonli qarori chiqqandan so‘ng “Baliqchi” AJ hissadorlari va uning yangi egasi «TST Fish cluster» MChJ o‘rtasida nizo yuzaga kelgan edi.

Ozodlik suhbatlashgan “Baliqchi” hissadorlarining aytishlaricha, klaster tashkilot o‘zining birlamchi ishlari bilan shug‘ullanmay eng avvalo jamiyat hovuzlarida boqilayotgan baliqni sotish huquqini talab qilgan.

“Baliqchi” AJ aksiyadorlarining O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov nomiga yozgan shikoyat maktubida bu haqda bunday deyiladi:

“Bugungi kunda hududda qonun ustuvorligi yo‘qolib qonunsizlik, zo‘ravonlik holati yuzaga keldi. Bir tomonda sud qarorlarini noto‘g‘ri talqin qilinishi hisobiga barcha mulklaridan, yetishtirgan baliqdan ham ajralib qolgan “Baliqchi” AJ, ikkinchi tomonidan maqomi noma’lum bo‘lib turgan “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ, uchinchi tomonida «TST Fish cluster» MChJ barcha qonunlarni inkor etib zo‘ravonlik bilan mol-mulklarga ega bo‘lib olmoqda”.

Abdurahim Pirvalievning opasi Adiba Alijonovaning iddao qilishicha, uning ukasi davlatdan bir so‘m kredit olmay jamiyat hissadorlari hamda ishchilari bilan yetishtirgan baliqni sotish huquqidan mahrum qilinganiga, jamiyat mol-mulkiga tayyor ega chiqqaniga norozilik bildirgani uchun hibsga olingan:

- Aksiyadorlarga va ishchilarga aksiyadorlik jamiyati kengashi qarori asosida divident bergani uchun, o‘zlari yetishtirgan baliqni bosqinchilarga qo‘shqo‘llab topshirmagani uchun hibsga olishdi. Klaster bosqinchilik bilan kelib hamma narsani egallab oldi. Vaholanki, ular bir dona baliq yetishtirmagan, ularga bu xo‘jalik nol qiymatda berilgan. Aksiyadorlar hovuzlardagi baliqlarini sotib, bo‘shatib berishmoqchi edi, qo‘yishmadi. Ukam norozilik bildirib, hamma joyga shikoyat qilaverganidan keyin qamoqqa olishdi. O‘zbekiston Bosh vaziri sobiq o‘rinbosari Zoyir Mirzaevning xati bor. Olti oy ichida hovuzlarni bo‘shatib bersin, degan. Lekin bunga amal qilinmadi, deydi Adiba Alijonova.

“Baliqchi” AJ raisi Abdurahim Pirvalievning O‘zbekiston Bosh prokuroriga qilgan shikoyatida:

“Baliqchi” AJ jamoasi tomonidan yetishtirilgan baliqlarni sotish huquqining “TCT Fish cluster” MChJga berilishi na Vazirlar Mahkamasining na sudning na hokimlikning qarorlarida belgilangan”, deb yozgan.

Pirvalievning yozishicha, ularning noroziligini bostirish uchun Toshkent viloyati prokuraturasi Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Sultonov Iqbol rahbarligida viloyatning turli idoralaridan iborat ishchi guruh yuborilgan:

“Sultonov Iqbol rahbarligida viloyatning turli idoralaridan iborat ishchi guruh 2019 yil 9-11 yanvar kunlari “Baliqchi” AJda tekshirish o‘tkazishdi. Mazkur tekshirish ishchi guruhning tili bilan aytganda “o‘rganish shaklida o‘tkazildi”. Biroq, tekshirishmi yoki “o‘rganish”ni o‘tkazish uchun asos bo‘luvchi hech qanday hujjat taqdim qilinmadi va yopiq tarzda o‘tkazildi. Hatto, tekshirish dalolatnomasi bilan ham tanishtirilmadi. Tekshirish jarayonida ishchi guruh rahbari Sultonov Iqbol “Baliqchi” AJ rahbariyatini 2019 yil 11 yanvar kunidan ishga chiqmaslikni, uning aytganini “yaxshilikcha” qilish kerakligini, aks holda yomon oqibatlarga olib kelishini ma’lum qildi”.

Toshkent viloyati prokuraturasining navbatchisi Iqbol Sultonov bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish mumkin emasligini aytib, Ozodlik telefon raqamlarini yozib oldi va o‘zlari bog‘lanishini aytdi.

Ammo, viloyat prokuraturasidan Ozodlikka qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.

Abdurahim Pirvalievning advokatlaridan biri, himoyasidagi shaxsni qamoqqa olish haqida sud chiqargan qaror ham ziddiyatli ekanligini aytdi:

“Sudning qamoqqa olish haqidagi qarori ham shunchalik ziddiyatliki, biz advokatlar ham uni konkret nimada ayblashayotganini ham tushuna olmayapmiz. Jinoyat kodeksining 167 moddasi(O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish) bo‘yicha unga ayb qo‘yishyapti, go‘yoki u aksiyadorlarga divident to‘lagan ekan. Lekin u bu qarorni bir o‘zi qabul qilmagan, bu umumiy yig‘ilishning qarori. Biz bu ishga endi kirishdik, bu juda ham chigal ish”, dedi advokatlardan biri.

“Baliqchi AJ” yiliga 30-40 milliard so‘m mablag‘ aylanmasiga ega bo‘lgan, 452 kishi ishlaydigan, byudjetga 5 mlrd.so‘mdan ortiq turli soliq, foydalanilib turilgan ob’ektlar uchun oyiga davlat ijara markaziga 500 million so‘m pul to‘lab kelgan korxona bo‘lgan.

“Baliqchi”​ AJ Vazirlar Mahkamasi qarori asosida, Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan "Ironteks" va "Gratum" kompaniyalari ta’sis qilgan “TCT cluster”ga o‘tgan yilning 1 dekabrida nol qiymatda berilgan.

Hissadorlar klaster tashkilot sobiq “Baliqchi” bilan hisob-kitob qilmasdan, ishni xo‘jalikda yetishtirilgan baliqni sotishdan boshlayotganidan shikoyat qiladilar.