11 fevral kuni O‘zbekistondagi ZO’R TV kanali Turkiyada suratga olingan “Hovli” seriali namoyishini 22.30 ga ko‘chirdi. Serialning ijtimoiy tarmoqlarda islomiy axloq normalariga zid, deya tanqid qilinishi ortidan telekanal shunday qarorga kelganini Ozodlikka ZO’R TV vakili bildirdi.
ZO’R TV kanali vakili Ozodlik bilan suhbatda tarmoqlardagi e’tirozlar sabab serial namoyishini 19.30dan 22.30ga ko‘chirishga majbur bo‘linganini aytdi.
- Tepadan buyruq keldi, ko‘chirdik. Yosh bolalar ko‘rmasin deb, 22.30 ga ko‘chirdik. Ertalab 9.00da takror namoyishi bo‘lyapti. “Hovli” seriali o‘rnida 19:30 dan 20:30 gacha “Abdulhamid”, 20:30 dan 21:30 gacha “Ertug‘rul” qo‘yiladi, - dedi ZO’R TV kanali vakili.
Telekanal vakili “tepa” deganda kimni yoki qaysi tashkilotni nazarda tutganini ochiqlamadi.
Bundan oldin azon.uz va boshqa islomiy saytlarda “ZO”R- TV” kanalida namoyish qilinayotgan "Hovli" turk serialining sof islomiy axloq normalari va o‘zbek milliy zehniyatiga zid ekani iddao etilgan bir nechta maqola e’lon qilingan edi.
Tanqidchilarga ko‘ra, qamoqdagi ayollarning yashash tarzi va qismatini ochib bergan ushbu serial, undagi jinoyatchi ayollar obrazlari yosh o‘zbeklarning milliy zehniyati va ma’naviyatiga zarar beryapti.
"Serial o‘z ichiga olgan syujetlardagi qahramonlar bizning jamiyat uchun faqat va faqat salbiy ta’sir o‘tkazadi. Ayni damda bu kabi zamonaviy seriallar sharqona milliylikni tiklashga urinayotgan millatimiz uchun aks ta’sir ko‘rsatadi. O‘z qiziga Ishani deya ism qo‘ygan vatandoshimiz o‘sha saviyasi past serialdan ta’sirlanmagan deya kim ayta oladi?", - deb yozilgan azon.uz saytida bosilgan maqolada.
"O‘zimizning hovliga ham bir qaraylik"
"Hovli" seriali qamoqqa olingan ayollarning hibsdagi hayoti haqidadir.
O‘zbekistonlik blogger Bobomurod Abdullaev Ozodlik bilan suhbatda ijtimoiy tarmoqlarda “Hovli” atrofidagi mashmashalar boshlangach, shu serialga qiziqib, uni boshidan ko‘rib chiqqanini aytadi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
- Ochiq aytaman, ilk ko‘rishimdayoq “Hovli” menda ijobiy ta’sir qoldirdi. Mening diqqatimni esa, turk “Hovli”sidagi mahkumalarning qamoqda qanday yaxshi sharoitlarda saqlanishi o‘ziga tortdi. Istagan paytda istagancha muddat avtomat-telefon orqali yaqinlariga qo‘ng‘iroq qilib bilishar ekan, mahkumalarning advokatlari va yaqinlari istagan paytda, qamoq ma’muriyatidan ruxsat so‘ramasdan va istagancha muddat yuzma-yuz muloqot qilib ketishmoqda. Talabalik davrida qamalib qolgan Azro degan mahkumaning universiteti o‘z talabasi qamoqda ham ta’limni davom ettirishini va imtihonlarni o‘z vaqtida topshirib borishini ta’minlamoqda. Qamoq ma’muriyati bunga qarshilik ko‘rsata olmayapti. Qamoq muassasasining karseri to‘shak va oppoq yostiq va yostiqjild bilan ta’minlangan. Buning nimasi yomon? Kimdir ayollarning buzuqligini ko‘radi-yu ayolarning qamoqxonadagi sharoitlariyu huquqlarini ko‘rmaydi. Turk “Hovli”sini va undagi ma’naviyatsiz ayollarni ko‘rgan ko‘zlaringiz, nega turk qamog‘idagi shart-sharoitlarni va huquqlarni ko‘rmaydi? Chunki jasoratingiz faqat ayollarga yetadi. O‘zimizning hovliga ham bir qaraylik, - deydi Bobomurod Abdullaev.
"Hovli" seriali O‘zbekistonda "16+" tamg‘asi bilan namoyish etilmoqda. 2017 yil 8 sentabrda qabul qilingan "Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq filmlar yoshga doir toifa belgisi bilan namoyish etilishi lozim.
Ekran burchagida "16+" yozuvi bo‘lsa demak, ko‘rsatuv yoki filmni 16 yoshdan kichik bo‘lganlar ko‘rishi mumkin emas.
"Hovli" seriali O‘zbekistonda tanqidga uchragan birinchi turk filmi emas.
O‘tgan yilning yanvarida islomiy saytlardagi tanqidlar ortidan “ZO”R- TV” "Sevgi iztirobi" deb ataluvchi turk seriali namoyishini to‘xtatgan edi.
Ushbu serialga ovoz bergan aktyorlarga nisbatan esa islomiy saytlar orqali tahdid qilingan edi
Ijtimoiy tarmoqlarda esa dublyaj xizmati xodimlarining ishi “haromligi”¸ ularning “bolasiga harom luqma yedirgani” haqida yozilib, aktyorlarni sazoyi qilishga chaqirilgandi.
Toshkentning Yunusobod tumanidagi "Mirza Yusuf" jome’ masjidi imom-xatibi Rahmatulloh Sayfutdinov esa o‘tgan yil mart oyida juma va’zida turk seriallarining millat genofondiga yomon ta’siri haqida gapiraturib, xotinlar jinsiy aloqa paytida eri emas¸ turk seriallaridagi chiroyli erkakni xayoliga keltirsa¸ bunday ayollardan "havo rang (gey) bolalar" tug‘iladi”, degan edi.