Prokuratura 6 ta shiferi olindi degan sement ombori tomining yarmi ochib tashlandi

“Poytug‘ sement savdo” ombori buzilishdan to‘xtatilmadi

Ozodlik 15 fevral kuni Andijon viloyat, Izboskan tumanidagi “Poytug‘ sement savdo” MChJga qarashli maydoni 278 kvadrat metrli qurilish mollari ombori, sud qarori kuchga kirmasdan turib, tuman hokimi buyrug‘i bilan buzila boshlagani to‘g‘risida batafsil xabar qilgan edi.

Bu materialda ko‘tarilgan masala yuzasidan 16 fevralda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatidan rasmiy javob keldi.

Unda aytilishicha, ombor buzilmagan, faqat uning kirish qismidagi 6 ta shifer olingan.

Ozodlik 15 fevral kuni e’lon qilgan maqolasiga 30 dan ortiq shifer ko‘chirib olingani aks etgan suratlarni ilova qilgan edi.

16 fevral kuni esa, Izboskan tuman prokurori K. Asqarov Bosh prokuraturaga faqat 6 ta shifer olingani to‘g‘risida ma’lumot bergan.

Javob maktubida aytilishicha, “Qurilish materiallari omborxonasi”ni buzish ishlari qonun talablari asosida amalga oshirilishi tuman prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.​

“Poytug‘ sement savdo” MChJ yuristi Azizbek Qoraxo‘jaev 15 fevral kuni Ozodlikka bergan intervьyusida, sud qarori kuchga kirmay turib, hokimning buzish ishlariga o‘zi buyruq berganligi va bunga tuman prokurorining o‘rinbosari tomoshabin bo‘lib turgani haqida aytgan edi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

“Пойтуғ цемент савдо” омборхонаси бузилмоқда

Ozodlik 16 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 19.30da “Poytug‘ sement savdo” MChJ rahbari Zubayr Sultonov bilan yana bog‘lanib, shu kungi vaziyat haqida so‘radi.

Zubayr Sultonovning aytishicha, ombor tomining yarmidan ko‘pi ochib tashlangan:

"Bugun, 16 fevral kuni ham hokim, militsiya boshlig‘i va prokuror o‘zlari kelib, nazorat qilib turdi. Obodonlashtirish idorasining ishchilari omborxona shiferlarini kun bo‘yi ko‘chirdi. Hozir omborxonaning 50 foiz tomi ochiq holda turibdi. Qopdagi sementlarning ustiga klyonka yopib qo‘ydik. Bir yomg‘ir yog‘sa ochiqdagi sement qotib bo‘ladi. Ular sud qarori kuchga kirmay turib, omborxonani tamoman buzib tashlamoqchi".

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

“Пойтуғ цемент савдо” МЧЖ омборхонаси бузилмоқда

Quyida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining maktubi bilan to‘liq tanishishingiz mumkin:

"Fuqaro A.Komilovga Izboskan tuman hokimining 10.06.2009 yilda 302-K-sonli qaror bilan Poytug‘ temir yo‘l stansiyasi hududidan 0.03 ga yer maydoni “Qurilish materiallari omborxonasi” qurish uchun yer maydoni ajratib berish haqidagi va 26.10.2009 yilda 579-Q-sonli qarori bilan yer maydoniga mulk huquqini tan olish haqidagi qarorlarini qonuniyligini o‘rganish yuzasidan Izboskan tuman hokimining 29.11.2018 yildagi hamda “Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UKning 19.11.2018 yildagi 676-sonli xatlari tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganilgan.

Aniqlanishicha, fuqaro A.Komilovga Poytug‘ temir yo‘l stansiyasi hududidan 0.03 ga yer maydoni “Qurilish materiallari omborxonasi” qurish uchun Izboskan tuman hokimining 10.06.2009 yildagi №302-K-sonli qarori bilan ajratib berilgan bo‘lib, keyinchalik tuman hokimining 26.10.2009 yildagi №579-Q-sonli qarori bilan mazkur yer maydoniga qurib bitkazilgan qurilmalarga nisbatan A.Komilov nomiga mulk huquqi tan olingan va ta’sischiga tegishli ko‘chmas mulkni nizom fondini shakllantirish uchun 07.04.2011 yildagi shartnomaga asosan “Poytug‘ sement savdo” MChJga o‘tkazib berilgan. Shunga asosan tadbirkor binodan foydalanib kelgan.

Tekshirish davomida, “Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UK boshlig‘i 19.11.2018 yildagi 676-sonli xatida Prezidentning “Pop-Namangan-Andijon temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish loyihasini “Osiyo taraqqiyot banki” ishtirokida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 17.10.2017 yildagi PQ-3336-sonli Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Izboskan tuman hududidan kesib o‘tuvchi temir yo‘l yoqasidagi temir yo‘l himoya hududiga kirib qolgan noqonuniy aholi uylari, noturar bino va inshoatlarni olib tashlanishida va temir yo‘l himoya hudidan tashqaridagi turar va noturar bino-inshoatlarni “Shahar va qishloq aholi punktlari hududlarini rivojlantirish va qurilishini rejalashtirish” ShNQ talablari darajasiga keltirilishida amaliy yordam berishni so‘ragan.

O‘rganish davomida, “Poytug‘ sement savdo” MChJga 0.03 ga yer maydoni ajratib berish va jamiyatga mulk huquqini belgilash haqidagi 10.06.2009 yilgi 302-K-sonli va 26.10.2009 yilgi 579-K-sonli tuman hokimi qarorlariga nisbatan 21.12.2018 yilda tuman prokuraturasi tomonidan bekor qilish to‘g‘risida protest keltirilgan.

Shunga ko‘ra, tuman hokimining 24.12.2018 yildagi 1215-K-sonli qarori bilan protest qanoatlantirilib, “Qurilish materiallari omborxonasi” binosini “Poytug‘ sement savdo” MChJ o‘z xisobidan buzib, 0.03 gay er maydonini bo‘shatib qo‘yish belgilangan.

Iqtisodiy sudning 29.01.2019 yildagi hal qiluv qaroriga asosan, javobgar “Poytug‘ sement savdo” MChJ zimmasiga Izboskan tumani, “O.Masaidov” MFY, “Poytug‘ temir yo‘l stansiyasi” hududida joylashgan 0.03 ga yer maydonidagi “Qurilish materiallari omborxonasi”ni o‘z hisobidan buzish majburiyati yuklatilgan.

Bundan tashqari, jamiyat rahbari A.Komilov, “Poytug‘ temir yo‘l stansiya” zahira hududida joylashgan 0.03 ga yer maydonidagi Qurilish materiallari omborxonasi “Temir yo‘l” zahira yer maydoniga noqonuniy ravishda qurilganligi, A.Komilovga o‘ziga mazkur holatda moddiy va manaviy zarar yetkazilgan deb hisoblagan taqdirda yetkazilgan zararni undirish borasida sudga murojaat qilish huquqi borligi tushuntirildi. Mazkur bino hozirgi kunda buzilmaganligi, faqatgina binoning kirish tom qismidagi 6 dona shiferi olinganligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, o‘rganish jarayonida “Qurilish materiallari omborxonasi”da saqlanayotgan sement maxsulotlariga xech qanday zarar yetkazilmaganligi aniqlandi.

Kelgusida, javobgar “Poytug‘ sement savdo” MChJga tegishli “Qurilish materiallari omborxonasi”ni buzish ishlari qonun talablari asosida amalga oshirilishi tuman prokuraturasi tomonidan nazoratga olindi".