Qoraqalpog‘istonda aholining chorvasi suvsizlikdan nobud bo‘lmoqda

Mollar suv topolmay qor yalamoqda

Qoraqalpog‘istonning Kegeyli tumanidan Ozodlikka murojaat qilganlarning aytishicha, aholi chorvasi suvsizlikdan turli kasalliklarga chalinyapti, to‘qaylarda suv izlab botqoqqa botib, nobud bo‘lyapti.

Haftasiga ikki kun bir soatdan quvur orqali ichimlik suv oladigan aholi, chorvasiga suv yetkaza olmayapti.

Tuman hokimi o‘rinbosari bu vaziyatdan xabardor ekanligi va aholining chorvasini suv bilan ta’minlash uchun harakat qilayotganini aytdi.

Suvi qurib qolgan Erkin kanali

Kegeyli tuman markazidan 45 kilometr uzoqlikda joylashgan Bo‘zatov qishlog‘idan Ozodlikka murojaat qilgan chorvadorning aytishicha, qishloqni suv bilan ta’minlab kelgan ariq qurib qolgan:

“Bizning tirikchiligimiz shu chorva ortidan. Kimnidir beshta, kimnidir o‘nta moli bor. Qishloqdan 5-6 kilometr uzoqlikdagi to‘qayga chorvani olib borib boqib kelamiz. O‘tgan yil bizga keladigan ariqdagi suv bir hafta kelsa, bir hafta qurib qoladigan bo‘ldi. Chorvani sug‘orolmay qoldik. Keyin xalq yig‘ilib, mol to‘planadigan joyga bitta kachalka qurdirdik. Har kuni ertalab, o‘sha joyda mollarni sug‘orib, dalaga haydaymiz. Kechqurun poda qaytganda esa kachalkaning suvi pastga tushib ketib qurib qoladi. Mollar suvsiz qolmoqda”.

Uning aytishicha, quvur orqali keladigan ichimlik suvi oila ehtiyojiga zo‘rg‘a yetadi:

“Haftaning chorshanba va shanba kunlari quvurdan suv oqadi. Ichishga, yuvinishga, kir-pirga olib qo‘yamiz. Ko‘proq olishimiz ham mumkinu, lekin bir soatda o‘chadi. Mollarga suv yetkazolmayapmiz. O‘tgan yili may oyidagi tuz yomg‘iridan keyin ko‘p mol kasal bo‘ldi, nobud bo‘ldi. Hozir esa suvsizlikdan yana oriqlab, kasal bo‘lib qolyapti”.

Mollar suv topolmay qor yalamoqda

Aspantay qishlog‘ida yashaydigan, uyida o‘n ikki bosh qoramoli bor odamning aytishicha, ayrim mollar suv izlab botqoqqa botib nobud bo‘lmoqda:

“Qishlog‘imizdan ikki odamning moli botqoqqa botib qolib o‘ldi. Sho‘rlik mollar suv izlab qamishzorga kirib ketib, botqoqdan chiqolmay o‘lib qolgan. Qishloqlarimizga suv olib keladigan Erkin kanali qurib yotibdi. Xalq juda ham qiynalib qoldi. Ularning birdan-bir tirikchiligi shu chorvasi. Boshqa daromad yo‘q. Avvallari ariqlarimizda doim suv turardi, bir yildan buyon esa goh bor, goh yo‘q”.

Kegeyli tuman hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari Boymurod Hayitnazarov, uzoq qishloq aholisining suv ta’minotida muammolar borligini tasdiqladi:

“To‘g‘ri, o‘tgan yil va hozir suv tanqis bo‘lib qoldi. Biz Amudaryodan Do‘stlik kanali orqali suv olamiz. Qishloqlardagi vaziyatdan yaxshi xabarim bor. Daryoda suv oz, o‘tgan yili kuzda sho‘r yuvish uchun kanalga suv olgan edik. Mana, bugun, siz telefon qilib turganingizda yana suv oldik. To‘g‘ri, xalqning muammosini birinchi o‘rinda hal qilish kerak. U qishloqlarga suv boradi va suvning doim bo‘lishini ta’minlashga harakat qilamiz”.

Qoraqalpog‘istonliklarning aytishlaricha, bu hududda ichimlik suv doimo muammo bo‘lib kelgan.

Prezident qarori bilan qabul qilingan “Obod qishloq - 2019” dasturi bo‘yicha respublikadagi 479ta qishloqda obodonlashtirish ishlari olib borilishi aytilgan.

Qarorda, shuningdek, ichimlik suvi ta’minoti tizimini yaxshilash maqsadida 2 ming 219 kilometr yangi tarmoq hamda 221 ta suv inshooti quriladi, 729 kilometr tarmoqlar hamda 163 ta suv inshootlari rekonstruksiya qilinajagi aytilgan.

Qoraqalpog‘iston respublikasi va Xorazm viloyatining bir qator tumanlariga 2018 yilning 26-27 may kunlari yoqqan qum-tuz yomg‘iri, barcha ekinzor va daraxtlarni oppoq tuz qatlami bilan qoplab, odamlar va chorva orasida bir qancha kasalliklar tarqlishiga sabab bo‘lgan edi.