Samarqandda yana bir maktab o‘quvchisi o‘zini osdi

Samarqand viloyati, Pastdarg‘om tumanidagi 13-umumta’lim maktabining 10-sinf qizbola o‘quvchisining jasadi 26 fevral kuni kechki payt o‘z uyida topilgan.

Marhuma yaqinlarining o‘quvchi qiz sinfdoshlari gapiga tayanib iddao qilishicha, o‘sha kuni maktab direktori sinfdoshlarining oldida uning yuziga tarsaki tortganidan so‘ng u uyiga kelib, o‘z joniga qasd qilgan.

Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri bu iddaoni inkor qilar ekan, maktab direktori bu voqea sodir bo‘lishidan to‘rt kun avval ishdan bo‘shatilganini aytdi.

Pastdarg‘om tumanining Hindiboy mahallasida joylashgan 13 - umumta’lim maktabining 10-sinf qizbola o‘quvchisi U.X. o‘z joniga qasd qilgani haqida marhuma mahalladoshlaridan biri Ozodlikka xabar qildi:

“Juda ham yaxshi, odobli qiz edi. O‘sha kuni maktabdan qaytganidan so‘ng o‘zini osgan. Hamma shokka tushib qoldi. Aytishlaricha, maktabda direktor sinfdoshlari oldida uni urgan ekan”.

Ismi sir qolishini so‘ragan marhuma qarindoshlaridan birining aytishicha, qizning otasi bo‘lgan voqeani surishtirish va qizining o‘limiga sabab bo‘lganlarni jazoga tortishni so‘rab tuman prokuraturasiga murojaat qilgan:

“O‘sha kuni qizning sinfdoshlari bo‘lgan voqeani qizning otasiga aytib bergan ekan. Endi bu bolalarni kimdir qattiq qo‘rqitgan yoki bosim o‘tkazgan. Qiz otasining aytishicha, o‘quvchilar avvalgi bergan ko‘rsatmalaridan qaytib, hech narsa ko‘rganimiz yo‘q, deyapti ekan. Shuning uchun ota bu voqeani tekshirish uchun tuman prokuraturasiga ariza yozgan”

Ammo, Pastdarg‘om tumani xalq ta’limi bo‘limining mudiri Dilmurod Mamatqulov direktor o‘quvchini urganini inkor qildi:

“Bu iddaolar noto‘g‘ri, chunki maktab direktori Dilrabo Abdurazzoqova bu voqeadan to‘rt kun oldin ishdan olingan edi. Men o‘zim surishtirdim, bu holatning maktab bilan bog‘liqlik tomoni yo‘q”.

Ozodlik Pastdarg‘om tumani prokuraturasidan bu voqeaga munosabat ololmadi.

O‘zbekistonda yoshlar, ayniqsa maktab, kollej o‘quvchilari orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘paygani kuzatilmoqda.

O‘tgan uch oy davomida Ozodlikka bildirilgan ana shunday yettita voqea haqida xabar berildi.

24 fevral kuni Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahridagi 11-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchisi o‘z uyi ayvoni to‘siniga osilgan holda topildi. 16 yoshli qizning o‘z joniga qasd qilishga olib kelgan sabab va motivlar hozircha ma’lum emas.

Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 9-maktabning 11-sinfida o‘qiydigan bola 7 fevral kuni uyidagi molxonada osilgan holda topildi.

Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida kollej o‘quvchisi bo‘lgan 17 yoshli qiz o‘z uyida osilgan xolda topildi. 22 yanvar kuni ro‘y bergan ushbu hodisa haqida Ozodlikka marhumning kursdoshlaridan biri 31 yanvar kuni xabar qildi.

Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumanining 27-umumta’lim maktabining 14 yashar o‘quvchisi 17 yanvar kuni uyining molxonasida osilgan holda topilgan.

15 yanvarda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining 4-bosqich talabasi osilgan holda topildi. Kursdoshlarining Ozodlikka aytishicha, talaba o‘zini o‘zi osgan bo‘lishi mumkin.

Jizzax viloyat, Forish tumanidagi Maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining 3-bosqich o‘g‘il bola o‘quvchisi 6 yanvar kuni osilgan holda topilgan edi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan kollej o‘qituvchisining aytishicha, 28 dekabr kuni 3-bosqichda o‘qiydigan yana bir o‘quvchi - qiz bola osilgan holda topilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoev ham 2017 yilning 22 dekabrida o‘tgan hukumat yig‘ilishida, mamlakatda o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payganini ta’kidlab, mutasaddi idoralarni ushbu muammoga e’tibor qaratmayotganlikda ayblagan edi.

Joriy yil 16 mart kuni prezident o‘z joniga qasd qilishning oldini olishga qaratilgan maxsus qaror ham qabul qildi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, har yili mamlakatda 100 ming kishidan 6 nafari o‘zini o‘ldiradi.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida dunyo bo‘yicha har 40 sekundda bir odamning o‘zini o‘ldirishi¸ 20 odamning esa o‘z joniga qasd qilishga urinishi aytiladi.