Kosonlik nogiron GAI xodimlari o‘zini do‘pposlaganini iddao qilmoqda

Qashqadaryoning Koson tumanida yashovchi ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan 59 yoshli Olim Mustafoev "militsiya xodimlari uni do‘pposlaganidan so‘ng shifoxonaga tushib qolgani" haqida Ozodlikka shikoyat qildi.

Qashqadaryoning Koson tumanida yashovchi ikkinchi guruh nogironi 59 yoshli Olim Mustafoev "militsiya xodimlari o‘zini do‘pposlaganidan so‘ng shifoxonaga tushib qolgani" haqida Ozodlikka shikoyat qildi. Mustafoevning iddaosicha, u 5 mart kuni “Matiz” mashinasida bozordan uyiga qaytganida uch nafar yo‘l-patrul xizmati xodimi uni “to‘xta” ishorasiga e’tibor bermading, deb kaltaklagan.

Koson tumani Tibbiyot birlashmasining travmatologiya bo‘limiga yotqizilgan Mustafoev 5 mart kungi voqeani Ozodlikka so‘zlab berdi.

- Bozordan kelayotuvdim, o‘rta polosaga chiqib, chapga burilmoqchi bo‘ldim. GAI orqadan sirena bilan kelib, meni burilishimga to‘sqinlik qilayapti. Burildimu pastga tushdim. Uyim yo‘lni bo‘yida. Mashinani o‘chirib tushdim. Mashinadan tushganimni bilaman¸ haligi GAI xodimlari kelib, tepkilay boshlashdi meni, dubinka bilan urib. Keyin meni tuman IIBsiga olib borishdi. U yerda ham urishdi. Boshlig‘iga “to‘xta dedik, to‘xtamadi, nepodchinenie qildi”, - tushuntirayapti. Kaltaklaganlaridan keyin, hushimni yo‘qotdim, meni kasalxonaga olib kelishibdi, hozir travmatologiya bo‘limida yotibman, - dedi Mustafoev.

Olim Mustafoevning aytishicha, militsiya xodimlari uni do‘pposlaganidan so‘ng hushidan ketib qolgan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Olim Mustafoev bilan suhbat


Mustafoev yotgan Koson tumani Tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy kasalxona shifokori Farhod Tursunov Ozodlik bilan suhbatda kaltaklanish belgilari bilan shunday ismli bemorning 5 mart kuni kuni olib kelingani, hozirda ahvoli yaxshi ekanini aytdi.

​- Tomografiya tekshiruvi o‘tkazamiz. Kaltak yegan- yemaganini bilmayman, lekin bemor meni kaltaklashdi¸ deb aytdi va shuning uchun bemor so‘zidan hujjatlarida kaltaklandi, deb yozib qo‘ydik. Kaltaklangan- kaltaklanmaganini bilish bizni ishimiz emas. Badanida shikast yetgan joylari bor, tomografiyadan o‘tkazamiz, keyin ma’lum bo‘ladi. Boshi chayqalgani belgilari bor, - dedi shifokor.

Olim Mustafoev kaltaklanganida boshi qattiq chayqalganini aytadi.

Ozodlik Olim Mustafoev iddaosiga izoh olish maqsadida Koson tuman Ichki ishlar boshqarmasi bilan bog‘landi.

Militsiya navbatchisi Ozodlik muxbiri savolini eshitgach, boshlig‘i bilan maslahatlashuvdan so‘ng¸ telefonni qo‘yib qo‘ydi.

Mustafoevni militsiya xodimlari kaltaklangani yuzasidan uning farzandlari tuman prokuraturasiga shikoyat qilgan.

Shundan so‘ng¸ Olim Mustafoevga ko‘ra¸ tuman prokuraturasidan tergovchi kelib, u bilan qisqa suhbat o‘tkazib ketgan.

- Yozib berasizmi, dedi prokuror. Yozadigan ahvolda emasman, dedim. Shundan so‘ng u meni savol-javob qilib ketdi, - dedi Mustafoev.

Koson prokuraturasidan Mustafoev arzi yuzasidan ma’lumot olib bo‘lmadi.

Militsiya xodimlari bilan fuqarolar o‘rtasidagi insidentlar haqida Ozodlik avval ham xabar bergan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Милиция томонидан калтакланган ҳайдовчи иши юзасидан прокуратура тергов бошлади

O‘tgan yilning oktabr oyida Buxoroda yashovchi 46 yoshli mardikor Rustam Mavlonov "militsiya zobiti o‘zini do‘pposlaganidan so‘ng shifoxonaga tushib qolgani" haqida Ozodlikka shikoyat qilgan edi.

2018 yilning iyun oyida esa Qashqadaryoning Kitob tumanida homilador ayol militsiya zobiti o‘zini kaltaklashi oqibatida qornidagi homilasidan ajralib qolish xavfini boshidan kechirgan haqida Ozodlikka shikoyat qilgandi.