Xivalik 26 yashar Islomjonobod Rajapov militsiya zobiti o‘zi va sherigini do‘pposlagani haqida 26 mart kuni Ozodlikka shikoyat qildi.
Rajapov iddaosicha, 14 mart kuni Xivaning “Ichan qal’a” tarixiy kompleksi hududida o‘zini Faxriddin deb tanishtirgan militsiya mayoridan xalq bilan yaxshi muomala qilishni so‘ragani ortidan¸ mayor o‘zi va sherigini do‘pposlagan.
- Sherigim bilan “Ichan qal’a”da aylanib yurgandik. Yo‘lda mashinalar to‘xtash belgisida to‘xtamasdan o‘tib ketayapti. Yo‘l chetida GAI xodimlari qarab turishibdi. “Xivada yo‘l harakati qoidasi o‘zgarganmi, nega mashinalar "to‘xta" belgisiga to‘xtamaydi”, deb so‘ragan edik, yonida fuqarolik kiyimida bo‘lgan Faxriddin degan militsiya zobiti “Bizga aql o‘rgatasanmi”, deb do‘q qildi. “Odamlar bilan xushmuomala bo‘ling, haqqingiz yo‘q bunaqa qo‘pol munosabatda bo‘lishga” degandik, “Menga aql o‘rgatasanmi”, deb sherigimni yerga bosib urdi. Men videoga olishni boshlagandim, telefonimni tortib olib, meni ham urdi. Keyin “Matiz” mashinasiga bosib, Xiva shahar IIBsiga olib borishdi, - deydi Islomjonobod Rajapov.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Rajapovning 24 yoshli sherigi Ma’murbek Matchonov kaltaklanish oqibatida jiddiy jarohat olmaganini e’tirof qildi:
- Oyog‘imdan chalib, yerga yotqizib urdi. Jiddiy jarohat olmadim, lekin bizning qo‘riqchilarimiz bo‘lgan militsiya xodimlari kaltaklagani alam qilayapti. Kaltaklayotgan paytda do‘stim videoga olgandi. Meni kaltaklagan Faxriddin degan oper endi telefonni ochish uchun kodini so‘rayapti. Biz aytmadik, chunki videoni o‘chirib tashlamoqchi. Prokuratura telefonimizni tekshirishsa¸ ichida kaltaklanganimiz videosi bor, - dedi Ma’murbek Matchonov.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Militsiya bo‘limida uch soat ushlab turilganidan so‘ng quruvchi yigitlar¸ tegishli protokol tuzilganidan so‘ng¸ qo‘yib yuborilgan.
15 mart kuni Rajabov va Matchonov militsiya xodimlari tomonidan kaltaklangani yuzasidan tuman prokuraturasi va viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga shikoyat qilgan.
Ozodlik xivalik yigitlar iddaosi yuzasidan munosabat so‘rab¸ Xorazm viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga telefon qildi.
Xiva shahar Ichki ishlar bo‘limining Jinoyat-qidiruv inspeksiyasida Faxriddin ismli xodim borligini tasdiqlagan boshqarma xodimi shunday shikoyat tushgani va bu bo‘yicha xizmat tekshiruvi olib borilayotganini aytdi.
Militsiya xodimlari bilan fuqarolar o‘rtasidagi insidentlar haqida Ozodlik avval ham xabar bergan.
O‘tgan yilning oktabr oyida Buxoroda yashovchi 46 yoshli mardikor Rustam Mavlonov "militsiya zobiti o‘zini do‘pposlaganidan so‘ng shifoxonaga tushib qolgani" haqida Ozodlikka shikoyat qilgan edi.
2018 yilning iyun oyida esa Qashqadaryoning Kitob tumanida homilador ayol militsiya zobiti o‘zini kaltaklashi oqibatida qornidagi homilasidan ajralib qolish xavfini boshidan kechirgan haqida Ozodlikka shikoyat qilgandi.