O‘zbekistondagi baliqchilar uyushmalari faollari mamlakat suv havzalarida noqonuniy usullar bilan baliq ovlash avj olgani, buning oqibatida suvdagi jonzotlar qirilib ketayotganidan tashvish bildirdi.
Bunday holatlar O‘zbekistonda 1 martdan 28 maygacha baliqlarning uvuldiriq qo‘yish mavsumi sabab baliq ovlashga taqiq qo‘yilgan bir paytda kuzatilyapti.
Toshkentdagi “Havaskor baliqchilar klubi” a’zolari Ozodlikka bu haqda shikoyat qilib, Chirchiq shahri chekkasidagi zovurda noqonuniy baliq ovlash jarayoni aks etgan videoni taqdim etdi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Videoda brakonyerlar ekani gumonlanayotgan shaxslar baliqni dvijok orqali elektr toki yuborib ovlayotganini, suv yuzida o‘nlab oq amur baliqlari o‘lib yotganini ko‘rish mumkin.
“Havaskor baliqchilar klubi” a’zosi G‘ayrat Akbarov tok yuborib ovlash so‘nggi yillarda suv havzalarida avj olgani, oqibatida minglab baliqlar qirilib ketayotganini aytadi.
- Elektroudochka degan balo bor. Shu bilan ovlash ohirgi paytda ko‘payib ketdi. Tok elektrqarmoq yordamida zovurga yuboriladi. Tok urilganda suv yuzasiga yuzlab baliq qalqib chiqadi. Brakonyerlar baliqlarning faqat kattalarini terib oladi. Vaholanki, tok yuborilganidan keyin 15 metr radiusdagi minglab kichik baliqchalar qirilib ketadi, - deydi G‘ayrat Akarov.
Baliq ovlashning bunday g‘ayriqonuniy usuli O‘zbekistonning boshqa suv havzalarida ham keng tarqalganini Sirdaryodagi “Grachok-Ribachok” baliqchilar klubi a’zosi Igor Nesterov ham tasdiqlaydi.
- Bu bizni ham jiddiy tashvishga solyapti. Chunki havzalarda baliq qolmayapti. Afsuski, hech kim e’tibor bermayapti bunga. Hozir mana uvuldiriq mavsumi, baliq ovlash umuman mumkin emas. Lekin brakonyerlar tok yuborib baliq ovlashyapti. Tok yuborilganidan keyin baliqning urug‘i ham o‘ladi, o‘zi ham o‘ladi. Afsuski, hech kim e’tibor bermayapti bunga, - deydi Nesterov.
Ozodlik baliqchilarning bu xavotiri yuzasidan izoh olish uchun O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga bog‘landi.
Qo‘mitaning matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanishini istamagan rasmiysi baliq ovlashning bunday noqonuniy usuli uchrab turishi, lekin bunday noqonuniy baliq ovlash holatlariga qarshi nazorat reydlari muntazam o‘tkazib kelinayotganini aytdi.
- O‘zbekistonda elektr qarmoqdan foydalanish umuman taqiqlangan. Davlat bionazorat inspektorlari ichki ishlar xodimlari bilan birgalikda har kuni reydlar o‘tkazmoqda. Qo‘lga olinganlar yirik jarimalar, hatto jinoiy javobgarikkacha bo‘lgan jazoga tortiladi, jinoyat kodeksining 202-moddasi, brakonerlik choralar qo‘llaniladi, - dedi O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining raymiysi.
O‘zbekistonda baliqchilik 1997 yilda qabul qilingan “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi 545-I-sonli Qonun asosida tartibga solinadi.
Shu qonunga binoan O‘zbekiston suv havzalarida maxsus ruxsatnomalarsiz baliq ovlash taqiqlanadi.
Baliq ovlashni amalga oshirish chog‘ida hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi qoidalarda taqiqlangan qurollarni hamda ovlash usullarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi qonunda aytilgan.