Xorazm viloyati, Urganch davlat universitetining Texnika fakulteti 3-kurs talabasi 16 mart kuni o‘z joniga qasd qilganligi haqidagi xabar Ozodlikka 5 aprel kuni yetib keldi.
Ozodlikka yuborilgan xabarda iddao qilinishicha, darslarni yaxshi o‘zlashtirmagani uchun kursdan qoldirilgan talaba o‘zini osgan.
Ammo, universitet Texnika fakulьteti dekani, bu iddaolarni inkor qilib, o‘z joniga qasd qilgan talaba yaxshi o‘qiganini aytadi.
Ozodlikka 5 aprel kuni Telegram tarmog‘i orqali yuborilgan xabarda yozilishicha, Xonqa tumanidan bo‘lgan talaba o‘z joniga qasd qilgan:
“Bu yigit 16 mart kuni ertalab soat 8 larda uyining molxonasida o‘zini osgan. Hamqishloqlarining aytishlaricha, Urganch davlat universitetining texnika fakulteti uchinchi kurs talabasi bo‘lgan bu yigit kursidan qoldirilgani uchun o‘z joniga qasd qilgan ekan”.
(Ozodlik axloq qoidalari yuzasidan o‘z joniga qasd qilgan talabaning ism-sharifini oshkor qilmaydi)
Urganch davlat universiteti, Texnika fakulteti dekani Muzaffar Qurbonov Ozodlik bilan suhbatda, o‘z joniga qasd qilgan talaba juda yaxshi o‘qiganini, fanlarni yaxshi o‘zlashtirganini aytadi:
- O‘qishi ham yaxshi bo‘lgan, darslarga qatnashishi ham. Semestrni bitta ham qarzi bo‘lmay, to‘liq yakunlagan. Ota-onasi bilan ham gaplashdik. Ular ham hayron, uyda ham hech qanday muammo bo‘lmagan ekan. Kursdoshlari bilan gaplashdik, ular ham g‘ayritabiiy bir narsani sezmaganliklarini aytishdi. Hozir bu ish bilan prokuratura shug‘ullanmoqda.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda yoshlar, ayniqsa oliygoh, kollej-maktab o‘quvchilarining o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘paygani kuzatiladi.
Ozodlik so‘nggi oylarda o‘z joniga qasd qilgan o‘nlab maktab-kollej o‘quvchilari haqida xabar berdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ham Samarqand viloyatida qilgan chiqishida o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘paygani haqida gapirgan va bunday holatlarni oldini olishga chaqirgan edi.
O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 19 fevraldagi qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi Bosh psixiatri” va “O‘zbekiston Respublikasi Bosh suitsidologi” lavozimlari joriy etilgan edi.