Toshkentda farrosh bo‘lib ishlovchi 57 yoshli Baxtiyor Mamatov militsiya xodimlari uni do‘pposlagani haqida Ozodlikka shikoyat qildi. Mamatov iddaosicha, post-patrul xizmati xodimlari uni 9 aprel kuni oqshom Toshkentdagi Lisunova kinoteatri oldida ushlagan va uysiz-joysiz odam, deb o‘ylab kaltaklagan.
Toshkentning Yashnobod tumanidagi “Toza hudud” davlat unitar korxonasi farroshi bo‘lib ishlaydigan Baxtiyor Mamatovning Ozodlikka iddao qilishicha, u 9 aprel kuni ishdan uyiga qaytayotganida militsiya xodimlari to‘xtatgan.
- Sen BOMJsan (ruschadan: Bez opredelennogo mesta jitelstva - tahr.) biz bilan ketasan, dedi. Men BOMJ emasman, ko‘cha tozalayman, usti-boshim shunaqa, ishdan qaytayapman, uyga borishim kerak dedim. Ular bo‘lsa, dubinkasi bilan kaltaklay ketishdi. Hushimdan ketib, yerga yiqildim. Kechasi soat 10lar edi, Lisunova kinoteatrining oldida bo‘ldi bu, - deb da’vo qildi Mamatov.
Ammo, Mamatov militsiya xodimlari kaltaklagani yuzasidan huquq-tartibot idoralariga shikoyat qilmaganini aytmoqda.
- Qanday shikoyat qilaman, kim ham mening arzimni tinglar edi?! Mening hech kimim yo‘q. Yolg‘iz yashayman. Militsiya xodimi ustidan militsiyaga shikoyat qilsam, mening yonimni olarmidi? Kecha qo‘shnimiz qonga belanib kelganimni ko‘rib, sizlarga shikoyat qilishimni maslahat qiluvdi, shuning uchun sizlarga aytayapman bu haqda, - deydi Mamatov.
Ozodlik Baxtiyor Mamatov iddaosiga izoh olish maqsadida Toshkent shahar Yashnobod tuman Ichki ishlar bo‘limi bilan bog‘landi.
Militsiya navbatchisi “post-patrul xizmati xodimlari kimnidir kaltaklagani haqida ma’lumot yo‘q”, deb aytdi.
- Agar kimdir kaltaklangan bo‘lsa bizga shikoyat qilsin, o‘rganib chiqamiz, - dedi militsiya navbatchisi.
Ozodlik Baxtiyor Mamatov shikoyati yuzasidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ham murojaat qildi.
Bir oyda uch shikoyat
Militsiya xodimlari bilan fuqarolar o‘rtasidagi intsidentlar haqida Ozodlik avval ham xabar bergan.
14 mart kuni xorazmlik quruvchilar Islomjonobod Rajapov va Ma’murbek Matchonov Xivaning “Ichan qal’a” tarixiy kompleksi hududida o‘zini Faxriddin deb tanishtirgan militsiya mayoridan xalq bilan yaxshi muomala qilishni so‘ragani ortidan, mayor o‘zi va sherigini do‘pposlaganini Ozodlikka so‘zlab bergan edi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
7 mart kuni Qashqadaryoning Koson tumanida yashovchi ikkinchi guruh nogironi 59 yoshli Olim Mustafoev "militsiya xodimlari o‘zini do‘pposlaganidan so‘ng shifoxonaga tushib qolgani" haqida Ozodlikka shikoyat qilgandi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Surxondaryo viloyat, Oltinsoy tuman, Mirshodi QFYning “Obod turmush” mahallasida yashaydigan 23 yashar Akmal Esonov esa 27 fevral kuni uch nafar profilaktika inspektori uni do‘pposlab, burnini sindirgani haqda Ozodlikka arz qilgan.
2018 yilning oktabr oyida esa Buxoroda yashovchi 46 yoshli mardikor Rustam Mavlonov "militsiya zobiti o‘zini do‘pposlaganidan so‘ng shifoxonaga tushib qolgani" haqida Ozodlik xabar bergach tuman prokuraturasi surishtiruv o‘tkazgan, Mavlonovni kaltaklagan militsiya xodimlari ishdan haydalgan edi.
2018 yilning iyun oyida esa Qashqadaryoning Kitob tumanida homilador ayol militsiya zobiti o‘zini kaltaklashi oqibatida qornidagi homilasidan ajralib qolish xavfini boshidan kechirgan haqida Ozodlikka shikoyat qilgandi.