O‘zbekiston Oliy Majlisi sobiq Senatori, Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi Filologiyaga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi direktori Rahimaxon Qo‘rg‘onova 13 martdan boshlab o‘z faoliyatini qayta boshladi.
Rahimaxon Qo‘rg‘onova 2018 yilning 15 sentabrida DXX va prokuratura departamenti xodimlari tomonidan pora olayotgan paytda ushlangan va uning ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
O‘qituvchilarning iddao qilishicha, maktab direktori sudlanganiga va unga nisbatan jarima qo‘llanilganiga qaramasdan viloyat hokimi Shuhrat G‘anievning ko‘rsatmasi bilan yana o‘z vazifasiga qayta qo‘yilgan.
Tuman va viloyat xalq ta’limi bo‘limi mutasaddilari sobiq direktorning nega yana o‘z lavozimiga tiklangani haqidagi Ozodlik savollariga javob berishdan bosh tortdi.
"Poraxo‘r direktor halollik maskaniga rahbar bo‘lishi mumkinmi?"
Buvayda tumanidagi Filologiyaga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘qituvchilaridan Ozodlikka 11 aprelda kelgan maktubda, o‘tgan yili pora bilan qo‘lga olingan maktab direktori olti oydan so‘ng yana o‘z joyiga qayta qo‘yilgani yozilgan:
“Buvayda tumanidan yozmoqdamiz. Fosh qilingan poraxo‘rlik va ta’magirlik hammaning ko‘z o‘ngida viloyatdagi rahbarlar buyrug‘i bilan bosti-bosti qilindi. Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida muhtaram prezidentimiz tashriflaridan so‘ng, taklifga binoan, Filologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi tashkil etilgan edi. Bu maktabga qo‘shimcha sinflar tashkil qilib, ota-onalardan pul ta’ma qilib, o‘quvchilar qabul qilindi. Fuqaro Hamdamov ham farzandlarini ushbu maktabda kiritmoqchi bo‘ladi. Biroq bu ishlar 100 AQSh dollari evaziga bitishini aytishadi. Hamdamov tuman huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qiladi. Maktab direktori Rahimaxon Qo‘rg‘onova o‘z xizmat xonasida 100 AQSh dollari olayotgan paytda qo‘lga olindi. U ishdan ketdi, lekin yana 13 mart kuni o‘z o‘rnida ish boshladi. Ota-onalar ham, o‘qituvchilar ham hayron. Direktorning maqtanishicha, uning orqasida Shuhrat G‘anievday viloyat hokimi bor ekan.Poraxo‘r direktor jazodan omon qolib, yana halollik va to‘g‘rilik ramzi bo‘lgan ta’lim maskanini boshqarishi bo‘lishi mumkinmi?”
"Kassir" sifatida turib beraman"
Ozodlik DXX va Buvayda tumani prokuraturasi birgalikda o‘tkazgan tezkor tadbir videosini qo‘lga kiritdi.
Bu videoda o‘z ish xonasida bo‘lgan maktab direktori Rahimaxon Qo‘rg‘onova xolislar guvohligida sumkasidan 100 AQSh dollarini olib, “bu pulni Sohibjon degan o‘qituvchi ikkita o‘quvchisini o‘qishga olib kirish maqsadida” berganini aytar ekan, shunday deydi:
“Lekin men bunga aralashganim yo‘q edi, men o‘ziga ham aytdim, men faqat “kassir” sifatida turib beraman, kerakli joyingizda o‘zingiz hal qilaverasiz, dedim”.
Rahima Qo‘rg‘onova dastlab poraning boshqa rahbarlarga ham uzatilishiga shama qilar ekan, video davomida pushaymonligini tan oladi:
“E’tirozim yo‘q. Xato o‘zimniki. Yoshim ham 62da, keyin bosib o‘tgan yo‘lim ham sizlarga qanday tuyuladi, keyin viloyat hokimining betiga qanday....”
O‘qituvchilarning aytishlaricha, bu video viloyatning bir qancha tumanlarida direktorlar yig‘ilishlarida ularga o‘rnak bo‘lishi uchun qo‘yib berilgan.
"Ochiq, tap tortmay 100 dollar pora so‘radi"
Ikki farzandini o‘qishga kirishi uchun pul talab qilgan maktab direktori ustidan prokuraturaga arz qilgan Akramjon Hamdamovning aytishicha, undan pul so‘rayverib holi-joniga qo‘ymagan:
- Iqtidorli bolalar maktabi bo‘lgani uchun, kelajakda bolalarni yaxshi o‘qitish maqsadim bo‘lgani uchun shu maktabga ikki o‘g‘limni o‘qishga qo‘ymoqchi bo‘ldim. Test bo‘ldi. Bolamning bittasi 59,75 bal, bittasi 57,05 ball bilan o‘tolmadi. Ha, o‘tolmadi-da, deb qo‘ydim. Lekin keyin har kuni bolalaringizni o‘qishga olamiz, faqat 100 dollar berasiz, viloyatga “uzatib”, ikkita sinf ochtirdik, deb hol jonimga qo‘yishmadi. To‘xtovsiz telefon qilaverishganidan keyin men departamentga borib aytdim. O‘rtakash qo‘lga tushdi, u opani ushlab berdi. Xullas, hammasi qo‘lga tushdi, maktab poraxo‘rlardan toza bo‘ldi, deb o‘ylaganimizda, yana tap etib opa joyiga kelib o‘tiryapti.
Akramjon Hamdamovga ko‘ra, Buvayda tumani fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi pora olish ishini adolatli ko‘rmagan:
- Sud ham bir o‘yin bo‘ldi. Sudya meni so‘roq qildi, men hammasini aytib berdim. Keyin meni sud zalidan chiqarib yubordi. Direktor yana ikki kishidan ham 100 dollardan olgan ekan, ular mening pulimni qaytarib bersin, boshqa da’vom yo‘q, debdi. Bu odamlar bilan kelishilganmi, sudya bilan kelishilganmi yoki sudga ta’sir o‘tkazishganmi, bunisidan xabarim yo‘q. Meni sudga boshqa chaqirishmadi.
Akramjon Hamdamov tuman prokuraturasi xodimidan Rahimaxon Qo‘rg‘onova jarimaga tortilganini eshitgan:
“Men sudning hukmidan norozi bo‘lib, viloyat sudiga apellyatsiya yozganman. Hozircha, hech qanday xabar yo‘q”.
Ozodlik Buvayda tumani fuqarolik ishlari bo‘yicha sudiga qo‘ng‘iroq qilib, bu haqda ma’lumot ololmadi.
Bo‘m-bo‘sh qog‘ozga nega imzo qo‘ydirib olindi?
Farzandi shu maktabda o‘qiydigan, ismi sir qolishini so‘ragan onalardan birining aytishicha, maktab direktori sifatida ish faoliyatini boshlagan Rahimaxon Qo‘rg‘onova ota-onalardan bo‘m-bo‘sh qog‘ozga imzo qo‘ydirib olgan:
“Majlisda hammaga bir varaqdan oppoq varaq tarqatib qo‘l qo‘ydirib oldi. Biz ham indamay qo‘yib beraverdik. Nima uchun bunday qilganini bizga tushuntirmadi. Menimcha, bu qog‘ozlarga uning maktabga qaytishini go‘yo ota-onalar iltimos qilgan, deb yozib to‘ldirib qo‘yishadi.”
Ozodlik kun davomida Rahimaxon Qurbonovaning mobil telefoniga qo‘ng‘iroq qildi. Ammo, direktor bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.
"Shuhrat G‘aniev bor ekan, meni hech kim hech narsa qilolmaydi!"
Buvayda tumanidagi Filologiyaga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchilaridan birining iddao qilishicha, Rahimaxon Qo‘rg‘onova viloyat hokimi Shuhrat G‘anievning dastagi bilan qayta ishga qaytganini aytgan:
“2005 yilda Buvayda pedagogika kollejiga direktor bo‘lgan 2018 yilga kelib, kollejdan foyda qolmagach ixtisoslashtirilgan maktab ochishni reja qilib, qo‘lga tushdi. Kollejdagi yerni o‘zlashtirib erining nomiga teplitsa qilgan. Viloyatdagi homiylari bilan rosa pul qildi, bular. Qo‘shimcha tashkil qilingan ikkita sinfga 60ta o‘quvchi qabul qilindi. Ishga qaytganidan so‘ng, viloyat hokimi Shuhrat G‘aniev bor ekan, meni hech kim hech narsa qilolmaydi, deb gerdayib yuribdi”.
Ozodlik bilan suhbatlashgan boshqa o‘qituvchilar ham bu iddaoni tasdiqladi.
Ozodlik Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev bilan 11 aprel kuni bog‘lanib, bu iddaolarga munosabat olmoqchi bo‘ldi. Viloyat hokimi u bilan gaplashayotgan shaxs Ozodlik muxbiri ekanligini bilgach, aloqani uzib qo‘ydi.
Rasmiylar Ozodlik savollaridan qochmoqda
Buvayda tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari Ilyosjon Xoldorov Ozodlik bilan suhbatda direktorlarni ishga qo‘yish viloyat xalq ta’limi boshqarmasi vakolatiga kirishini aytib, bu masalaga aralasha olmasligini ta’kidladi.
Farg‘ona viloyati xalq ta’limi bo‘limi boshqarmasi kadrlar bo‘limi boshlig‘i Eldor Xoliqov Rahimaxon Qo‘rg‘onova Buvayda tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri tavsiyasi bilan direktorlik vazifasiga taiynlanganini aytdi. Direktorning pora olishda sudlangani haqidagi savoldan keyin Eldor Xoliqov aloqani uzib qo‘ydi.
Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi mudiri Ma’rufjon Turdimatov Ozodlikning bu haqdagi savollariga javob berishdan bosh tortib, aloqani uzib qo‘yaverdi.
Rahimaxon Qo‘rg‘onova 2010-2014 yillarda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining a’zosi bo‘lgan.
U Buvayda tumanidagi pedagogika kollejining direktori, so‘ngra shu kollej zamirida tashkil etilgan Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi Filologiyaga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi direktori lavozimida, 2018 yilning 27 sentabrigacha ishlagan.