O‘zbekistonda g‘isht, ohak va sement ishlab chiqaruvchi yuzlab xususiy korxona gaz ta’minotidan uzilishi ortidan sinish arafasida turibdi. Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan ayrim hususiy g‘isht korxonalari egalari, gazdan uzilgach, faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lganliklarini aytishdi.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2019 yil, 24 martda qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qarorga muvofiq ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmagan ayrim g‘isht, asfalt, sement ishlab chiqaruvchi korxonalarga tabiiy gazdan foydalanish taqiqlab qo‘yildi.
Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan tadbirkorlar fikricha, korxonalarining gazdan uzilishi ular biznesiga katta zarba bo‘lgan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Urganch shahridagi xususiy g‘isht zavodi egalaridan biri Matkarim Qurbonov xummuzlariga (g‘isht pishiriladigan xandak) gaz yoqishga qo‘yilgan taqiq ortidan korxonasi faoliyatini to‘xtatib turishga majbur bo‘lganini aytdi:
- Buning sababi g‘isht pishirish xummuzlariga gaz berish to‘xtaganidir. Hozir g‘isht pishirish xummuzlari ishlamayapti. Ko‘mirga o‘tinglar, endi gaz bo‘lmaydi deyishdi. To‘g‘ri, ko‘mir arzon, lekin ko‘mir kerakli issiqni bermaydi. Bizning xummuzlar ko‘mirga moslashmagan. Biz shu paytgacha gazda pishirib kelgandik. Shuning uchun ishni to‘xtatdik, hozir korxonamizdagi ellikdan ziyod odam ishsiz qoldi.
Toshkent shahridagi qurilishlarni g‘isht bilan ta’minlaydigan Yangiyo‘l shahridagi o‘nlab g‘isht zavodlari ham faoliyatini to‘xtatgan, ayrimlari ko‘mirga o‘tgan.
G‘isht biznesi bilan shug‘ullanadigan yangiyo‘llik tadbirkor Shuhrat Sobirovning aytishicha, gazdan uzilgan g‘isht zavodlarida ishlab chiqarish to‘xtashi ortidan muhim qurilish materiali hisoblangan pishgan g‘ishtning narxi bir oy ichida o‘ttiz foizga ko‘tarilib ketgan:
- Ikki oy oldin pishgan g‘isht 800 so‘m edi. Hozir ming so‘mning tepasida, ayrim joylarda 1100-1200 so‘mga ko‘tarilib ketdi. Chunki ishlab chiqarish yo‘q. Yangiyo‘lda o‘ttizdan ortiq g‘isht zavodi bor, shundan to‘rttasi ishlayapti. Ishlayotganlari ko‘mir yoqib, amallayapti, lekin ko‘mir bilan ishlab chiqarish avvalgiday bo‘lmayapti. Gaz to‘xtaganidan keyin, ohak ishlab chiqarish ham kamaydi, shu sabab silikat g‘isht narxi ham ko‘tarilib ketdi.
O‘zbekistonda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmagan korxonalarga gaz berish to‘xtatilgani birgina g‘isht va ohak zavodlarini emas, balki yuzlab issiqxonalarni ham qiyin ahvolda qoldirdi.
Ismi sir qolishini istagan sirdaryolik fermer gaz yo‘qligidan issiqxonalar barbod bo‘lish yoqasiga kelib qolganini aytdi:
- Prezidentimiz issiqxonalarni rivojlantiraylik deb jon kuydirayotgan bir paytda parniklarga gazni to‘xtatib qo‘yishyapti. Bu yildan ko‘mirga o‘tdik, lekin ko‘mir qimmatga tushyapti. 200 metr kvadrat maydondagi parnikni qishning uch oyi mobaynida issiq saqlash uchun 3-4 tonna ko‘mir kerak bo‘ladi. Bu yil qishdan bir amallab chiqib oldik, lekin kelasi yil ahvol battar bo‘ladi, chunki gaz yo‘q, ko‘mir qimmat.
- “O‘zbekneftegaz” davlat shirkati rasmiy saytida keltirilishicha, O‘zbekiston yiliga 50 milliard kub metr tabiiy gaz qazib oladi va mamlakat gaz qazib olish hajmi bo‘yicha jahonda 11 o‘rinni egallaydi.
- O‘zbek gazining xorijdagi eng katta xaridori Xitoy hisoblanadi, yiliga O‘zbekiston Xitoyga 10 milliard kub metr gaz etkazib beradi.
- O‘zbek gazining ikkinchi yirik xaridori Rossiyadir.
- O‘zbekistonning o‘zida esa gaz ichki iste’moli yildan-yilga oshib bormoqda¸ tabiiy gazga ichki ehtiyoj miqdori haqidagi raqamlar jamoatchilikka e’lon qilinmay kelinadi.
- Mamlakat o‘z gazini chet elga sotayotgani sababli qishloq joylarida aholi o‘tin va tezak yoqishga majbur bo‘layotganidan shikoyat qilib keladi.