Andijon viloyat, Jalaquduq tumanidagi 7- maktab-internat o‘qituvchisi Nurbek Usmonov 6-sinf o‘quvchisi Begzod Otabekovni kaltak bilan ayovsiz urgani haqida bolaning Turkiyada mehnat muhojirligida bo‘lgan onasi Ozodlikka shikoyat qildi.
Ozodlik suhbatlashgan o‘quvchining aytishicha, u sinfdoshlari bilan soyga cho‘milgani borgani uchun, sinf rahbari hammasini tayoq bilan bilan kaltaklagan.
O‘qituvchi o‘quvchilarni urganini tan olar ekan, Begzod tarbiyasi og‘ir bola ekanligini va uni to‘g‘ri yo‘lga solishning so‘nggi chorasi sifatida kaltaklaganini aytdi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Jalaquduq tuman markazi - Oyim shaharchasidagi 7-maktab-internatning 6-sinf o‘quvchisi Begzod Otabekovning 68 yashar buvisi Zaynabxon Karimovaning aytishicha, uning nevarasini o‘qituvchilar ayovsiz kaltaklagan:
- Nevaram va sinfdoshlari anhorga cho‘milgani boraylik desa, tarbiyachisi javob beribdi. Kechki payt uyga keldi o‘sha tarbiyachi, "javob bergandim, kelishmadi, uyga keldimi deb, kelgandim", dedi. Men, yo‘q, kelmadi, nega javob berasiz, desam, keyin ketdi. Keyin bolalar kelishdi, tezda internatga boringlar deb jo‘natib yubordim. Ikki kundan keyin borsak, bola oqsab yuribdi. Nima qildi, desam, "Nurbek domla urdi", dedi. Qarasak, oyoqlarini ko‘rib bo‘lmaydi, shunaqa urgan bolani, qo‘llari ko‘kargan. O‘shandan buyon bolaga kun berishmayapti. Onasi Turkiyada, har kuni boraman. Aytadiki, domlalar har kuni turtib, baqirib, stolni mushtlab, unga baqiradi ekan. Bola nervinniy bo‘p qoldi. Do‘xtirga olib borsam, bolani asabi buzilibdi, deb dori yozib berdi.
Buvining aytishicha, bolalar soat 9 da uxlashi shart qilib qo‘yilgan bo‘lsada, uning nevarasini soat 11 gacha uxlatmasdan olib o‘tirishar ekan.
Ozodlik bilan suhbatlashgan 6-sinf o‘quvchisi Begzod Otabekov 3 aprel kuni To‘lg‘anoy ismli ustozining ruxsati bilan cho‘milishga borishganini aytadi:
- Ustozdan cho‘milishga boraylik desam, ruxsat berdi. Borib, kelsak Nurbek domla daraxtdan bitta xoda sindirib urdi. Abdumuxtor, Murod, Biloliddinni ham urdi. Meni qattiq urdi, avval qo‘llarimga urdi, keyin oyog‘imga juda qattiq urdi, dod deb yig‘lavordim. Bir kun cho‘loqlanib yurdim.
Begzodning aytishicha, 4 aprel kuni ertalab uni Oybek Umrzoqov ismli domlasi ham kaltaklagan.
Begzod bilan birga cho‘milgani borgan, ismini ochiqlamayotganimiz boshqa bolaning aytishicha, o‘qituvchi Begzodni qattiq urgan:
- O‘rtog‘imni kaltak bilan qattiqroq urgani uchun oyog‘i og‘rib, bir kun yaxshi yurolmay qoldi. Domlalar har zamon bir ayb ish qilib qo‘ysak kaltaklab turadi.
Internat-maktab o‘qituvchisi Nurbek Usmonov Ozodlik bilan suhbatda o‘quvchilarni kaltaklab turishini tan oldi:
- Begzodning onasi ham menga telefon qilib, ancha gapirdi. Men cho‘milgani borgani uchun desam, "men o‘zim javob beraman", deydi. Men, bir-ikki urib qo‘yganim uchun shuncha to‘polon qilyapsiz, agar Xudo ko‘rsatmasin, bola agar oqib ketsa meni yeb tashlardingizku, dedim. Bu bolaga cho‘milgani borma desak, gap ta’sir qilmasa, umuman tartibga solib bo‘lmayapti. Men uning tarbiyasi og‘ir ekanligi haqida militsiyaga ham, xalq ta’limi bo‘limiga ham xabar berganman. Lekin, hech kim shug‘ullanmayapti. Onasi xorijga chiqib ketgan. Hech kimga vasiylikka tashlab ketmagan. Buvisiga ham necha marta aytsam, "tegma mening bolamga, xohlaganiday yursin", deydi. Men o‘zi tushgacha ishlayman, tushdan keyin menga telefon qilishib, bolalar yo‘q deyishdi. Kechgacha izlaganman, ichimdan nima o‘tganini o‘zim bilaman. U erda bitta uni urmaganman, hamma cho‘milganlarni olib kirib, bir-ikki urgandirman. Urmasa ular qo‘rqmaydi, gapga kirmaydi. Oxiri shu urishgacha majbur bo‘ldim. Mana kelib tekshiringlar, ayb menda bo‘lsa meni jazolashsin, bolani tashlab chet elga ketgan onasida ayb bo‘lsa, onasini jazolashsin.
Ayni paytda Turkiyada mehnat muhojiri bo‘lgan Shohida Karimova o‘g‘lini urgan o‘qituvchilar jazoga tortilishini talab qildi:
“Men turmushimdan ajralganman. Katta o‘g‘lim ham shu internatda 9-sinfda o‘qiydi. Uning o‘qishlari yaxshi. Lekin Begzodning kaltaklanganini eshitib chidab turolmadim. Nahot o‘qituvchi bolani shu daraja kaltaklasa, bu ketishda uni urib o‘ldirib qo‘yishi, majruh qilib qo‘yishi ham hech gap emas. Men ham bolam bilan birga bo‘lishni istayman, lekin ularning kelajagi uchun musofirlikda ishlashga majbur bo‘lyapman”.
Shohida Karimovning aytishicha, o‘g‘lining o‘qituvchilar tomonidan ayovsiz kaltaklangani haqida Jalaquduq tuman prokuraturasiga shikoyat qilgan.
Begzod Otabekov ayni paytda maktab-internat yotoqxonasida yotish huquqidan mahrum etilgan, yarim soatlik masofaga buvisining uyidan piyoda qatnamoqda.