Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida 6 oylik bolasini tortib olish uchun kelgan Majburiy ijro byurosi xodimi yuziga tupurgan 30 yoshli Jasur G‘ulomnazirov qamoqqa olindi.
Ozodlikka yo‘llangan videoda G‘ulomnazirovning farzandini sud qarori bo‘yicha onasiga olib berish uchun kelgan MIB xodimlarini haqoratlanayotgani¸ la’natlayotgani va ularga qarshilik qilayotgani aks etgan.
Video so‘nggida G‘ulomnazirov MIB xodimlarini uyidan quvib soladi, dahanaki janjal ortidan ulardan birining yuziga tupuradi, MIB xodimi ham uning yuziga tupurish bilan javob qaytaradi.
Bir kun o‘tib G‘ulomnazirov O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 219-moddasi - hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish bo‘yicha ayblanib, qamoqqa olindi.
Jasur G‘ulomnazirovning ukasi 26 yoshli Saddam Ozodlik bilan suhbatda MIB xodimlari bolani olish uchun kelganida o‘zlarini tanishtirmagani ortidan janjal kelib chiqqanini aytdi.
“Eshikni ochsam yigirmata odam kirib kelayapti, shokka tushib qoldim. MIB, IIB, Prokuratura, o‘t o‘chiruvchilar, Tez yordam, shahar hokimiyatidan. “Kimsanlar, o‘zlaringni tanishtiringlar”, desam kattasi “qonunni yaxshi bilasanmi, hali mening sovunimga kir yuvmabsan” deb do‘q-po‘pisa qildi. Keyin kameraga olishni boshladim. Hammasi jim bo‘lib qoldi. Ular naezd qilgani akamning jahlini chiqardi, oqibatda shunaqa holat bo‘lib qoldi”.
Videoda aks etgan voqea 5 aprel kuni 30 yoshli G‘ulomnazirovlarning Yangiyo‘l shahridagi hovlisida bo‘lgan.
Saddam G‘ulomnazirov MIB xodimlari bilan janjal payti akasi MIB xodimining yuziga tupurganini tasdiqladi.
“Tupurdi, u ham qaytarib tupurdi. O‘zini tanishtirmaganidan keyin davlat odami ekanini qaerdan bilasiz, o‘g‘ri ham bo‘lishi mumkinmi, tupurdi. Agar MIB xodimlari o‘zlarini madaniyatli tutsa¸ shunaqa hol bo‘lmas edi”.
"Damas" mashinasida kirakashlik qilib, oila tebratib kelgan Jasur G‘ulomnazirovning to‘rt oy avval ajrashgan rafiqasi o‘rtadagi olti oylik farzandni sud orqali o‘z qaramog‘iga olishga erishgan.
Ozodlik muxbirining aniqlashicha, Yangiyo‘l shahar sudi bolani onasi qaramog‘iga olish haqida shu yilning fevralida qaror chiqargan.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi matbuot kotibi Farrux Toshpo‘latov Ozodlik bilan suhbatda bolani otasi qaramog‘idan onasi qaramog‘iga olish haqida sud qarori chiqqani, ular shu qarorni ijrosini ta’minlaganliklarini aytdi.
- Sud qaror qabul qildiki, uni muhokama qilmasdan Majburiy ijro xodimlari amalga oshirishi kerak, - dedi Farrux Toshpo‘latov.
5 aprel kuni Jasur G‘ulomnazirov sud qarorini ijro qilish uchun kelgan davlat xodimlari bilan chiqqan janjal ortidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l shahar sudi 6 aprel kuni uni qamoqqa olish haqida qaror chiqargan.
G‘ulomnazirov O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining besh yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan 219-moddasi - hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatishda ayblanmoqda.
O‘zbekistonda MIB xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda turli qarshiliklar yoki janjal kelib chiqqani haqida Ozodlik avval ham xabar bergan.
Shu oy boshida Toshkentda Majburiy ijro byurosi xodimlarining 7 yashar Muhammadni otasidan tortib olishi aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solgan edi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
O‘tgan yil noyabr oyida Samarqandda elektr haqini undirish uchun kelgan MIB xodimlariga bolta bilan hujum qilgan xonadon egasi qamoqqa olinib, uch yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.
Majburiy ijro byurosi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yilning o‘zida MIB xodimlariga qarshilik ko‘rsatilgani bilan bog‘liq 200dan ortiq holat qayd etilgan.