Xorazmning Xiva tumanida o‘qituvchilar hokimlik amaldorlari bosimi ostida o‘z tomorqalarida bozor narxidan ikki baravar qimmat narxda issiqxona o‘rnatishga majburlanmoqda.
Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan o‘qituvchilar iddaosicha, ulardan tomorqasiga o‘rnatilgan issiqxona uchun oylik maoshidan ushlab qolinishiga rozi ekanliklari haqida tilxat ham yozdirib olingan.
Hokimlik rasmiylari va maktab rahbarlari o‘qituvchilarga tomorqasiga issiqxona o‘rnatish taklif qilingani, lekin ularni hech kim majburlamaganini aytishdi.
Xiva tumanidagi 15- umumta’lim maktabida ishlovchi, ismi ochiqlanmasligini istagan o‘qituvchi Ozodlik bilan suhbatda bozorda 1 yarim million so‘m turadigan issiqxonani o‘qituvchilarga 3 million so‘mdan o‘tkazishayotganini aytarkan, dedi:
“Bizning maktabda direktor tomonidan barcha o‘qituvchilar shaxsiy tomorqasiga qulupnay ekish uchun teplitsa qurishga majburlanyapti. Sentabrdan boshlab oylik maoshimizdan 30 foiz ushlab qolinar ekan. Maktab direktorimiz "tepadan buyruq shunaqa", deb "oyligimizdan parnik uchun 30 foiz ushlab qolinishiga rozimiz", degan mazmunda tilxat yozdirib olyapti. Menga parnik kerak emas, men tomorqamga ekilgan ekinlarni buzish niyatim yo‘q”, - dedi xivalik o‘qituvchi.
Xiva tumanidagi boshqa maktab o‘qituvchisi ham maktab rahbariyatining bosimi ostida tomorqasiga issiqxona o‘rnatishlariga majbur bo‘lganini aytdi.
“3x5 metr kattalikdagi parnik. Hokimiyatdan kelib o‘rnatib berishdi. Pulini oyligimizdan bo‘lib-bo‘lib olib qolar ekan. Rozi bo‘ldik, nima ham qilardik”, - deydi xivalik muallim.
Xiva tumanidagi 15- umumta’lim maktabining direktori Davron Ollonazarov Ozodlik bilan suhbatda o‘qituvchilarning tomorqalariga issiqxona o‘rnatilayotganini tasdiqladi.
Lekin, Ollonazarovga ko‘ra, ularni hech kim bunga majburlamayapti.
"Ixtiyoriy bu, hech kim majburlayotani yo‘q. Parnik o‘rnatinglar, qishda mevasini o‘zlaringiz yeysizlar, deb aytdik. Lekin, majburlayotganimiz yo‘q, "kim xohlasa", deb aytganmiz, - dedi Davron Ollonazarov.
Xiva tumanida yashovchi o‘qituvchi Otabek Xolniyozovning Ozodlikka aytishicha, issiqxona o‘rnatish tuman hokimligi tavsiyasiga ko‘ra nafaqat o‘qituvchilarga, balki bog‘cha tarbiyachilariga ham tayinlangan.
Xolniyozov bu yerda hech qanday g‘araz ko‘rmasligini aytadi.
"Men ham o‘rnattirdim. Hokimiyatdan kelib o‘rnatib ketishdi, "kerak bo‘lsa ekib ham beramiz", deyishdi. Buning nimasi yomon, qaytanga qishda svejiy pomidor, bodring yeymiz. "Parnikning pulini darrov to‘la", demayapti. Bo‘lib-bo‘lib oylikdan ushlab qolsa olaversin. Bo‘lib-bo‘lib to‘lagandan keyin bozor narxidan qimmatroq bo‘ladi-da, parnik o‘zimizga qolyaptiku", - deydi Xolniyozov.
Bundan oldin tumanda bank xodimlari ham yoppasiga issiqxona o‘rnatishga majburlangan. Bu haqda Xivadagi "Qishloqqurilish" banki xodimi Ozodlikka aytarkan, bunday dedi:
"Boshlig‘imiz olmasangizlar bo‘lmaydi, deb aytgandi. O‘rnattirgandik. Oldiniga bizga ham yoqmagandi. Hozir o‘ylab qarasak to‘g‘ri qilgan ekanmiz. O‘n kunda qulupnayimiz pishadi, Xudo xohlasa", - dedi bank xodimi.
Xiva tumani hokimligi rasmiylari byudjet tashkilotlari xodimlariga issiqxonalar majburlab o‘rnatilayotgani yuzasidan izoh bermadi.
Hokim yordamchisi Ozodlik savolini eshitishi bilan telefonni qo‘yib qo‘ydi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev "issiqxonalar daromad manbai" ekanini o‘z chiqishlarida qayta-qayta aytib keladi.
2017 yil mart oyida xonadon egalarining buyurtmalariga muvofiq limon o‘stirish uchun issiqxonalar va parranda boqish uchun qafaslarni markazlashgan holda qurib berish va tayyor holda xonadon egalariga topshirish ko‘zda tutilgan hukumat qarori ham chiqqan.
Shu qarorda aholi tomorqa yer uchastkalarida issiqxonalar tashkil etish uchun 5 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan va parranda boqishni tashkil etish uchun 3 yil muddatga, 1 yillik imtiyozli davr bilan kreditlar va’da qilingan.