Hokim fermerlarga majburlab sottirgan ko‘chatlar qurib qoldi

Ko‘karmay qolgan ko‘chatlar

Xorazm viloyat, Yangibozor tuman hokimi fermer xo‘jaliklariga majburlab sottirgan, Turkiyadan keltirilgan behi va shaftoli ko‘chatlarining aksariyati qurib qoldi.

Fermerlarning aytishicha, oradan qariyb bir oy o‘tayotgan bo‘lsa ham ko‘chatlarning 60-70 foizi ko‘karmadi.

Har bir donasi 34 ming so‘mdan fermerlarga o‘tkazilgan ko‘chatlar, juda ham kech tarqatilgani va uzoq vaqt muzxonada turib qolgani uchun ko‘karmay qolgani aytilmoqda.

Ko‘chatlarni tarqatgan firma rahbari va tuman hokimi Ozodlik savollariga javob berishdan bosh tortdi.

Yangibozorlik fermerlarning Ozodlikka aytishicha, tumandagi 180 fermer xo‘jaligining har biri 50 donadan ko‘chat sotib olishga majburlangan.

Bu haqda Ozodlik joriy yilning 24 aprel kuni xabar bergan edi.

Ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, o‘tqazilganiga qariyb bir oy bo‘layotgan bo‘lsa-da, ko‘chatlarning asosiy qismi ko‘karmadi:

“Ko‘chatlarni olib kelib qator qilib ekkan edik, har kuni sug‘orib turdik. Keyin bir necha kun yog‘ingarchilik bo‘ldi. Afsus, ko‘chatlarning 70 foizi qurib oldi, qolgani ham jonsiz, hozir zo‘rg‘a bitta-yarimta yaproq chiqardi. Bu salqin kunlarda shuncha bo‘lgan bo‘lsa, ertaga jaziramada olib ketishi ham gumon endi. Judayam kech berishdi-da, ko‘chatni odatda fevral, kechi bilan mart oyida o‘tqazish kerak. Undan keyingisi bo‘lmaydi. Biz bo‘lmaydi desak ham, hokim bo‘lmasa yeringni topshir deb majburladi”.

Ko‘karmay qolgan ko‘chatlar

​Hokimning buyrug‘i bilan 50 ta ko‘chat olgan boshqa fermerning aytishicha, hokimlik ko‘chatlar pulini qanday undirib olishi, hozircha noma’lum bo‘lib turibdi:

“Har bir fermerga 1 million 700 ming so‘mlik ko‘chat majburiy o‘tkazilgan. Hokim o‘tgan safar Ozodlikka gapirganida intensiv bog‘ yaratish maqsadida ko‘chatlarni fermerlar ixtiyoriy olishyapti, degan ekan. Agar hokim yilning boshida har bir fermer behi va shaftoli ko‘chatidan intensiv bog‘ qilsin deganida, biz vodiyga borib zo‘r ko‘chatlarni arzon narxda olib kelib o‘zimiz o‘tqazgan bo‘lardik. Hozir bizga o‘tkazilgan turk ko‘chatining puliga o‘zimizning mahalliy ko‘chatlardan beshtasini berardi. Ham vaqtdan yutardik, ham ishonchli. Xolodilnikda muzlab yotgan ko‘chatlarni aprel oyida bizga tiqishtirdi. Bu paytda faqat ahmoq odam ko‘chat ekadi. Endi, bu ko‘chatlar pulini bizning hisobimizdan yechib olishiga qo‘rqib turibmiz.”

Yangibozor tumani hokimi O‘ktam Masharipov 24 aprel kuni Ozodlik bilan suhbatda, bu ko‘chatlar intensiv bog‘ yaratish maqsadida Turkiyadan olib kelinganini aytar ekan, fermerlar ko‘chat sotib olishga majburlanayotganini inkor qilgan edi:

- Intensiv bog‘ qilish niyatida Turkiyadan olib kelingan ko‘chat. Hech kim majbur qilingani yo‘q, shartnoma asosida olib ekishyapti. Yana bir tarafi bor, agar, ko‘chatlardan birortasi olmay qolsa, kuzda o‘rniga o‘rin yana ko‘chat beriladi. Bu yerda hech qanday majburlash yo‘q.

8 may kuni Ozodlik yana O‘ktam Masharipov bilan bog‘langanda, hokim savollarga javob berishdan bosh tortdi.

Ko‘chatlarni Turkiyadan olib kelgan Yangibozor tumanidagi o‘zbek-turk qo‘shma korxonasi mulozimi Bozorboy Nurmetov Ozodlik bilan suhbatda shaxsini tasdiqladi, ammo Ozodlikning ko‘chatlar haqidagi savolidan keyin Bozorboy Nurmetov emasligini aytib, aloqani uzdi.