Prezident kelarmish... Andijonlik o‘t o‘chiruvchilar navbatchilikdan keyin qurilishda ishlatilyapti

O‘t o‘chiruvchilar qurilishda

Andijon viloyati tumanlarining yong‘in xavfsizligi bo‘limlari xodimlari namunaviy uylar qurilishida ishlatilyapti.

Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan o‘t o‘chiruvchilarning aytishicha, ular bir sutkalik navbatchilikdan so‘ng yana 8 soat turli qurilish ishlariga majburlanmoqda.

Viloyat yong‘in xavfsizligi boshqarmasi mulozimi, xodimlarning qurilish ishlariga jalb etilganini inkor qilmadi, biroq uning aytishicha, ishchilar bu ishni "ko‘ngilli ravishda" qilmoqda.

O‘t o‘chiruvchilarga ko‘ra, prezident kelishiga namunaviy uylarni tezroq bitirish uchun ular qurilishga safarbar etilmoqda.

Andijon viloyati tumanlari yong‘in xavfsizligi bo‘limlari xodimlari navbat bilan Bog‘ishamol dahasining Qozoq mahallasida qurilayotgan namunaviy uylarda majburiy ishlatilayotgani haqida Ozodlikka o‘t o‘chiruvchilarning o‘zlari shikoyat qildi:

“10 maydan IIV tizimidan FVV ga o‘tkazilgan Andijon viloyati Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi xodimlarini qurilishi tugallanmagan namunaviy uylarga majburan olib borib ishlatish boshlandi. Biz 24 soatlik navbatchilikdan chiqib ertasiga soat 17gacha chang-tuproq yutib, suvoqchilik qilyapmiz, styajka tortyapmiz, beton qoriyapmiz. Qurilishni olgan quruvchilar pulini olib yeb bo‘lgan, nimaga biz borib tekinga ishlashimiz kerak ekan? Aybimiz ichki ishlar tizimidan favqulodda vaziyatlar vazirligiga o‘tganimizmi?”

Tuni bilan navbatchilikda turgan o‘t o‘chiruvchilar qurilishda uxlab qolmoqda

Qurilishda ishlatilayotgan xodimlar quruvchilik faoliyatiga oid suratlarni ham Ozodlikka taqdim etdi.

14 may kuni Ozodlik suhbatlashgan, tumani va ismi sir qolishini so‘ragan o‘t o‘chiruvchilardan birining aytishicha, har kuni qariyb 150 nafar xodim qurilish ishlariga safarbar etiladi:

“O‘zi 24 soat uxlamay navbatchilikda turamiz. Navbatchilik tugashi bilan qurilishga olib ketishadi. Kechgacha uyqusirab devor suvaymiz, qum tashiymiz, shlakoblokdan devor uramiz. Yana hamma xizmat formasi bilan. Kim bormayman desa, ishdan bo‘shatish bilan boshliqlar tahdid qilishadi. Prezident kelmoqchi ekan, shungacha hamma uylar tayyor bo‘lishi kerak ekan. Qolaversa biz quruvchi emasmiz, ishlarimiz ham faqat qo‘l tegdi bo‘lyapti”.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa o‘t o‘chiruvchining aytishicha, ularning xizmat guvohnomalari olib qo‘yilgan:

“Majburan bildirgilar yozdirib olinyapti, qaysi vazirlikda qolasan deb. Aslida 2020 yilning 1 yanvariga qadar vaqtimiz bor. Ichki ishlar tizimida qolaman deb yozilsa, oyliksiz ishlash kerak ekan. Agar bo‘sh o‘rin topilmasa ishdan bo‘shatilamiz ekan, qancha xodimlar sarson. Shuning uchun ham xodimlar ishimizdan zarracha xato topishmasin deb, nima ish buyurishsa qilishyapti”.

(O‘t o‘chiruvchining bu gapi alohida o‘rganiladigan masala bo‘lgani uchun ushbu maqola doirasida bu mavzuga chuqur kirmadik - muallif)

Andijon viloyati yong‘in xavfsizligi boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi xodimlarning qurilish ishlariga jalb qilinayotganini inkor qilmadi. Uning aytishicha, xodimlar qurilishda "ko‘ngilli ravishda" ishlamoqda. Ozodlikning qo‘shimcha savollariga mulozim javob berishni istamadi va “Bu haqda sizga ma’lumot berish vakolatim yo‘q”, deb aloqani uzib qo‘ydi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining Andijon viloyat boshqarmasi navbatchisi, vazirlik tarkibiga o‘tgan o‘t o‘chiruvchilarning noqonuniy ishlatilayotgani haqidagi barcha iddaolarni yozib olgach, Ozodlikka o‘zlari qo‘ng‘iroq qilib javob berishlarini bildirdi. Ammo, kun davomida boshqarmadan qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.