XTV ota-onalardan "bolamni masjidga yubormayman" degan tilxat olishni taqiqladi

Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlaridagi o‘rta maktablarda yoppasiga kuzatilgan tilxat olish amali bu yil ham yozgi ta’til arafasida ommaviy tus oldi.

O‘zbekiston maktablarida o‘quvchilarning ota-onalaridan farzandlari yozgi ta’til kunlarida masjid, diniy ta’lim beradigan domla va otinoyilarga borishining oldini olishga qaratilgan tilxat olish to‘xtatilgan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda maktab direktorlari, sinf rahbarlari majburiy ravishda ota-onalardan farzandlarini yozgi ta’til kunlari to‘liq nazorat qilishlari bo‘yicha tilxat olayotgani haqida ma’lumot tarqagan edi.​

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi ota-onalardan bunday mazmunda tilxatlar olish noto‘g‘ri ekanini tan oldi.

Vazirlikning 22 may kungi bayonotida bu ish maktab direktorlari hamda o‘qituvchilarning o‘zboshimchaligi bo‘lgani ta’kidlangan.

"Xalq ta’limi vazirligi ota-onalardan farzandlarini yozgi ta’til kunlarida nazorat qilishlari bo‘yicha tilxat olishga ko‘rsatma berilmaganini rasman ta’kidlaydi.

Bu ish maktab direktori va sinf rahbari tomonidan o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan xatti-harakatdir", – deyiladi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati bildiruvida.

Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlaridagi o‘rta maktablarda yoppasiga kuzatilgan tilxat olish amali bu yil ham yozgi ta’til arafasida ommaviy tus oldi.

Marg‘ilon shahrining 4-son maktabida ota-onalardan olingan tilxat.

Ota-onalar bunday mazmunda tilxatlar olish O‘zbekiston qonunchiligiga zid ekanini aytib, ijtimoiy tarmoqlarda ularning suratlarini e’lon qilishgandi.

Tilxatda "farzandimni yozgi ta’til davomida diniy ta’limot beradigan otinoyi va domlalarga bermaslik va jinoyatchilikni keltirib chiqaruvchi kompyuter o‘yinlarini o‘ynamasliklariga kafolat beraman", deyilgan.

Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mas’ullaridan biri Ozodlik bilan suhbatda ota-onalardan shunday tilxatlar olib kelinganini e’tirof etdi.

Lekin mulozim tilxat olish hozir to‘xtatilganini bildirdi.

- Olingan, lekin hozir to‘xtatildi. Hozir hamma maktablarga topshiriqlar berildi, endi tilxat olish bo‘lmaydi, - dedi Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi.

Namangandagi maktablardan birida o‘qiydigan 2-sinf o‘quvchisining ota-onasidan olingan tilxat.

Farg‘ona va Namangan viloyatidagi maktablarda o‘tgan yili ham ota-onalardan farzandlarini yozgi ta’til kunlari masjidga yubormaslik haqida tilxatlar majburlab olingani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

​Farg‘ona viloyat Xalq ta’limi boshqarmasining ismini aytmagan mulozimi ota-onalardan bu kabi tilxatlarning olinishiga vodiyda o‘z farzandlarini bepul diniy tarbiya berishni taklif qiladigan domla va otinoyilarga beruvchilar ko‘paygani sabab ekanini aytdi.

Mulozim Ozodlik bilan suhbatda ota-onalarga farzandlarini qiziqishi bo‘yicha to‘garaklarga berish tavsiya etilganini qo‘shimcha qilgandi.

- Bolam yozda bekor yurmasin, halol-haromni tushunsin, deb farzandlarini har xil otinoyi, domlalarga berayotganlar ko‘p. Oqibatda farzandlari har-xil diniy guruhlarga qo‘shilib ketayotgani holatlari ham bo‘lyapti. Undan ko‘ra, bola yozda hunar o‘rgansin, yozgi lagerga borsin, deyapmiz. Bundan tashqari farzandlarini qarovsiz qoldirib, turli davlatlarga chiqib ketayotganlar bor. Ularga ham tushuntiryapmiz, - degandi Farg‘ona viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi.

"Ota-onalardan bunday tilxatlar olishga kim buyruq bergan", degan Ozodlik savoliga Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi javob bera olmadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur maktablarda ota-onalardan farzandlarini diniy ta’limot beradigan otinoyi va domlalarga bermaslik haqida tilxatlar olinayotganini Ozodlik bilan suhbatda tanqid qilgan edi.

- Hozir mamlakatda yoshlarni ham diniy ma’lumotli qilaylik, Xudoni tanisin, halol-haromni tushunsin, jinoyatga qo‘l urmasin, degan yaxshi gaplar bo‘lib turibdiyu, bu gapdan men hayron qolyapman, - degan edi Abduaziz Mansur bundan 1 yil muqaddam.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi tilxatlar olish holatlari sodir bo‘lganida ota-onalar maktab vakillariga bunday harakati noto‘g‘ri ekanini tushuntirishlari lozimligini bildirdi.

  • Shunday xatti-harakatlar yuzasidan vazirlikning 10-06 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilish zarur.
  • XTV tomonidan aniqlangan har bir g‘ayriqonuniy holat yuzasidan maktab direktori, sinf rahbari va mutasaddilarga nisbatan qonunchilik doirasida jazo choralari ko‘riladi, - deyiladi XTV bayonotida.

O‘zbekistondagi maktablarda ota-onalardan bu kabi tilxatlar birinchi marta olinayotgani yo‘q.

Ilgari O‘zbekistondagi ayrim maktablarda ota-onalardan "Farzandimning maktabga kelishi va ketishini nazorat qilishni o‘z zimmamga olaman", -degan mazmunda tilxatlar olingani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

Bunday harakatlar o‘quvchilar maktab tashqarisida bo‘lgan vaqtda o‘qituvchilardan javobgarlikni soqit qilish uchun qilinishi aytiladi.