Tibbiyot xodimlarining yaganaga chiqarilgani oshkor bo‘lishi ortidan ular ishiga qaytarildi

Xalqaro tashkilotlarning majburiy mehnatga qarshi kurashish haqidagi tinimsiz chaqiriqlari va hukumat taqiqiga qaramay, O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida byudjet tashkilotlari xodimlari g‘o‘za chopig‘i va yaganaga jalb qilinishi har yili kuzatiladi.

Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumani Tibbiyot birlashmasi shifokorlari Ozodlik surishtiruvi ortidan majburiy mehnatdan o‘z ish joyiga qaytarilganlarini bildirdi.

Tibbiyot xodimlarining majburan yaganaga olib ketilayotgani xabari kelishi ortidan Ozodlik uni o‘rganishga kirishgan va bu jarayonda 27 may kuni Ellikqal’a tumani hokimligidan izoh so‘ragan edi.

Tibbiyot xodimlari¸ hokimlik majburiy mehnatga oid xabarning Ozodlikda chiqish ehtimolidan cho‘chib¸ ularni yarim yo‘ldan ish joyiga qaytarganini bildirdi.

"Muxbir savoli ortidan avtobus yo‘ldan qaytarildi"

Ellikqal’a tumani Tibbiyot birlashmasiga qarashli Bo‘ston shahridagi tuman markaziy shifoxonasining ismi ochiqlanmasligini istagan xodimlari 26 may kuni o‘zlarining yaganaga olib ketilayotgani haqida Ozodlikka xabar yubordi.

Ozodlik bu xabarni o‘rganish jarayonida rasmiy munosabat so‘rab¸ 27 may kuni tuman hokimligi mas’ullari bilan bog‘landi.

Hokim yordamchisi vaziyatni o‘rganib¸ keyin bu haqda ma’lumot berishini bildirib¸ suhbatni qisqa qildi.

Bu suhbat ortidan¸ ellikqal’alik manbalarning bildirishicha¸ 27 may kuni hamshira va sanitarlarni yaganaga olib ketayotgan avtobus yarim yo‘lda ortga qaytarilgan.

Hamma medrabotniklarni “Ford” avtobusiga bosib o‘toqqa olib ketishayotganda, birdaniga yarim yo‘lda hammani tushirib otboy qilib yuborishdi. Hokimlikdan shunaqa signal bo‘ldi, deb aytishdi. Bular qo‘rqib qolishgan ko‘rinadi, xabar matbuotga chiqib ketganidan”, - dedi ismi ochiqlanmasligini istagan ellikqal’alik shifokor.

Ellikqal’a tumani Bo‘ston shahridagi markaziy shifoxona bosh vrachi Ziyoviddin Rahimov Ozodlik bilan suhbatda hamshira va sanitarlarni yaganaga olib chiqish haqida tuman hokimligidan taklif bo‘lgani, lekin kutilmaganda 27 may kuni bu "ko‘ngilli tadbir" to‘xtatilganini tasdiqladi.

Shunaqa taklif bo‘lgan edi, agar xohlovchilar bo‘lsa, pul topaman deydiganlar bo‘lsa¸ chiqsa ixtiyori¸ degan gap bo‘ldi. Keyin otkaz bo‘ldi bu. Hozir hamma medsestra, sanitarlarimiz ish joyida, 100 foiz ish joyida”, - dedi Ziyoviddin Rahimov.

"Majburiy mehnat tahdidi tugagani yo‘q"

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan ellikqal’alik shifokorlar yaganaga chiqish ixtiyoriy bo‘lmagani, hali ham hokimlik shifokorlarni majburlab dala ishlariga chiqarish ahdidan to‘laligicha qaytmaganini aytishdi.

Bizda ixtiyoriy degan narsa yo‘q. Ixtiyoriy bo‘lsa kim chiqadi? Majburiy hammasi. Bular xabarlar matbuotga chiqib ketishidan qo‘rqib turishibdi, xolos. Lekin yashirincha imi-jimida, chiqarishmoqchi, chunki qishloqda o‘toq qiladigan odam yo‘q, o‘qituvchilar va medrabotniklardan boshqa odam yo‘q”, - deydi ellikqal’alik shifokor.

Tibbiyot xodimlari yaganaga chiqarilgani yuzasidan Ozodlik muxbiri 27 may kuni Ellikqal’a tumani hokimligiga qo‘ng‘iroq qilgan edi.

Xalqaro tashkilotlarning majburiy mehnatga qarshi kurashish haqidagi tinimsiz chaqiriqlari va hukumat taqiqiga qaramay, O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida byudjet tashkilotlari xodimlari g‘o‘za chopig‘i va yaganaga jalb qilinishi har yili kuzatiladi.

G‘arb davlatlaridagi huquq himoyachilari¸ biznes va investitsiya guruhlaridan tuzilgan Cotton Campaign koalitsiyasi 2010 yili bolalar va majburiy mehnat evaziga terilgan o‘zbek paxtasiga boykot e’lon qilgan va bu boykotga umumiy kapitali 1 trillion dollarga teng bo‘lgan Nike, Zara, GAP, Levi's, H&M, UNIQLO kabi yirik kiyim-kechak va to‘qimachilik shirkatlari qo‘shilgan edi.

Hozirda O‘zbekistonda bolalar mehnatidan foydalanish tugatilgan, lekin faollar majburiy mehnat davom etayotganini aytishadi.

O‘tgan yili inson haqlari faollari xususan, Toshkent, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida o‘qituvchi va shifokorlarning paxta terishga majburlanganiga oid dalillarni to‘plashgandi.

26 may kuni o‘zbekistonlik bir guruh inson huquqlari himoyachilari, jumladan Inson huquq himoyachilari alьyansi¸ O‘zbekistonda majburiy mehnat davom etayotgani sabab¸ o‘zbek paxtasiga boykot o‘z kuchida qoldirilishi talabi bilan chiqdi.

O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoeva 16 may kuni Facebook sahifasida qilgan bayonotida tibbiyot xodimlari va o‘quvchilar va o‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb etilishini "barkamol avlodni tarbiyalashda eng ko‘p tashvishga solayotgan besh muammoning biri" sifatida tilga olgan edi.