Surxondaryo viloyati, Oltinsoy tumanidagi sobiq ''Baxtibek Isoqov” fermer xo‘jaligining hokimlik bilan shartnoma asosida ekilgan 2 gektar maydondagi karam, piyoz va sabzisi 27 mart kuni buzib tashlangan edi.
Voqea yuzasidan so‘nggi oy mobaynida turli tashkilotlarga yuzdan ortiq shikoyat yozgan fermer Sirojiddin Abdug‘afforov¸ arziga hozirgacha hech kim quloq solmaganini aytadi.
Tuman hokimi fermerning ko‘karib turgan ekin maydoni buzib tashlanganini tasdiqlar ekan, bu ekinlar paxta maydoniga o‘zboshimchalik bilan ekilganini aytdi.
''Baxtibek Isoqov” fermer xo‘jaligi tuman hokimining qarori bilan, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining ekin maydonlarini maqbullashtirish qaroriga asoslanib, joriy yilning fevral oyida boshqa fermerga qo‘shib berilgan.
Ozodlik bilan suhbatda 42 yashar Sirojiddin Abdug‘afforov o‘z hisobidagi 29 gektar yerning 2 gektariga o‘tgan yilning kuz-qishida piyoz, sabzi, karam ekkanini aytadi.
“Har yili paxta, g‘alla ekkanmiz, pilla qilganmiz, davlatdan qarzimiz yo‘q. Davlat bilan shartnoma qilib, o‘tgan yili takroriy ekinga piyoz, karam, sabzi ekkan edik. Bir og‘iz ogohlantirishsiz, bir kechada kelib hokimning buyrug‘i bilan 27 mart kuni haydatib tashladi. Uydagi mollarimizni sotib, davlatdan bir so‘m pul olmay butun oila a’zolarimiz bilan ishlagan edik. Karamning yetilishiga 2-3 kun, piyozga bir hafta vaqt qolgan edi. Lekin butun hosilni yer bilan yakson qilib tashladi. Kuyib-kuyib qoldik, biz”.
Fermerning aytishicha, hokimiyat bilan tuzilgan shartnomada paxta dalasiga sabzavot ekkani uchun davlatga 38 million so‘m pul to‘lash majburiyati yuklatilgan:
“Aslida, hokimiyat bu ekinlarni takroriy ekin bo‘lsin deb, majburlab ektirgan edi. Har kuni o‘ntadan vakil kelib, ekasan, degan. Oxirgi molimni sotib bo‘lsa ham ekdim, birgina xarajatning o‘zi 60 million so‘mdan oshdi. Bir oilada 25 jonmiz, o‘g‘illar, qizlar, kelinlar ishladi, o‘tadi, chopdi. Davlatdan bir so‘m ham olmaganman, bir xalta “amofos” dorini 250 ming so‘mdan olib kelib, sepgan edim. Eng muhimi, mening bu ekinlarni ekish uchun 2019 yil uchun shartnomam bor. Lekin, hokim o‘zi tuzdirgan shartnomani o‘zi tan olmayapti. Yerimiz qo‘shib berilgan fermer paxtani 23 aprelda ekdi. Bir hafta qolgan ediya, tayyor bo‘lishiga, shuncha ekin, shuncha mehnat , shuncha xarajat uvol bo‘ldi”.
Fermer hisob-kitobicha, dalasida haydab tashlangan sabzavotni bugungi narx-navo bo‘yicha sotganida 2 gektar yerdan 150 million so‘m atrofida foyda ko‘rgan bo‘lardi:
“Kim zarar ko‘rdi, dehqon ham, davlat ham. Davlat byudjetiga 38 million so‘m tushmadi. Men sindim, hosil yo‘q bo‘ldi. Hozir esa mening haydalgan yerimni joyiga paxta ekibdi, yoniga esa qalampir. Nima o‘zgardi, baribir qalampir ekilibdiku”.
Fermerning aytishicha, u hokimlikning noqonuniy harakatidan shikoyat qilib turli davlat idoralariga 136ta shikoyat maktubi yozgan:
“Hech kim bizni tinglamadi, yozgan arizalarim hokimga qaytib kelaveradi, u o‘ziga moslab javob yozib yuboraveradi. Kuni-kecha viloyat prokuraturasi xalqni qabul qildi. Men ham oila a’zolarimni ergashtirib bordim. Lekin bizni ichkariga kirtishmadi. Prezident xalqni qiynamanglar, xalqqa sharoit qilib beringlar, ishlasin deyapti, lekin mahalliy hokimlar xalqni qaqshatyapti”.
Oltinsoy tumani hokimi Erkin Bayniyozov Ozodlik bilan suhbatda, fermerning ekin maydoni buzib tashlanganini tasdiqladi va buning sababini quyidagicha izohladi:
“Bu yigitning ishidan xabarim bor. Maqbullashtirishga tushib, uning yeri boshqa fermerga qo‘shib berilgan. O‘tgan yili hech qanday shartnomasiz bu yil paxta ekilishi lozim bo‘lgan dalaning o‘rtasiga piyoz, karam va sabzi ekkan. U shartnomasi soxta, qaerdadir qildirib olgan. Biz bu yil chigit ekilguncha dalani bo‘shatib qo‘y deb bir necha bor ogohlantirdik, lekin bo‘shatmadi. Chigit ekishga kech bo‘layotgani uchun buzib tashlandi. To‘g‘ri, u yigit ancha zarar ko‘rdi. Biz u yigitga bu yil kuzda bo‘shagan maydonlardan yer beramiz, zararini chiqarib olishiga ko‘maklashamiz.”
Ozodlik bilan suhbatda hokim¸ fermerning hokimlik muhri bosilgan shartnomani qanday qilib qo‘lga kiritganiga oydinlik kiritmadi.
Namanganda joriy yilning aprel oyida paxtani ko‘paytirish maqsadida yuzlab gektar poliz ekinlari va sabzavot buzib tashlangan edi.
2017 yilning aprelida esa, Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida tomorqaga kungaboqar ekkan ikki fermerning yeri haydab tashlandi.