Namanganning Yangiqo‘rg‘on tumanida mahalla fuqarolar yig‘inlarida ishlovchi yuzga yaqin mutaxassis ayol va haq to‘lanadigan jamoatchilik ishlariga jalb qilingan ayollar hokimlik amaldorlari tomonidan kottejlar qurilishida ishlashga majburlanganliklarini aytishdi.
Ozodlikka yuborilgan fotosuratlarda ayollar qurilishda g‘isht tashiyotganini ko‘rish mumkin.
Yangiqo‘rg‘on tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Nigora Abdurahmonova Ozodlik bilan suhbatda ayollar quruvchilarga yordam berish uchun bir kunlik hayriya hashariga olib chiqilgani, tushgan mablag‘lar nogironligi bor, kam ta’minlangan ayollarning uy-joylari boshlang‘ich badaliga o‘tkazib berilishini aytdi.
Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi yetmishdan ortiq mahalla fuqarolar yig‘inlarida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha ishlovchi mutaxassislar va jamoatchilik ishlariga olingan ayollar 26 maydan tumanda qurilayotgan kottej va ko‘p qavatli turar-joy binolari qurilish ishlariga safarbar etilgan.
Ozodlik bilan suhbatda yangiqo‘rg‘onlik mutaxassis ayollardan biri ishidan ayrilib qolmaslik uchun kun issig‘ida qurilishda ishlashga majbur bo‘layotganini aytdi.
- To‘rt kundan buyon har kuni ertalab 7 dan kechqurun 6 gacha qurilishda ishlatishyapti. Erkaklar Rossiya, Qozog‘istonda qurilishda, bu yerdagi qurilishlar bizga qolgan. Ishdan haydayman deb qo‘rqitib, shu kottejni bizga qurdiryapti. Aybimiz mahalla qo‘mitasida xotin-qizlar bo‘yicha ishlayotganimizmi? Haqiqiy quldorlik tuzumi emasmi bu?.
O‘tgan yil noyabridan O‘zbekistonda maslahatchi lavozimi o‘rniga har bir fuqarolar yig‘inida 1 tadan, oilalar soni 2000 va undan ortiq bo‘lgan fuqarolar yig‘inlarida esa 2 tadan xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etilgan edi.
Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan mutaxassis ayollardan yana biri tuman hokimiyati ayollar qo‘mitasi raisi qurilishga chiqishdan bo‘yin tovlaganlarni ishdan haydash bilan tahdid qilganini aytdi.
- U bilan yomonlashib qolmaslik uchun chiqyapmiz. Kimga yoqadi kunning issig‘ida g‘isht tashish, majburmiz. Chiq desa chiqamiz. Shu ishimiz orqali oilani sudrayapmiz. Agar ishdan haydasa, boshqa ish yo‘q.
Yangiqo‘rg‘on tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Nigora Abdurahmonova Ozodlik bilan suhbatda ayollar quruvchilarga yordam berish uchun bir kunlik xayriya hashariga ko‘ngilli olib chiqilgani, lekin ularga ishdan haydash bilan tahdid qilinmaganini aytdi.
- Har bir mutaxassis ayol o‘zining mahallasida istiqomat qiladigan ishsiz, ish so‘rab kelgan ayollarni jamoatchilik asosida oylik to‘lanadigan ishga olgan, o‘shalar hasharga chiqyapti. Hashardan tushgan pulni nogironligi bor, kam ta’minlangan ayollarning uy-joylari boshlang‘ich badaliga o‘tkaziladi. Mutaxassislar o‘sha hududni vakili sifatida ularga bosh bo‘lib, birga olib kelib, tepasida qarab turishi va olib ketishi kerak. Ularni hech kim qurilishda ishlashga majburlayotgani yo‘q. Hashar bu. Quruvchilarga yordam beryapti, xonalarni tozalash boshqa ishlarni qilyapti.