Andijon viloyati Jalaquduq tumanida yashovchi ayol quyonchilik uchun “Agrobank”dan uch foizlik imtiyozli kredit ololmagani yuzasidan Prezident qabulxonasiga qilgan shikoyati ortidan bankning tuman bo‘limiga 12 iyun kuni chaqirtirilgani va undan olmagan kredit uchun Prezident nomiga minnatdorchilik xati yozish talab qilinganini aytdi.
Qurbonova so‘zining tasdig‘i sifatida “Agrobank” xodimi ekani aytilayotgan shaxs bilan prezidentga minnatdorchilik xati yozish masalasini muhokama qilayotgani yozib olingan audioni ham Ozodlikka jo‘natdi.
Uning iddaosicha, ovozi yozib olingan bank xodimi “Agrobank”ning Jalaquduq tuman bo‘limi rahbari muovini Islom Bo‘tabekovning yordamchisidir.
“Agrobank”ning Jalaquduq tuman bo‘limi rahbari muovini Islom Bo‘tabekovning Ozodlikka bildirishicha, quyonchilik uchun kredit so‘rab kelgan ayol prezidentga shikoyati yuzasidan bankka chaqirtirilgani rost, lekin undan prezident nomiga minnatdorchilik xati yozishni talab qilinmagan.
Asl kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Gavhar Qurbonova iddaosicha, “kredit oldim, quyonlarni boqyapman, prezidentimizga rahmat” degan mazmundagi minnatdorchilik xati evaziga bank rahbari muovini Islom Bo‘tabekov unga ikki-uch kun ichida keladigan resursdan birinchi navbatda kredit ajratib berishni va’da qilgan.
“Ikki kunda qo‘shimcha resurs keladi, sizga o‘shandan birinchi bo‘lib beramiz. Hozir “kredit oldim, quyonlarni boqyapman”, deb prezidentga xat yozib bering, dedi. Yozib bermadim, chunki mendan minnatdorchilik xatini yozdirib olib masalani yopishmoqchi, keyin kredit bo‘lmasligini bilaman, chunki resurslarni sarflab bo‘lishgan ular ”, - deydi Gavhar Qurbonova.
Qurbonova O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev topshirig‘i bo‘yicha ishlab chiqilgan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi bo‘yicha 27 million so‘mdan ko‘proq kredit olib, uyida quyonchilik bilan shug‘ullanishni niyat qilganini aytadi:
“O‘qituvchiman. Uyda qo‘shimcha ish qilib, o‘ttiztacha zotdor quyon olib, ko‘paytirmoqchi edim. Prezidentimiz buning uchun uch yilga uch foizlik kredit berilishini aytgan edi. Lekin, bankdagilar kreditni paysalga solishdi. Uch kun avval bu haqda Prezident qabulxonasiga shikoyat qilgan edim. Bugun 12 iyun kuni bular meni chaqirtirib, olmagan kredit uchun prezidentga minnatdorchilik yozdirib olib, shikoyatimni yo‘qqa chiqarishmoqchi bo‘lishyapti”.
Qurbonova so‘zining tasdig‘i sifatida “Agrobank” xodimi ekani aytilayotgan shaxs bilan prezidentga minnatdorchilik xati yozish masalasini muhokama qilayotgani yozib olingan audioni ham jo‘natdi.
Audioda Qurbonova “Men qanday qilib olmagan kredit uchun minnatdorchilik xati yozib beraman”, desa bank xodimi ekani ishonilayotgan shaxs “boshlig‘imiz qilib beraman, resurs keladi, aniq deyaptiku, nega ishonmaysiz”, deya javob qiladi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Qurbonova iddaosicha ovozi yozib olingan bank xodimi “Agrobank”ning Jalaquduq tuman bo‘limi rahbari muovini Islom Bo‘tabekovning yordamchisidir.
Ozodlik Gavhar Qurbonova iddaosi yuzasidan “Agrobank”ning Jalaquduq tuman bo‘limi rahbari muovini Islom Bo‘tabekovga bog‘landi.
Bo‘tabekov ayoldan prezident nomiga minnatdorchilik xati yozishni talab qilinmaganini aytdi.
“Bu ayol kredit berishmayapti, deb uch kun avval Prezident xalq qabulxonasiga murojaat qilgan ekan. Oldiniga tikuvchilik uchun kredit olmoqchi bo‘lgandi. Keyin, tikuvchilikni qoldirib, quyonchilik uchun kredit so‘ragan. Shu kreditni so‘raganida biz prezidentimizning 4231 – sonli qaroriga asosan kredit ajratilishidan oldin mahsulot yetkazilib, xizmat ko‘rsatilib bo‘lganidan keyin dastlabki monitoringni o‘tkazib, kredit mablag‘ni ajratib berishimizni aytganmiz. Hozircha resurs mablag‘lari tugagan, bir-ikki kunda keladi, kelishi bilan quyonlaringizni borib ko‘ramiz va pulni chiqarib beramiz, deganmiz, boshqa gap bo‘lmagan. Hech qanaqa minnatdorchilik xati, tashakkurnoma so‘ralmagan. Biz shu murojaati yuzasidan suhbat bayoni o‘tkazishimiz kerak bo‘lgan, u shuning uchun chaqirtirildi”, - dedi “Agrobank”ning Jalaquduq tuman bo‘limi rahbari muovini Islom Bo‘tabekov.
- O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev o‘tgan yil may oyida Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyatda “Har bir oila – tadbirkor” dasturini ishlab chiqish bo‘yicha mahalliy hokimlarga topshiriq bergan va ushbu dasturni amalga oshirish uchun viloyatga 800 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishini ma’lum qilgan edi.
- Chorvachilik, quyonchilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, issiqxonalar qurish, bog‘ va tokzorlar yaratish, sartaroshlik, kosmetologiya xizmati, kosibchilik, tunukasozlik, yog‘och va allyumin profildan eshik va romlar tayyorlash, zargarlik, avtoservis ustaxonalari ochish, qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarish kabi 20 dan ortiq yo‘nalishlar bo‘yicha tadbirkorlarga 3 foizlik kredit berishga ham prezident Mirziyoev topshiriq bergandi.
- O‘zbekistondagi banklar Mirziyoevning mikrokredit va’dasini bajarish¸ ya’ni aholiga 2-3 yil muddatga imtiyozli kreditlar berishni boshlab yuborgan¸ ammo ikki oy o‘tib-o‘tmay¸ aksar tijorat banklari qarz so‘rovchilarni “resurs tugab qolgani” iddaosi bilan quruq qo‘l bilan qaytarishga majbur bo‘lgan edi.
- Ozodlik bilan suhbatda bank tizimi mutasaddilari¸ mazkur qaror asosida berilgan imtiyozli kreditlar "qumga singgan suvdek" izsiz ketgani¸ na real ish o‘rni va na banklarga daromad keltirmaganini aytgan va ularni qaytarish bo‘yicha tijorat banklarining jiddiy muammolar girdobida qolganini ham aytishgandi.