Samarqand shahridagi viloyat Perinatal markazida 2019 yil 28 fevral kunidan 1 mart kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida 5 nafar chaqaloq o‘ldi.
O‘lgan chaqaloqlardan biri jasadi 28 fevral kuni mazkur markazda ko‘zi yorigan 21 yashar Guljahon Karimovaga berildi.
Karimova yaqinlarining Ozodlikka aytishicha¸ DNK analizi o‘tkazilganda¸ chaqaloqning biologik ota-onasi umuman boshqa odamlar ekani aniqlangan.
Ozodlikka bu ma’lumotni tasdiqlagan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Samarqanddagi chaqaloqlarning sirli o‘limini "nihoyatda jiddiy voqea" deb atadi va uni maxsus tergov guruhi o‘rganayotgani¸ ishning Bosh prokuratura nazoratiga olinganini bildirdi.
Qiz tuqqan onaga o‘g‘il chaqaloq jasadi berildi
Samarqandlik 21 yashar Guljahon Karimova 28 fevral kuni ertalab viloyat Perinatal markazida tuqqan va doyalar unga qiz farzandlik bo‘lganini aytgan.
Yosh onaning quvonchi uzoqqa cho‘zilmagan - o‘sha kuni kechqurun shifokorlar chaqalog‘i o‘lganini aytib, o‘g‘il bola murdasini bergan.
Qiz tug‘ildi deb o‘g‘il bola jasadini berish Guljahon Karimova va yaqinlarida o‘lgan chaqaloqning o‘z farzandi ekaniga nisbatan shubha uyg‘otgan. Ular chaqaloqni ko‘mmay turib¸ jasadning DNK analizidan o‘tkazilishini so‘rab Samarqand shahar IIBsiga murojaat qilgan.
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining DNK laboratoriyasi bu shubhani tasdiqlagan - chaqaloq boshqaniki bo‘lib chiqqan.
Ruhiy zarbadan haligacha o‘ziga kelolmayotgan Guljahon hikoyasini Ozodlikka uning onasi Gulandom Karimova gapirib berdi.
- Ko‘mish uchun jasadni yuvayotganimizda o‘g‘il bola ekanini ko‘rib qoldik va darrov roddomga olib borib, "qiz deb yozib beribsizlar, bola o‘g‘ilku", desak "o‘g‘il deb yozib beramiz, yana qanaqa muammo" deyishayapti. Keyin DNK analizi qilishga berdik. Bola ikki kun ekspertizada qoldi. Keyin ko‘mdik. To‘rt oy o‘tib analiz natijalari chiqayapti, bola 100 foiz bizniki emas ekan. Birovning bolasini ko‘mibmiz, - deydi Karimova.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Suhbatdosh¸ bolaning tug‘ruqxonada ataylab almashtirib yuborilgan bo‘lishi va bunday shubhaga borishga asoslar ko‘pligini aytadi:
- Bular yo bolamizni ataylib o‘lik bolaga almashtirib, kimgadir berib yuborgan¸ yoki o‘lik bolalar almashib ketgan. Chunki tug‘ruqxona vrachlari o‘sha kuni beshta bola o‘lik tug‘ilganini aytishdi. Agar bola birovga berib yuborilgan bo‘lsaku¸ berdi xudo, lekin agar roddomdagilar bolani boshqa o‘lik bolalar bilan almashtirib yuborgan bo‘lsa¸ endi bolani qaysi qabrdan topaman, - deb yig‘laydi 18 iyun kuni Ozodlikka murojaat qilgan Gulandom Karimova.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Ozodlikka Karimovalar aytgan ma’lumotlar to‘g‘riligini tasdiqladi.
Matbuot xizmatining bildirishicha¸ mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 124-moddasi - Bolani almashtirib qo‘yish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
"Tergovga qadar tekshirish harakatlari davomida, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika Sud Ekspertiza markaziga ekspertiza tayinlanib, 31.05.2019 yildagi xulosasida vafot etgan chaqaloq murdasidan olingan namunalar fuqaro F.M va G.K.larning farzandidan kelib chiqmaganligi, fuqarolar F.M. va G.K.larning vafot etgan chaqaloqga nisbatan biologik ota-onaligi tasdiqlanmasligi ko‘rsatilgan.
Mazkur to‘plangan hujjatlar bo‘yicha Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi TB tomonidan 06.06.2019 yilda holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 124-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan", - deyiladi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bildiruvida.
Bir kunda bitta tug‘ruqxonada beshta bola o‘ldi!
Bosh prokuratura Matbuot xizmatining bildirishicha¸ Samarqand viloyat Perinatal Markazida joriy yilning 27 fevral soat 08:00 dan 2019 yil 1 mart kuni soat 08:00 ga qadar bo‘lgan vaqt mobaynida 36 nafar ayol tuqqan, 37 nafar chaqaloq tug‘ilgan.
"Ushbu chaqaloqlardan 2019 yil 28 fevral kunidan 1 mart kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida 5 nafar chaqaloqlar turli tashxislar bilan vafot etganligi qayd etilgan"¸ deyiladi rasmiy ma’lumotda.
Bir tug‘ruqxonada bir kunda besh chaqaloqning aynan nima sababdan o‘lgani hozircha aniqlanmagan.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 6 iyun kuni mazkur holat yuzasidan tergov guruhi tuzilgani va bu savollarga aniqlik kiritilishini ma’lum qildi.
"Bunday nihoyatda jiddiy holatga huquqiy baho beriladi. Bosh prokuratura bu holatni alohida nazoratga oldi", - deyiladi Bosh prokuratura bildiruvida.
Ozodlik mazkur bolalar o‘limi va chaqaloqlar almashib ketgani yuzasidan izoh olish uchun Samarqand shahridagi 4-tug‘ruq markazi ma’muriyati bilan bog‘landi.
O‘zini navbatchi deb tanishtirgan xodim bosh vrach yo‘qligini aytib, bu haqda izoh bera olmasligini aytish bilan cheklandi.
Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash bo‘limi matbuot xizmati vakili voqeadan umuman xabarsiz ekanini aytdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bolalar o‘limi bo‘yicha so‘nggi hisobotiga ko‘ra¸ 2017 yili O‘zbekistonda tirik tug‘ilgan har 1000 chaqaloqdan 20 tasi nobud bo‘lgan.
Bu esa¸ O‘zbekistonda tirik tug‘ilgan har 50 chaqaloqning bittasi o‘layotganini anglatadi. Samarqand viloyat tug‘ruqxonasida 37 chaqaloqdan beshtasining bir kunda o‘lgani¸ bu nisbatning har yetti boladan bittasi o‘lganini ko‘rsatadi. Bu esa¸ O‘zbekistondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan qariyb besh baravarga ko‘pdir.
O‘tgan oy Yangiyo‘l tumani prokuraturasi bola o‘lik tug‘ildi deb rasmiylashtirilgan chaqaloq 100 dollarga sotilganini aniqlagan edi.
Bosh prokuratura matbuot xizmatiga ko‘ra, Yangiyo‘lda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shu yilning fevral oyida Urganch shahri tug‘ruqxonasida yangi tug‘ilgan chaqaloqni o‘z tanishiga 200 dollarga sotayotgan hamshira qo‘lga olingan edi.
O‘zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari qo‘mitasi hisobotiga ko‘ra, 2010-2018 yillarda yuzdan ziyod yangi tug‘ilgan go‘dak odam savdosi qurboniga aylangan.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil 7 fevral kuni Sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar va sohaning rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida "Eng katta poraxo‘rlik tug‘uruqxonalarda” ekanini aytib, “Bu poraxo‘rlikni tugatish shart. Tug‘uruqxonalarda bu muhitni yo‘q qilmasak, ular poraxo‘rlikni hayot normasi deb qabul qila boshlashdi. Albatta, tug‘dirganga pul berish kerak… Qaerda bu yozilgan? Hech qaerda yozilmagan. Hamma norozi", degan edi.