Prezident uchun yana bir ko‘zbo‘yamachilik: Ishga tushmagan bog‘chaga bolalar "ijara"ga olib kelindi

Ohangaron shahridagi "Qaldirg‘och" bog‘chasi 21 iyun, 2019 yil.

Ohangaron shahridagi No‘g‘oyqo‘rg‘on mahallasida joylashgan “Qaldirg‘och” maktabgacha ta’lim muassasasi Shavkat Mirziyoevning 1 iyun kuni Toshkent viloyatiga qilgan safari chog‘ida unga bolalar bilan to‘la, ishlab turgan holda ko‘rsatildi.

Voqea guvohlarining aytishlaricha, aslida bu bog‘cha hali ishga tushmagan¸ prezident bilan uchrashtirilgan bolalar esa boshqa bog‘chalardan olib kelingan.

Prezident ketganidan so‘ng, guvohlarning aytishicha¸ yangi bog‘cha yana huvillab qolgan.

Ozodlik bog‘langan Ohangaron shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi rahbari bog‘cha ishlamayotganini "kanalizatsiyadagi muammo" bilan izohladi.

Prezident Shavkat Mirziyoevning Ohangaron shahridagi “Qaldirg‘och” maktabgacha ta’lim muassasasini borib ko‘rgani haqida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi 1 iyun kuni xabar qildi

Bu xabarga prezidentning bolalar bilan tushgan bir qancha suratlari ham ilova qilindi.

“160 o‘ringa mo‘ljallangan bog‘cha binosi yaqinda foydalanishga topshirilgan, zamonaviy jihozlangan. Bunyodkorlik ishlariga 4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan. Muassasada 4 ta asosiy va 3 ta qisqa muddatli guruhlar faoliyat ko‘rsatadi. Zamonaviy yozgi ayvoncha, cho‘milish havzasi, futbol maydonchasi, ichki sport va musiqa zallari mavjud. Bu yerda 32 nafar pedagog va tarbiyachi bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelmoqda”, deb yozdi O‘zA jumladan.

Shavkat Mirziyoev "Qaldirg‘och" bog‘chasida, 1 iyun, 2019 yil. O‘zAdan skrinshot

No‘g‘oyqo‘rg‘on qishlog‘ida yangi qurilgan "Qaldirg‘och" bog‘chasi yaqinida yashaydigan o‘qituvchining Ozodlikka aytishicha, prezidentga bu bog‘chani ishlab turganday qilib ko‘rsatish uchun boshqa bog‘chalardan bolalar yig‘ib olib kelingan.

“Bizda endi prezidentga yo‘q narsani bor qilib ko‘rsatish moda bo‘lib qoldi. Haqiqatan ham chiroyli bog‘cha qurilgan, lekin hali ishga tushmagan edi. Bolalarni boshqa bog‘chalardan chiroyli qilib kiyintirib¸ yig‘ib “ijara”ga olib kelishdi. Navbatdagi spektakl o‘ynaldi. Prezident kirdi, go‘yoki bolalarning baxtli hayotini ko‘rdi, xursand bo‘ldi, gapirdi. Hamma qarsak chaldi. Lekin bu vaqtincha bo‘lsa ham yolg‘onning ustiga qurilgan tomosha edi. Agar prezident bog‘chalardagi haqiqiy ahvolni ko‘rmoqchi bo‘lsa, nega shartta yo‘lni o‘zgartirib, duch kelgan bog‘chaga kirmaydi. Prezidentimiz o‘zi “menga ko‘zbo‘yamachilik qilmanglar, devorning naryog‘ida nima borligini bilaman” deydiyu, yana unga tayyorlangan tomoshalarda bosh qahramon bo‘lib ishtirok etaveradi, hech tushunmay qoldim”.

Ohangaron shahridagi "Qaldirg‘och" bog‘chasi 21 iyun, 2019 yil.

​Ismi sir qolishini so‘ragan no‘g‘ayqo‘rg‘onlik onalardan biri, bog‘cha bir kun ham ishlamaganini aytadi.

“Men bolamni shu bog‘chaga olishlarini so‘rab borsam, hali birinchi iyuldan keyin ochiladi, o‘shanda keling, deb aytishdi. Ishlayapti ekanku, televizorda ko‘rsatishdiku desam, "ha endi prezident uchun vaqtincha ochgan edik", deyishdi”

Ohangaron shahar Maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Abduhakim Hamroev Ozodlik bilan suhbatda bog‘chaning ishlamayotganini kanalizatsiya muammolari bilan bog‘ladi.

“Bog‘chamizni ochgandik, lekin ayrim kanalizatsiyalarda trubalar yorilib ketdi. Tekshirib ko‘rishmagan ekanda o‘sha paytda. Hozir ta’mir ishlari ketayapti, dushanba kuni ochamiz”¸ dedi mudir.

MTB mudiri bolalarning boshqa bog‘chalardan olib kelinganini inkor qilishga urindi.

“Yo‘q, bu yangi olingan bolalar, faqat, shu, kanalizatsiya ishlamay turibdida. Ishlatsak, dushanbadan ochamiz”.

Prezident ko‘zbo‘yamachilikni yoqtirmasligini aytgan bo‘lsa ham, mamlakatda u boradigan joylardagi holatni aslidan bo‘rttirib¸ yo‘q narsalarni bor qilib ko‘rsatish an’anasi keng yoyilib bormoqda.

Xususan¸ Mirziyoevning Bo‘kaga qilgan 1 iyun kungi tashrifi arafasida Olmaliq shahridagi Markaziy ko‘ptarmoqli poliklinika mebellari 25 may kuni Bo‘ka tumanidagi Bo‘ston qishloq vrachlik punktiga "ijara"ga olib ketilgan edi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga prezident tashrifi arafasida besh nafar ayolga kottej sovg‘a qilib, so‘ngra ularni chiqarib yuborgan mutasaddilarni javobgarlikka tortish bo‘yicha taqdimnoma kiritgan.

O‘zbekiston prezidentining 16 may kuni Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida "uy berildi" deb TVda ko‘rsatilgan 35 yashar Xurshida Tillaeva Ozodlikka aslida hech qanday uy olmaganini aytib bergan edi.

Ayni paytda Ozodlikka har bir viloyatda prezident borishi kutilgan ob’ektlarni yasatishga tashlanadigan "gastrolër texnika va maishiy uskunalar"¸ shuningdek prezident bilan uchrashishga obdon hozirlangan "xalq vakillari" borligi haqida kelayotgan xabarlar ko‘payib bormoqda.