Andijon viloyati hokimi sog‘liqni saqlash rahbarini "iflos, hayvon, hezalak" deb so‘kdi(AUDIO)

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning korxona-tashkilotlar rahbarlari bilan o‘tkazgan yig‘ilishda rahbarlarini inson sha’nini tahqirlovchi so‘zlar bilan haqorat qilgani yozilgan audio Ozodlikka kelib tushdi.

Audioyozuvda haqoratlar silsilasining eng kuchlisi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Abdurahmonovga nisbatan aytilgani eshitiladi.

Viloyat hokimi boshqarma boshlig‘ini “iflos, hayvon, shakal, hezalak, karranda, maymun” kabi so‘zlar bilan siylagan.

Avazbek Abdurahmonov Ozodlik bilan suhbatda viloyat hokimi uni haqorat qilganini eslolmasligini aytdi.

Ozodlikka taqdim etilgan audio 2 soatu 36 daqiqadan iborat.

Audiodan anglashinicha, bu majlis iyun oyining boshlarida, Izboskan tumani markazi Poytug‘da bo‘lib o‘tgan.

Bu audiodagi ovoz viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovga tegishli ekanligini, hokim o‘tkazadigan majlislarda juda ko‘p marta ishtirok etgan viloyat darajasidagi tashkilotlardan birining rahbari ham tasdiqladi.

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov deb ishonilayotgan ovoz egasi, bu majlisda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Abdurahmonovni ayovsiz haqorat qiladi:

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov

“Nega menga bunaqa aql beryapsan, ey oblzdravning boshlig‘i, iflos, maraz, latta. Ey seni o‘zi nimadan xabaring bor, aytgin! Kasaldan xabaring bo‘lmasa, undan xabaring bo‘lmasa, anavu marazing, vazirchang iflos, kecha menga kevolib, ko‘timga paxta qo‘yib, Andijondan chiqqan, Genprokurorga xat kirgizibdi. Shpritsni unaqa qilib o‘tkazyapti, perchatkani munaqa qilib o‘tkazyapti tender qilmasdan. Sen marazsan, dudkasan sen, erta-indin boshingni yeyman, sen iflosni. Genprokuror menga aytyapti, Shuhrat aka borib vazir bilan gaplashivoling, mana bunday xat qilyapti, deb. Men shpritsni kirgizdirib, kattaxolamnikiga olib ketyapmanmi? Nimasiga e’tirozing bor, sifatsiz deganmishsan, iflos? Sen, kak medik tushunadigan bo‘lsang, nimasi sifatsiz uni?

(shu payt boshqarma boshlig‘i pastda turib nimadir deydi, lekin hokim tutoqib ketadi)

E’tiroz bildirmasang, nega unaqa qiladi. KRU sening uyingga kelganmi yoki meni uyimga? Qaerga qarading sen iflos, nega qo‘lidan yetaklab, yur hokimning oldiga, deb aytmading? Sifatsiz deysan, nimaga aytmading, it! Ikkita frontga o‘ynayapsan, sen iflos! Tilingni uzib, ko‘tingga tiqib yuboraman, sen marazni hali! Sen o‘ynashyapsan men bilan, hezalak! Lekin eshitib ol. Bugun mening qo‘limda vlast! Ikkovingni so‘yaman, sen ifloslarni hali!

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov

Hokim sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘iga nisbatan aytgan haqoratli gaplarini, boshqarma Andijonda ishlab chiqarilgan shprits va tibbiyot qo‘lqoplarini sifatsiz deb, Toshkentdagi firmalardan sotib olayotgani bilan izohlaydi:

“Toshkentdagi bitta iflos, bir yrrdan import qilib olib kelyapti, shpritsni. Uni tepasida 15-20 foizdan hammasi o‘tiribdi. Endi, ularning rizqi qirqildi-da! Men u yoqqa pul o‘tkazmayapman, o‘zimnikini olaman, deyapman. Manavu glavvrachlarni to‘plaganman, oliftalarni, ko‘tibo‘qlarni. Umrimda bormagan, iflos, bolnisangga bordimmi? Hammasini to‘plab aytyapman. Mana shprits, mana perchatka, sifatiga, narxiga e’tirozing bo‘lsa, ayt, deyapman. Ko‘tingni qisding hammang, bittang tishingni oqini ko‘rsatmading. Mening shprits zavodimda 150ta odam ishlayapti, agar shprits sotilmasa ularga oylik berilmaydi. U zavod menga soliq to‘layapti. U tadbirkor pul sarfladi, zavod olib keldi. Unga yordam bermasam, ertaga bankrot bo‘ladi. Nimaga men toshkentlik ikkita oliftaning dudkasiga o‘ynab uning shpritsini olishim kerak? Bu itlarning ko‘ti kuyib, ana shu dudkaning idorasiga to‘planishib olib, xat qilishgan. Yozgan aybini qarang, hokim sifatsiz narsani o‘tkazyapti. Nimasi sifatsiz, bo‘ynimga qo‘yib ber meni, maraz!

(Pastdan sifatsiz narsani... degan ovoz eshitiladi va hokim yana tutoqib ketadi)

“Men senga olib kelib berib, og‘zingga tiqib, ko‘tingdan chiqarib yuboraman, ana shu prokuraturaga yozgan xatingni”

Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, hokim bilan boshqarma boshlig‘i o‘rtasidagi janjal aslida manfaatlar to‘qnashuvining oqibatidir:

“Viloyat hokimi barcha tumanlardagi tibbiyot birlashmalariga ajratilgan byudjet pullariga faqat u taklif qilgan Andijondagi zavoddan shprits va perchatka sotib olish talabini qo‘ygan. Vrachlar esa, bu mahsulotlarning sifatli emasligidan, doriga o‘tkazilgan pullar ham zavodga o‘tib ketayotganidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qilishgan. U yerdan ishchi guruh kelib, vaziyatni o‘rgangan va hokim noto‘g‘ri ish qilayotganini unga aytishgan. Ana shundan, hokimning jahli chiqib ketgan va boshqarma boshlig‘ini haqorat qilib, majlisdan haydab yuborgan. Bu yerda manfaatlar to‘qnashdi. Hokim mendan olsin deydi, boshqarmadagilar o‘zimiz xohlagan firmadan, o‘zimiz narxini kelishib olamiz, deydi. Bor gap shu!”

27 iyun kuni O‘zbekistondagi bir qancha ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Abdurahmonovning ishdan bo‘shatilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Avazbek Abdurahmonovning o‘zi 27 iyun kuni ishdan bo‘shatilganini Ozodlikka inkor qildi va majlisda hokim uni haqorat qilganini eslolmayotganini aytdi:

- Unaqa holat bo‘lmagan. Men eslolmayapman. Uzr, oldimda odamlar bor edi, deb Avazbek Abdurahmonov aloqani uzdi.

Ozodlik ilgari ham andijonlik hokimlarning qo‘l ostidagi xodimlarni inson sha’nini tahqirlaydigan so‘zlar bilan haqorat qilgani haqida bir necha bor xabar bergan edi.

Ozodlikning kuzatishicha, Andijon viloyati tuman hokimlarining haqoratli so‘zlar lug‘atida “iflos, shakal, haromi, tvar, eshak” kabi so‘zlar ko‘p uchragan.

Ozodlikka yuborilgan audio eshitilib, viloyat hokimining “so‘z boyligi” ham tuman hokimlarinikidan kam emasligi ma’lum bo‘ldi.

Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev 2017 yil kuzda paxta terimiga kam odam chiqargan tashkilot rahbarlarini “shakal”, “tvar”, “hayvon”, “eshshak” deb qattiq haqorat qilgan va bu haqoratlari uchun ma’muriy javobgarlikka tortilib, unga 5 million so‘m jarima solingan edi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov 2018 yil 17 aprel kuni o‘qituvchi va shifokorlarni majburiy mehnatga jalb qilish masalasida o‘tkazgan selektor yig‘ilishida, bir necha hokimga hayfsan e’lon qilib, Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaevni oxirgi marta ogohlantirayotganini aytgan edi.

Ammo, bu ogohlantirishdan keyin ham Dilmurod Rahmatullaev 15 may kuni obodonlashtirish ishlariga yetarli e’tibor bermagan mahalliy tashkilot rahbarlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarini "iflos, xudo urgan, maraz, pes, moxov, harom va latta" kabi so‘zlar bilan haqorat qilgan edi.

Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Isomiddinov va Bo‘z tumani sobiq hokimi Abdurashid Mamirov hokimlikdagi yig‘ilishda bog‘cha, maktab va kollej rahbarlarini “nahs, tvar, itdan tarqagan, harom” kabi so‘zlar bilan haqorat qilgan edi.