Surxondaryo viloyati Sherobod tumani Go‘rin Gilambob mahallasida Majburiy ijro byurosi xodimlari qarzdor oilani elektr tarmog‘idan uzayotgan paytda xonadon egalari farzandlari tomonidan kaltaklandi.
MIB xodimlarining tepkilanishi aks etgan video 5 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqadi.
Viloyat Majburiy ijro byurosi rasmiysi Ozodlikka voqeaning 29 iyun kuni bo‘lganini aytdi.
Byuro vakilining aytishicha, Sherobod tumani prokuraturasi voqea yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 219-moddasi, 2-qismi, ya’ni hokimiyat vakili yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish bo‘yicha ish ochib, dastlabki tergov harakatlarini olib bormoqda.
Surxondaryoning Sherobod tumanidagi Go‘rin Gilambob mahallasi Do‘stlik ko‘chasida Majburiy ijro byurosining uch xodimi elektrdan qarzdor xonadonga borib¸ iste’molchini tarmoqdan uzib qo‘yganida, uy egalarining farzandlari ularni do‘pposladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 5 iyul kuni tarqalgan videoda uy egalari farzandlari MIB xodimlarini yerga yotqizib tepkilayotgani aks etgan.
Surxondaryo viloyati Majburiy ijro byurosi xodimining Ozodlikka aytishicha, kaltaklanish oqibatida MIBning Sheroboddagi ikki xodimi o‘rtacha og‘irlikda jarohat olgan.
- Elektr qarzdorligi bo‘yicha borishgan. Vakolati doirasida elektrni uzib qo‘yishga majbur ekanliklarini iste’molchilarga tushuntirishgan. Uy egalari dag‘dag‘a qilib, haqorat qilib ularni kaltaklagan, o‘rtacha og‘irlikda shikast etkazganlar. Inspektorlarimiz o‘zlarini himoya qilish uchun voqeani uyali aloqa telefoniga tasvirga olishga ulgurganlar. Bu bo‘yicha Sherobod prokuraturasi ish ochib, tergov olib bormoqda, - dedi Surxondaryo viloyati Majburiy ijro byurosi xodimi.
Uy egalarining MIB xodimlariga nimaga qo‘l ko‘targani sababi ma’lum emas. Ozodlik MIB xodimlari kaltaklangan xonadon egalariga bog‘lana olmadi.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati kelishmovchilik va janjallar kelib chiqmasligi uchun aholiga qarzlarni vaqtida to‘lab borishni tavsiya qildi.
- Qarzdorlarga qarzini uzish uchun besh kun muhlat beriladi. Agar shu besh kun ichida uzmasa MIB xodimlari iste’molchini tarmoqdan uzib qo‘yadi. Iste’molchi qayta tarmoqqa ulanish uchun qarzdorlikdan tashqari eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida jarima ham to‘laydi. Bitta muammo ikkita yoki uchtaga aylanmasligi uchun qarzni vaqtida to‘lab borishlarini tavsiya etamiz, - dedi Majburiy ijro byurosi matbuot xizmatining Ozodlik suhbatlashgan xodimi.
Majburiy ijro byurosi o‘tgan oy bergan ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan yilning o‘zida MIB xodimlariga qarshilik ko‘rsatilgani bilan bog‘liq 200 dan ortiq holat qayd etilgan.
Uy egalari qarz to‘lashdan bosh tortib MIB xodimlarini kaltaklagani yoki o‘ziga o‘t qo‘yishga uringani holatlari haqida Ozodlik ilgari ham xabar bergan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
O‘tgan yil noyabr oyida Samarqandda elektr haqini undirish uchun kelgan MIB xodimlariga bolta bilan hujum qilgan xonadon egasi qamoqqa olinib, uch yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.
O‘zbekistonlik kuzatuvchilar esa MIB "eski zo‘ravoncha uslubda ishlayotgani sabab uning faoliyati aholining noroziligiga sabab bo‘layotgani aytiladi.