“Andijon” futbol klubining bir necha futbolchisi Ozodlikka murojaat qilib, to‘rt oydan beri ish haqi berilmayotganidan shikoyat qildi.
Klub rahbariyati homiylardan mablag‘ tushumi kamaygani sabab futbolchi va ishchi xodimlaridan ma’lum miqdorda qarzdorligi yig‘ilib qolganini Ozodlikka tasdiqladi.
Shu yil boshida Andijon viloyat hokimi viloyat hududida faoliyat yuritayotgan barcha tadbirkorlik sub’ektlariga “Andijon” futbol klubi uchun jami 8 milliard 55 million so‘mlik “homiylik ërdami” yig‘ish talabini qo‘ygan edi.
“Andijon” futbol jamoasining bir guruh o‘yinchilari 10 iyul kuni Ozodlikka murojaat qilib, shartnomada ko‘zlangan to‘lovlarni ololmayotganidan shikoyat qilishdi.
Ozodlik bilan ovozi efirga berilmasligi sharti bilan gaplashgan futbolchilarning aytishicha, gap bir necha million so‘m haqida ketmoqda.
- Hozir to‘rt oy bo‘lyapti oylik ham yo‘q, mukofot ham yo‘q. Klubning har bir o‘yinchiga qarzi 6-7 million so‘mdan oshib ketgan. O‘yinga yaxshi hissa qo‘shgani uchun qo‘shimcha rag‘bat to‘lovlari berilardi. U haqda hali aytayotganimiz yo‘q. Bu o‘z-o‘zidan o‘yinchilar kayfiyatiga ta’sir qilyapti, jamoa natijalariga ta’sir qilyapti, - dedi "Andijon" jamoasining ismi ochiqlanmasligini istagan o‘yinchisi.
“Andijon” jamoasi o‘tgan yili O‘zbekiston birinchi ligasidan super ligaga ko‘tarilgan edi.
Ammo, jamoa super liga turnir jadvalining eng quyi ikki pog‘onasidan birini egallab turibdi.
“Andijon” jamoasi o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani uddalay olmayotganini futbolchilar moliyaviy rag‘batlantirilmayotgani bilan bog‘lamoqda.
- Bizda ham bola-chaqa bor, oilani tebratish kerak, tekinga to‘p tepib yurgan bilan qora qozon qaynamaydiku. Pul bo‘lmasa o‘yinchilarni kayfiyatiga ta’sir qiladi-da, - deydi andijonlik futbolchi.
Klub rahbariyati homiylardan mablag‘ tushumi kamaygani sabab futbolchi va ishchi xodimlaridan ma’lum miqdorda qarzdorligi yig‘ilib qolganini Ozodlikka tasdiqladi.
- Klub homiylaridan tushum kamaygan. Shu paytgacha viloyat hokimi bizni moliyaviy qo‘llab keldi. Lekin, bir martalik yordamlar kamlik qilyapti, - dedi klubning ismi ochiqlanmasligini istagan rahbarlaridan biri.
"Stadion chimi qovjirab yotibdi"
Futbolchilarning Ozodlikka aytishicha, klubning ahvoli shu darajada tangki, “Sog‘lom avlod” stadionining buzilib qolgan suv sepish uskunasini ta’mirlashga pul topolmayapti.
Ularning aytishicha, “Andijon” futbol jamoasining bazasi hisoblangan “Sog‘lom avlod” stadionining buzilib qolgan suv sepish uskunasini ta’mirlashga klubda pul yo‘qligidan mart oyida Xollandiyadan olib kelib stadionga ekilgan chim qovjirab qolgan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Stadiondagi chimni parvarishlaydigan xodimning Ozodlikka aytishicha, suv sepish uskunasining motorini sozlashga pul topilmayapti:
- Suv sepish uskunasining motori kuygan. Tuzatishga 8 million so‘m topilmayapti. Oqibatda viloyat hokimligi bir necha yuz million so‘mga Xollandiyadan olib kelib ekkan chim qovjirab qolyapti.
Shu yil boshida Andijon viloyat hokimi viloyat hududida faoliyat yuritayotgan barcha tadbirkorlik sub’ektlariga “Andijon” futbol klubi uchun jami 8 milliard 55 million so‘mlik “homiylik yordami” yig‘ish talabini qo‘ygan edi.
Viloyatdagi jami 167 ta korxona va tashkilotga “futbol solig‘i” solingani haqda Ozodlik xabar bergan edi.
“Andijon” klubidagi vaziyatdan yaxshi xabardor mulozim futbol klubining bosh sponsori GM Uzbekistan smetaga kiritilgan mablag‘ning uchdan birini ham bermagani oqibatida superligaga chiqqan klubning moliyaviy jihatdan og‘ir ahvolda qolgani viloyat hokimini shunday harakatga majburlaganini bildirgandi.
GM Uzbekistan rasmiylari hozircha sponsorlik majburiyatining nega bajarilmayotgani haqidagi Ozodlik savollariga javob bermadi.
Ayni kunlarda "Andijon" jamoasi O‘zbekiston super ligasidagi 14 jamoa orasida 13-o‘rinda turibdi.
Jamoa o‘z ko‘rsatkichini yaxshilamasa¸ yana birinchi ligaga tushib qolishi mumkin.