Andijondagiga o‘xshagan "uy operatsiyasi" bir yil avval Namanganda ham o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi

Yangi uy kalitlari topshirilgan mingbuloqlik nogiron

Namangan viloyat, Mingbuloq tumanida 2018 yilning avgustida 7 nogironga tantanali topshirilgan yangi uy kalitlari tadbirdan so‘ng olib qo‘yilgani haqida nogironlarning o‘zlari Ozodlikka shikoyat qildi.

Aytilishicha, tantanali tadbirda viloyat hokimi Xayrulla Bozorov har bir nogironga yangi uy kalitini topshirgan, tadbirdan keyin ular hokimiyat balansidagi sharoitsiz eski uylarga joylashtirilgan.

Tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi nogironlarga yangi uylar kaliti berilganini inkor etmadi. Uning iddao qilishicha, nogironlarga namunaviy uylar o‘rniga "ta’mirdan chiqarilgan, barcha sharoitlari muhayyo qilingan uylar berilgan".

Yangi uy kalitlari topshirilgan mingbuloqlik nogironlar

Namangan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov 2018 yilning avgustida, Mustaqillik bayrami arafasida To‘raqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan tadbirda Mingbuloq tumanidan olib kelingan 7 nafar nogironga yangi uylar kaliti va sertifikatini tantanali topshirgan, nogironlarning shukronalik so‘zlari Namangan televideniesidan ko‘rsatilgan edi.

Ana shu tadbirda yangi kottej olganini bilgan, Mingbuloq tumanining Yangi Gulbog‘ qishlog‘ida yashaydigan 37 yashar ikkinchi guruh nogironi Farida Mamarizaevaning aytishicha, uning shodligi uyga yetib kelmasidan qayg‘uga aylangan:

O‘sha kuni meni To‘raqo‘rg‘onga majburlab olib borishdi. Ertalab tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Sanobar Abdurahmonova qo‘ng‘iroq qilib, To‘raqo‘rg‘onga olib boramiz, sizga yangi uy berishadi, dedi.

- O‘sha kuni meni To‘raqo‘rg‘onga majburlab olib borishdi. Ertalab tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Sanobar Abdurahmonova qo‘ng‘iroq qilib, To‘raqo‘rg‘onga olib boramiz, sizga yangi uy berishadi, dedi. Bordik, viloyat hokimi o‘z qo‘li bilan qo‘limga yangi uyning kaliti va sertifikatini tutqazib, tabrikladi. Barcha yetti nogironga guldastalar, kalitlar topshirildi. Lekin uyga qaytayotganimizda hammadan kalitlarni olib qo‘ydi, Sanobar opaning shaxsan o‘zi senga boshqa uy beramiz, deb kalitni qo‘limdan tortib oldi. Biz ko‘zbo‘yamachilik uchun bizni olib chiqishganini o‘shanda bildik.

Farida Mamarizaevaning aytishicha, shundan so‘ng uning azoblari boshlangan:

Men namunaviy uy beramiz, degan edilaringku desam, sen uning narxini to‘lolmaysan, dedi.

- Keyin uch oy jimib ketishdi. Men kasalxonaga tushib qoldim. Nogironlar kunida meni ko‘rgani borishib, senga uy beryapmiz, deyishdi. Xursand bo‘lib ketdim. Qaerdan desam, qishloqlaringdagi eski QVPni bo‘lib beryapmiz, dedi. Men namunaviy uy beramiz, degan edilaringku desam, sen uning narxini to‘lolmaysan, dedi. Men nogiron bo‘lsam ham qo‘limda hunarim bor, to‘layman o‘zim desam ham, hech qanday sharoiti yo‘q eski QVPdan ikki xona ajratib berishdi. Onam tuman hokimligiga qizimga yangi uydan berishgan edi, mana sertifikati desa, hokim qo‘lidan yulib olib qo‘yibdi.

Mingbuloq tumanida yashaydigan ikkinchi guruh nogironi Shahnoza Rasulova ham tuman hokimligi ikki nogironni 4 xonali eski binoga murosa qilib yashaysizlar deb, kiritib qo‘yganini aytdi:

- Tadbirdan xursand bo‘lib kelsak, bizga ta’mirdan chiqarilgan to‘rt xonali uyni ko‘rsatishdi. Yana bir nogiron Nigora Samieva bilan birga shu yerda murosa qilib yashaysizlar, dedi.

- Tadbirdan xursand bo‘lib kelsak, bizga ta’mirdan chiqarilgan to‘rt xonali uyni ko‘rsatishdi. Yana bir nogiron Nigora Samieva bilan birga shu yerda murosa qilib yashaysizlar, dedi. Men uning bo‘yga yetgan o‘g‘li bo‘lsa, qanday qilib bir uyda murosa qilamiz, deb rozi bo‘lmadim. Keyin katta uyning o‘rtasidan bo‘lib, ikki xona ularga, ikki xona menga ajratib berishdi. Vanna, oshxona ular tomonda qoldi. Menga esa kanalizatsiya o‘tkazib berishdi, tamom. Boshqa hech qanday yordam berilmadi. Men qariyb bir yil chevarlikdan topgan pulimni ana shu uyga sarfladim, hojatxona, yuvinish xonasi, oshxona qurdirdim. Qo‘shnimning hali ham hojatxonasi yo‘q, tashqariga chiqib kelishadi. Menga alam qilgani, katta tadbirda go‘yo biz nogironlarga yangi uy topshirishdiyu, aslida esa eski uyga olib kelib, tiqib qo‘yishdi.

Shahnoza Rasulovaning aytishicha, bu uy ularga xususiy mulk qilib berilmagan:

- Kadastr qilib berishdi, lekin bu uy hokimiyat balansida turar ekan.

Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, hokimdan yangi uyga kalit va sertifikat olgan ikkinchi guruh nogironi Nigora Samieva ham hojatxonasi yo‘q uyda yashamoqda.

Mingbuloq tumani hokimligining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimlaridan biri o‘tgan yilgi taqdirlash marosimida ishtirok etganini aytar ekan, tadbirdan so‘ng nogironlar ko‘z yoshlariga guvoh bo‘lganini ma’lum qildi:

Kechqurun nogiron ayollar menga telefon qilib, ularni aldashganini, ularga berilgan kalitlar tortib olinganini yig‘lab aytishdi. Men bunga guvohman.

"Tadbirning boshida men ham ishtirok etib, keyin ketdim. Lekin kechqurun nogiron ayollar menga telefon qilib, ularni aldashganini, ularga berilgan kalitlar tortib olinganini yig‘lab aytishdi. Men bunga guvohman".

Mingbuloq tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Sanobar Abdurahmonova Ozodlik savoliga javoban yetti nafar nogiron ayolga yangi uy kaliti va sertifikati topshirilganini inkor etmadi va bunday dedi:

- Farida Mamarizaeva kreditga imkoniyatim yo‘q, namunali uy ololmayman degani uchun unga hokimiyat balansida turgan binodan 3 xonali uy ajratib berganmiz.

- Farida Mamarizaeva kreditga imkoniyatim yo‘q, namunali uy ololmayman degani uchun unga hokimiyat balansida turgan binodan 3 xonali uy ajratib berganmiz. U tilxat ham yozib bergan. Chiroyli remont qilib, vannalari, kanalizatsiyalari bilan qilib berganmiz. Mana yana bugun borib shu ayollarni uylarini ko‘zdan kechiramiz, nima kamchiligi bo‘lsa qilib beramiz.

Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining iddao qilishicha, nogironlar o‘zlari namunaviy uylardan ixtiyoriy voz kechgan:

- Namunaviy uylarning boshlang‘ich to‘lovi bor. Agar o‘sha to‘lovni biz qilib berganimizda ham 130 million so‘mni ular to‘lash qudratiga ega emas. Shuning uchun ularga hokimiyat balansidagi uylardan berildi.

Sanobar Abdurahmonova bilan suhbatdan so‘ng Ozodlik yana Farida Mamarizaeva bilan bog‘landi. Farida hokim o‘rinbosarining mutlaq yolg‘on gapirayotganini aytdi:

- Bu eski bolnitsaning xonalari. Tualeti ham ko‘chada. Uyning ichiga kirgan kanalizatsiyani u qilmagan. Toshkentga borib shikoyat qilganimdan keyin qilib berishgan.

- Bu eski bolnitsaning xonalari. Tualeti ham ko‘chada. Uyning ichiga kirgan kanalizatsiyani u qilmagan. Toshkentga borib shikoyat qilganimdan keyin qilib berishgan. Eski, chirib ketgan bino, shiferini ko‘rsangiz hushingizdan ketasiz. Obshchejitiega o‘xshagan joy, birov sigaret chekkan, birov pichoq ko‘targan. Men u yerda yasholmayman.

O‘zbekiston prezidentining 16 may kuni Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida "uy berildi" deb TVda ko‘rsatilgan 35 yashar Xurshida Tillaeva Ozodlikka aslida hech qanday uy olmaganini aytib bergan edi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga prezident tashrifi arafasida besh nafar ayolga kottej sovg‘a qilib, so‘ngra ularni chiqarib yuborgan mutasaddilarni javobgarlikka tortish bo‘yicha taqdimnoma kiritgan edi.