Ohangaronda prezidentga ko‘z-ko‘z qilib ochilgan bog‘cha uchun nasiyaga olingan mebellar puli berilmayapti

Ohangaron shahridagi "Qaldirg‘och" bog‘chasi 21 iyun, 2019 yil.

Olmaliq shahridagi hususiy do‘kon egalari Toshkent viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi Ohangaron shahrida yangi ochilgan “Qaldirg‘och” bog‘chasiga "prezident tashrifiga", deb olib ketgan mebel va maishiy texnika pulini to‘lamay kelayotgani haqida Ozodlikka shikoyat qildi.

Ismi ochiqlanmasligini istagan Olmaliqdagi hususiy do‘kon egalaridan birining Ozodlikka aytishicha, gap 76 million so‘mlik mebel va maishiy texnika haqida boryapti.

- Prezident tashrifi uchun 76 million so‘mlik mebel va maishiy texnika berganmiz. Prezident kelib ketganidan keyin pulini o‘tkazib beramiz deyishgandi. Bir oydan oshdi, shartnoma muddati ham o‘tib ketdi, puldan darak yo‘q. Bu nima ochiqchasiga aldashmi tadbirkorlarni, - dedi xususiy do‘kon egalaridan biri.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Ohangaron shahridagi “Qaldirg‘och” maktabgacha ta’lim muassasasini borib ko‘rgani haqida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi 1 iyun kuni xabar qilgan edi.

“160 o‘ringa mo‘ljallangan bog‘cha binosi yaqinda foydalanishga topshirilgan, zamonaviy jihozlangan. Bunyodkorlik ishlariga 4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan. Muassasada 4 ta asosiy va 3 ta qisqa muddatli guruhlar faoliyat ko‘rsatadi. Zamonaviy yozgi ayvoncha, cho‘milish havzasi, futbol maydonchasi, ichki sport va musiqa zallari mavjud. Bu yerda 32 nafar pedagog va tarbiyachi bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelmoqda”, deb xabar bergan edi O‘zA jumladan.

Ozodlikning aniqlashicha, “Qaldirg‘och” bog‘chasi prezident Mirziyoev tashrifi payti ishga tushmagan bo‘lsa-da, lekin maktabgacha ta’lim boshqarmasi bog‘chani prezidentga ishlab turganday qilib ko‘rsatish uchun bog‘cha nasiya mebel-anjomlar bilan to‘ldirilgan, boshqa bog‘chalardan bolalar yig‘ib olib kelingan.

Prezident ketganidan so‘ng, guvohlarning aytishicha¸ yangi bog‘cha yana huvillab qolgan.

Voqea guvohlari, aslida bu bog‘cha hali ishga tushmagani¸ prezident bilan uchrashtirilgan bolalar esa boshqa bog‘chalardan olib kelingani haqida 21 iyunda Ozodlikka so‘zlab berishgandi.

Toshkent viloyati Maktabgacha ta’lim boshqarmasi rasmiylaridan biri mebel va maishiy texnika puli tadbirkorlarga to‘lanmayotganini tasdiqladi.

Uning aytishicha, bunga sabab viloyat Moliya bo‘limi pul ajratmayotganidir.

- Moliya pul ajratmayapti, dushanbaga va’da qilolmaymiz, kelasi hafta deyishdi. Agar ajratsa pulini o‘tkazib berishga harakat qilamiz. Tadbirkorlarning o‘zlari bilan ham bu haqda gaplashganmiz, ularga vaziyatni tushuntirganmiz, - dedi Toshkent viloyati Maktabgacha ta’lim boshqarmasi rasmiysi.

Shavkat Mirziyoev "Qaldirg‘och" bog‘chasida, 1 iyun, 2019 yil. O‘zAdan skrinshot

Prezident ko‘zbo‘yamachilikni yoqtirmasligini aytgan bo‘lsa ham, mamlakatda u boradigan joylardagi holatni aslidan bo‘rttirib¸ yo‘q narsalarni bor qilib ko‘rsatish an’anasi keng yoyilib bormoqda.

Xususan¸ Mirziyoevning Bo‘kaga qilgan 1 iyun kungi tashrifi arafasida Olmaliq shahridagi Markaziy ko‘ptarmoqli poliklinika mebellari 25 may kuni Bo‘ka tumanidagi Bo‘ston qishloq vrachlik punktiga "ijara"ga olib ketilgan edi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga prezident tashrifi arafasida besh nafar ayolga kottej sovg‘a qilib, so‘ngra ularni chiqarib yuborgan mutasaddilarni javobgarlikka tortish bo‘yicha taqdimnoma kiritgan.

O‘zbekiston prezidentining 16 may kuni Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida "uy berildi" deb TVda ko‘rsatilgan 35 yashar Xurshida Tillaeva Ozodlikka aslida hech qanday uy olmaganini aytib bergan edi.

Ayni paytda Ozodlikka har bir viloyatda prezident borishi kutilgan ob’ektlarni yasatishga tashlanadigan "gastrolyor texnika va maishiy uskunalar"¸ shuningdek prezident bilan uchrashishga obdon hozirlangan "xalq vakillari" borligi haqida kelayotgan xabarlar ko‘payib bormoqda.