O‘zbekistondagi yirik davlat banklardan biri "Xalq banki"ning Toshkent shahridagi filiallari xodimlari bank rahbariyati o‘zlarini bank mijozlariga "Imkon" lotereyalarini sotishga majburlayotganlikda aybladi.
Ozodlikka gapirgan bank xodimlariga ko‘ra, lotereya sotishdan bosh tortgan yoki sotolmagan xodimlar lotereyani o‘zlari olishga majburlangan¸ aks holda¸ ishdan bo‘shash bosimi ostida qolgan.
Joriy yil boshida "Xalq banki" umumiy qiymati 20 milliard so‘mlik 10 million dona lotereya biletlarini muomalaga chiqargan edi.
Bank iddaosicha, 20 iyul kuni o‘ynaladigan lotereyaning yutuq fondi 10 milliard so‘mni tashkil qiladi va har to‘rt lotereyaning biri yutuqlidir.
"Xalq banki" matbuot xizmati rahbari Sarvar Ochilov Ozodlik bilan suhbatda lotereya majburlab sotilayotganini inkor etdi.
Ochilov Ozodlikka¸ agar lotereyani majburlab sotganlar aniqlansa¸ ishdan bo‘shatilishini aytdi.
“Xalq banki"ning Toshkent shahridagi bo‘limlaridan biri xodimining Ozodlikka aytishicha, rahbariyat har bir xodimga 400 ming so‘mlik lotereya sotish majburiyatini yuklagan:
- Menga ham bu oy donasi 2000 so‘m turadigan 400 ming so‘mlik lotereya berilgan. Agar shuni sotolmasam¸ oyligimdan shuncha pul ushlab qolinadi yoki ishni uddalay olmading¸ deb ishdan bo‘shatishadi. Bu haqda men ham¸ boshqalar ham ogohlantirildi. O‘ynaladigan kunga oz vaqt qolayapti, lotereyalar sotilmagan. Shunga kelgan klientlarga "lotereya olinglar", deb yalinamiz, klientlar ustimizdan kulib ketishadi. Pensiya, nafaqasini olgani kelganlarga lotereya qo‘shib bermasak¸ boshqa hech kim olmayapti, - deydi Ozodlikka ishdan haydalish xavfi sabab ismini ochiqlamasdan gapirgan bank xodimi.
"Xalq banki"ning Ozodlik suhbatlashgan boshqa xodimlari ham lotereya sotishga majburlanayotgani, bo‘yin tovlaganlar yoki rejani bajarmaganlarga oyligidan ushlab qolish yoki ishdan haydash bilan tahdid qilinganini aytishdi.
- Fakticheski bu lotereyani bizga majburlab sotishyapti-da. Nima qilsang qil, deb maoshimizning yarmiga lotereya bergan. Lotereyaga qozon qaynamaydi, uy-ro‘zg‘orimiz bor, kreditlarimiz bor. Lotereya halol bo‘lsa boshqa gap edi. 50 foiz yutuq deyaptiyu, lekin 10 foiz yutuq ham yo‘q. Ishonmasangiz bir pachkani olib o‘ynab ko‘ring, yutuq chiqadimi, chiqmaydimi, ko‘rasiz, - deydi "Xalq banki"ning Ozodlik suhbatlashgan boshqa bir xodimi.
"Xalq banki" matbuot xizmati rahbari Sarvar Ochilov Ozodlik bilan suhbatda 50 foiz yutuqli deb aytilayotgan "Imkon" lotereyasi chiqarilganini tasdiqladi, ammo uni sotishga ham¸ olishga ham hech kim majburlanmayotganini aytdi.
- Shunday lotereya chiqarilgan. Lekin majburlab sotish yo‘q bizda. Lotereya majburlab sotilmaydi. Agar kimki majburlayotgan bo‘lsa¸ ishdan haydaladi. Boshqa tomondan¸ xodimlarimiz qancha lotereya sotsa¸ shundan 8 foizlik bonus oladi¸ ya’ni qancha ko‘p sotsa¸ o‘zlariga foyda - dedi Ochilov.
Umumiy qiymati 20 milliard so‘mlik 10 million dona "Imkon" lotereyasi biletlari shu yil boshida muomalaga chiqarilgan.
"Xalq banki" matbuot xizmatiga ko‘ra, har to‘rt lotereyaning biri yutuqlidir.
Bank vakilining aytishicha, lotereyada 10 milliard so‘mlik jami 2 million 227ming 838 ta, jumladan, 50 million, 25 million, 10 million, 5 million, 1 million so‘mlik va boshqa pul yutuqlari o‘ynaladi.
Ochilovga ko‘ra, "Xalq banki" chiqargan “Imkon” lotereyasi sotilishi bilan bog‘liq muammo yo‘q.
- Odamlar olayapti, muammo yo‘q. Agar olishmasa¸ bank lotereyani chiqarmas edi, - dedi Ochilov.
"Xalq banki" lotereyalarining majburlab sotilishi haqidagi xabar Ozodlikka birinchi marta kelayotgani yo‘q.
2017 yilda "Xalq banki" xodimlari har bir nafaqaxo‘r pensiya puliga 2 dona “Omad kulganda” lotereyasini majburan qo‘shib sotgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.
O‘zbekiston Adliya vazirligiga ko‘ra, 2017 yilda aholiga lotereyalarni majburiy tarzda sotgani uchun "Xalq banki" filiallarining 222 nafar rahbar xodimiga hayfsan berilib, jarimaga tortilgan. Bank filiallarining 91 nafar rahbari va bosh hisobchisi ishdan bo‘shatilgan.
“Xalq banki” rahbariyati esa Adliya vazirligiga kelajakda lotereyalar majburlab sotish holatlari qaytarilmasligi uchun choralar ko‘rgani va jarayonni doimiy nazoratga olganini ma’lum qilgandi.