Chegarachi askar qornidan o‘q yeb halok bo‘ldi. Ota uning o‘ldirilganini iddao qilmoqda.

Marhum askar Bobir Mirzaevning Buxoro shahridagi uyida motam.

O‘zbekiston Qurolli kuchlarining Farg‘ona viloyati, Quvasoy shahrining Qirg‘iziston bilan chegarasida 8 iyul tungi qorovullikda bo‘lgan oddiy askar Bobir Mirzaev qorin qismidan o‘q yeb halok bo‘ldi.

Asli buxorolik marhum askarning otasi Sobir Mirzaev Ozodlikka o‘lim sababi haqida berilgan ikki xil ma’lumot¸ o‘zida shubha uyg‘otganini aytadi.

Unga ko‘ra¸ Buxoro shahar Mudofaa ishlari bo‘limi mulozimi o‘g‘lining o‘zini o‘zi otib qo‘yganini, tobutni olib kelgan harbiylar esa uning o‘limi sabablari noma’lumligini bildirgan.

O‘zi vrach bo‘lib ishlaydigan ota, o‘g‘lining o‘zini otib qo‘yganiga ishonmasligi, o‘limning haqiqiy sabablari yashirilayotganini iddao qildi.

O‘zbekiston Qurolli kuchlari Sharqiy harbiy okrugi mulozimi, askar Mirzaev o‘limini tasdiqladi va bu voqeaning harbiy prokuratura tomonidan o‘rganilayotganini bildirdi.​

Marhum askar Bobir Mirzaev

Farg‘ona shahridagi 9229-harbiy qismning 9-posti Quvasoy shahrining Qirg‘iziston bilan chegarasida joylashgan. Shu postda xizmat vazifasini o‘tayotgan buxorolik 20 yashar Bobir Mirzaev 8 iyuldan 9 iyulga o‘tar kechasi o‘qotar qurol vositasida o‘ldirildi.

O‘zbekiston qurolli kuchlari Sharqiy harbiy okrugining o‘zini tanishtirmagan mulozimiga ko‘ra, askar o‘limi sabablari hozircha noma’lum.

U bola tungi qorovulda bo‘lgan. Hozir harbiy prokuratura shu ish bilan shug‘ullanayapti. Ayni paytda barcha mulozimlar prokuraturaga chaqirtirilgan. Hozir askarning qanday qilib o‘q otar quroldan yaralanib o‘lgani sababi aniqlanayapti, hozircha aniq sabab chiqmayapti. Hamma surishtiruv ishlari olib borilayapti, voqea joyidan ashyolar ekspertizaga olingan, tergov ketayapti. Men sizga hozir u o‘zini otib qo‘ygan deb ham aytolmayman, chunki aniqlamasdan turib, sizga bir narsa deya olmayman”.

Marhum askaring otasi Sobir Mirzaevga ko‘ra¸ Buxoro shahar Mudofaa bo‘limi mulozimlari o‘g‘lini o‘zini-o‘zi otib qo‘yganini aytgan.

Ammo to‘ng‘ich o‘g‘lining xarakterini yaxshi bilganini ta’kidlagan ota bunga ishonmasligini aytadi.

Birinchidan, o‘g‘lim yoshligidan harbiy bo‘lishni orzu qilardi. O‘tgan yili Milliy gvardiyaga topshirgan edi, lekin ball yetmay qoldi. Keyin, dadajon men armiyaga borib kelaman, imtiyoz olib kelib, albatta¸ harbiyga o‘qiyman, dedi. Shu o‘limidan bir kun oldin telefonda gaplashgan edik. Juda ham ruhi baland edi, xizmati a’lo ekanligini aytib, maqsadiga erishishiga oz qolganini ta’kidladi”¸ deydi marhum askarning otasi.

Sobir Mirzaev Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i aytgan versiyaga ekspert-vrach sifatida ham ishonmasligini ta’kidlaydi.

Menga shahar voenkomi o‘g‘lingiz avtomatni zaryajatь qilib turganda¸ birdan otilib ketgan va o‘ziga tekkan deyapti. Men o‘zim vrachman, nogironlikka chiqarish bo‘yicha ekspertman. Agar o‘q yaqindan otilgan bo‘lsa, qorin atrofini jarohatlab, kuyishni vujudga keltiradi. O‘g‘limni olib kelishganidan so‘ng men yechintirib ko‘rdim. O‘q qoringa kirishda kichkina iz qoldirgan va orqa bel sohasidan chiqib ketgan. Bu o‘q yaqindan emas, uzoqdan otilganiga vrach sifatida 100 foiz aminman”.

Sobir Mirzaev, fojiadan beri bir hafta o‘tganiga qaramay o‘lim haqida rasmiy dalolatnoma berilmayotgani ham o‘z shubhasini yanada kuchaytirganini aytadi.

- Voenkomatdagilar o‘zini-o‘zi otib qo‘ygan deyishayapti, tobutni olib kelgan harbiylar esa bir og‘iz ham sababini aytishmadi. Hammasi, bilmaymiz, tekshiruv ketayapti, deyishadi. Mening taxminimcha, u chegarada bo‘lgani uchun o‘zlarining askarlari qilayotgan qonunsiz harakatga guvoh bo‘lgan va uni to‘xtataman, deb o‘q yegan. O‘q yaqin masofadan otilmagan.

Sobir Mirzaev prezident virtual qabulxonasi ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, ariza qoldirgani, lekin hozircha hech qanday javob bo‘lmaganini ham aytadi.

Ozodlik 16 iyul kuni Harbiy prokuratura telefon raqamlariga to‘rt marta qo‘ng‘iroq qildi, lekin go‘shakni hech kim olmadi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining o‘zini tanishtirmagan mulozimi esa¸ Ozodlik radiosi degan kalimani eshitishi bilan, “eshitmay” qolganini aytib, aloqani darrov uzib qo‘ydi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati keyingi qo‘ng‘iroqlarga umuman javob bermadi.