Fermerlarni jaziramada avtobusga qamab jazolagan IIB boshlig‘i ustidan tekshiruv boshlandi

Jazirama issiqda Kasbi tumani IIB boshlig‘i fermerlarni avtobusga qamayotgan payt

Qashqadaryo viloyat, Kasbi tuman IIB boshlig‘i Chori Ko‘charovning buyrug‘i bilan fermerlarning qo‘liga kishan solinib, avtobusga ikki soat qamab qo‘yilgani fakti bo‘yicha xizmat tekshiruvi olib borilyapti.

Kasbi tuman IIB boshlig‘ining o‘rinbosaridan Ozodlik olgan bu ma’lumotni viloyat ichki ishlar boshqarmasi mulozimi Ozodlikka tasdiqladi.

Ammo qo‘liga kishan solinib, avtobusga qamalgan ba’zi fermerlarning aytishicha, Kasbi tuman ichki ishlar xodimlari ulardan qo‘liga kishan taqilmagani va avtobusga qamalmagani haqida majburiy tushuntirish xati yozdirib olmoqda.

Ayni paytda, avtobusdagi diqqinafas issiqda ikki soat terlab-pishib o‘tirgan boshqa jabrlanuvchilar ham Ozodlikka arzini aytdi.

Ozodlik bu haqda 19 iyul kuni maqola e’lon qilgan edi.

Qashqadaryo viloyat, Kasbi tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Chori Ko‘charov, o‘zi bosh bo‘lib o‘tkazgan seminarda o‘ndan ortiq fermer va mirobni kishanlab, jaziramada turgan avtobus ichiga ikki soat qamab qo‘ygani haqidagi maqola ortidan xizmat tekshiruvi boshlangan.

Kasbi tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Safarov Ozodlikka bundan boshqa ma’lumot berish vakolati yo‘qligini aytib, viloyat ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilishni maslahat berdi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi xizmat tekshiruvining tafsilotlariga to‘xtalmadi va “hammasi keyin e’lon qilinadi”, dedi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

“Жўраев Элёр” фермер хўжалиги таркторчиси 64 ёшли Исроил Жўраев

“Jo‘raev Elyor” fermer xo‘jaligida oddiy traktorchi bo‘lib ishlaydigan 64 yoshli Isroil Jo‘raev ham 14 iyul kuni zarur ish bilan band bo‘lgan fermerning o‘rniga seminarga borgani uchun avtobusga qamab qo‘yilganlardan biri. Uning aytishicha, o‘sha voqeadan keyin undan uch marta tushuntirish xati olingan:

- O‘zimizning ichki ishlardan, viloyat ichki ishlar boshqarmasi maxsus inspeksiyasidan kelib, nima voqea bo‘lganini yozib berishni so‘rashdi. To‘g‘risini ayting, nima bo‘lgan bo‘lsa, o‘shanday yozib bering dedi, yozib berdim. Meni ham 11 ta fermer va ish boshqaruvchi bilan o‘sha jaziramada avtobusda olib o‘tirdi. Menga juda alam qildi, 16 yildan buyon daladan chiqmayman, traktor haydayman. Dalada ishim qolib ketdi, bir kunim yo‘qoldi. Har kim o‘zini ishini qilsa yaxshi bo‘lardi.

Isroil Jo‘raev 14 iyul kuni bo‘lgan voqea haqida Ozodlikka taqdim etilgan videoda batafsil gapirib bergan.

“Novot Niyoz” fermer xo‘jaligi rahbari, 56 yashar Akramjon Novotovning aytishicha, avtobus voqeasi Ozodlikda yoritilganidan so‘ng, tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Safarov avtobusga qamalganlarning har biridan boshqacha ko‘rsatma olishga harakat qilyapti:

“Men qo‘liga kishan solinib, 50 daraja issiqda avtobusga qamalgan fermer, mirob va ish boshqaruvchilar bilan gaplashdim. Ularning aytishicha, zamnachalnik ularga yaxshi gapirib, kishan solmadi, ko‘p o‘tirmadik avtobusda qabilida tushuntirish xati yozib berishni talab qilyapti ekan. Ba’zilari yozib beribdi, ba’zilari yozmabdi. Hammadan ijobiy tushuntirish xati olib, ishni bosti-bosti qilishmoqchi”.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Қашқадарёда ИИБ бошлиғи жазирамада фермерларни икки соат автобусга қамаб жазолади

​Ozodlik 19 iyulda Kasbi tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Chori Ko‘charov, o‘zi bosh bo‘lib o‘tkazgan seminarda o‘ndan ortiq fermer va mirobni jaziramada turgan avtobus ichiga ikki soat qamab qo‘ygani haqida xabar bergan edi.

Fermerlarning aytishicha, paxtaga ortiqcha suv qo‘ygan fermer va miroblarni IIB boshlig‘i shu tariqa jazolagan.

Seminar dalaga qanday qilib va qancha go‘ng solish, suvni me’yorida ishlatish mavzusiga bag‘ishlangan edi.