Vatanga o‘n yil xizmat qilgan bo‘lsam ham fuqarolikdan mahrum qilindim

Komiljon Xaitov

Qashqadaryo viloyat, Nishon tuman, Talimarjon shaharchasida yashayotgan 39 yashar Komiljon Xaitov, O‘zbekiston Qurolli kuchlarida shartnoma asosida 10 yil xizmat qilganidan so‘ng, ota-onasi Tojikistondan ko‘chib kelgani uchun fuqarolikdan mahrum qilinganidan OzodMikrofonga shikoyat qildi.

“1992 yil may oyida Talimarjon shaharchasiga ota-onam, oila a’zolarimiz bilan ko‘chib kelganmiz va hozirgi kunga qadar shu manzilda yashayman, 1999 muddatli harbiy xizmatga chaqirildim xizmatni Farg‘ona shahrida 2001 yil may oyigacha o‘tadim, keyin uyga qaytib chilangar bo‘lib ishladim. 2005 yil may oyida Nishon tuman mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan shartnoma asosidagi harbiy xizmatga chaqirildim. Avval G‘uzorda, keyin Farg‘onadagi harbiy qismda xizmat qildim. Fuqarolik pasportini Nishon tuman, Talimarjon shahar pasport bo‘limi tomonidan 1999 yilda berishgan. 2005 yilda 25 yoshga to‘lganimda pasportni yangisiga almashtirib olganman va Nishon tuman mudofaa ishlari bulimiga ruyxatga quygani borganimda harbiy xizmatchining pasporti mudofaa bo‘limida turadi deb olib qolishgan.

Komiljon Xaitov(o‘ngda) akasi va ukasi bilan

2011 yil men shartnoma asosida xizmat qilib yurganimda Nishon tuman ichki ishlar pasport bulimi tomonidan meni fuqarolik pasportimni asossiz ravishda so‘roq-savol qilmasdan o‘zlaricha bekor qilishgan. Men bu masaladan mutlaqo xabarsiz edim, menga bu xaqda 2013 yil may oyida harbiy qism kadrlar bo‘limi boshlig‘i aytdi. Men pasportimni bekor qilishganidan xabarsiz holda 2 yil yana xizmat qildim.

Komiljon Xaitovning harbiy guvohnomasi

O‘zbekiston qurolli kuchlarida 10 yil xizmat qildim, lekin vatanimga xiyonat qilganim yo‘q. O‘zbekistonni vatanim deb xizmat qilganman. Harbiyda muddatli xizmat vazifasini o‘tagan ikki ukamning, singillarimning ham pasporti tortib olindi. Go‘yoki o‘lib ketgan otam pasportni propiskaga to‘g‘ri qo‘ymagan ekan.

Men bu masalada prezident virtual qabulxonasi, respublika Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi inson xuquqlarini himoya qilish tashkiloti ombudsmanga juda ko‘p marta murojaat qilganman, lekin xech qaysi yordam bermayapti.

Komiljon Xaitov oila a’zolari bilan

Axir men 10 yil harbiy qismning maxfiy bo‘limida xizmat qildim. Harbiyga olishdan oldin juda qattiq tekshiruvlardan o‘tganman. Toza odamman, lekin meni go‘yoki ko‘chaga uloqtirishdi. Hozir esa butun oilamiz bilan fuqaroligi yo‘q shaxs bo‘lib yuribmiz, o‘zim va ukalarim harbiy xizmatni o‘tagan Vatanimda!”

-----------------------------------------------------------------------------------------------

Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.

SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 724 971 539 va +420 724 740 755 raqamiga yo‘llang.

OzodMikrofon sizga muntazir!

OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!