Andijon viloyat, Izboskan tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudiri prezident Mirziyoyevning “besh tashabbusi” bo‘yicha maktablarda 25 kunda 52 ta seminar o‘tkazishni buyurdi.
Ma’naviy ishlar bo‘yicha maktab direktorlari o‘rinbosarlarining aytishicha, bu seminarlar "ko‘zbo‘yamachilikdan boshqa narsa emas".
Izboskan tumani XTB mudiri o‘rinbosari Sohibjamol Azimova Ozodlikka seminarlarga o‘qituvchilar jalb etilmaganini, "besh tashabbus" bo‘yicha tadbirlar faqat MFYlarda o‘tkazilayotganini aytdi.
Prezident Mirziyoyev 19 mart kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish uchun “beshta tashabbus”ni e’lon qilgan edi.
Izboskan tumanidagi o‘qituvchilardan Ozodlikka yuborilgan shikoyat xatida bunday yozilgan:
“Izboskan tumani XTB mudiri Sardor G‘ofurov seminarbozlikni, majlisbozlikni oliy nuqtaga chiqardi. Yuqoridagi rahbarlarga o‘zini yaxshi ko‘rsatish uchun avgust oyida “besh tashabbus” mavzusida har kuni seminar o‘tkazasan deb, maktablarni majburlamoqda. Bunaqa maynavozchilikning nima keragi bor? Bundan ko‘ra, ta’lim sifatiga e’tibor bersa yaxshi bo‘lmaydimi? Maktabma-maktab chopaverib, nomigagina o‘tkaziladigan bunday “seminar”lardan charchab ketdik”.
Ozodlik qo‘lga kiritgan, Izboskan tumani XTB mudiri Sardor G‘ofurov va mudirning Ma’naviy-axloqiy tarbiya bo‘yicha o‘rinbosari Sohibjamol Azimova imzosi bilan tumandagi 49 ta maktab va 3 ta maktab internat kiritilgan ro‘yxatda prezident taklif qilgan “besh muhim tashabbus” bo‘yicha tadbirlar o‘tkazish belgilangan.
Ro‘yxatga ko‘ra, 5 avgustdan 31 avgustgacha 52 ta maktab va maktab-internatda MFYlar bilan hamkorlikda tadbirlar o‘tkazish belgilangan.
Izboskan tumanidagi maktablardan birida Ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlaydigan o‘qituvchining aytishicha, ko‘zbo‘yamachilik uchun tashkil qilinayotgan bunday tadbirlar o‘qituvchilarni charchatib yubordi:
“Shu seminarni tashkil qilasan degan majburlov bo‘ladi, hech kim o‘z xohishi bilan qilmaydi buni. Har kuni bitta-ikkita seminar. Masalan, 8 avgust kuni 7- maktabda uchinchi tashabbus - “Aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish” mavzusida seminar bo‘ldi. Bu soha bo‘yicha birorta ham mutaxassis kelib, bir kerakli narsa o‘rgatmadi. Bir dona o‘quvchi yo‘q, bitta ham kompyuter ko‘ringani yo‘q. Ozgina konsert qo‘ygandek bo‘ldi, viloyat TVsidan kelib olishdi. Borib, go‘yoki qatnashganday bo‘lib, choy ichib keldik. Shu ham ish bo‘ldimi, bunday ko‘zbo‘yamachilik kimga kerak? Har kuni ovoragarchilik. Qaysi tashkilotda har kuni seminar bo‘ladi?”
Izboskandagi yana bir maktab direktorining o‘rinbosari, ta’lim bir chetda qolib, hamma sun’iy tarbiyaga urg‘u berayotganidan yuragi kuyganini aytadi:
“Bir seminarda rahbarlarning bir gapi menga og‘ir botdi. Bunday seminarlar tarbiyani zo‘r bo‘lishiga xizmat qiladi ekan. Qarang nima deydi? “Birinchi o‘rinda tarbiya, ta’lim keyin! Biz bolalarni ko‘proq tarbiyalashimiz, hayotga tayyorlashimiz kerak! Asosiy maqsad, TVda ko‘rsatish. Kimsan, tuman XTBsi prezidentning “besh tashabbusi” go‘yoki a’lo darajada amalga oshirilayotgandek qilib ko‘rsatish. Internetdan foydalanish deyishadi, bolalarning 90 foizi Word da yozishni bilmaydi. Undan ko‘ra, bitta mutaxassis chaqir, o‘rgatsin!”
Izboskan tumani XTB mudiri o‘rinbosari Sohibjamol Azimova Ozodlik bilan suhbat boshida, hech qanday seminar ro‘yxati yo‘qligi, o‘qituvchilar ta’tilda ekanligi, ta’tildan qaytganlari esa yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari bilan shug‘ullanayotganini aytdi.
Ozodlik o‘z tasarrufida uning va XTB mudirining o‘rinbosari imzosi qo‘yilgan tadbirlar ro‘yxati borligini aytganidan so‘ng Sohibjamol Azimova bunday dedi:
“Bu “besh tashabbus” prezidentning 19 martdagi videoselektor topshirig‘iga binoan joylarda o‘tkazildi. Lekin hozir o‘qituvchilar dam olayotgani sababli bu MFYlarda o‘tkazilyapti. Maktablar ishtirok etmayapti bunda. U ro‘yxat noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin, hozir faqat MFYlar o‘zlari o‘tkazyapti. Maktablarda faqat yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ketyapti”
Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 19 mart kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish, uchun “beshta tashabbus”ni e’lon qilgan edi:
Birinchi tashabbus yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste’dodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.
Ikkinchi tashabbus yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan.
Uchinchi tashabbus aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.
To‘rtinchi tashabbus yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan.
Beshinchi tashabbus xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash masalalarini nazarda tutadi.