Buxorolik sobiq profilaktika inspektori, ichki ishlar tizimida 6 yil ishlagan 31 yoshli Furqat Qurbonov, 15 avgust kuni Ozodlik bilan bog‘lanib, IIB qurilish-ta’mirlash ishlariga homiy topa olmagani uchun shu yilning iyunida ishdan bo‘shatilganini iddao qildi.
Buxoro tuman Ichki ishlar bo‘limi mulozimi sobiq inspektorning iddaolarini rad etdi.
Buxoro IIB rahbari yordamchisiga ko‘ra, profilaktika inspektori Furqat Qurbonovning ishdan bo‘shatilishiga uning may oyida attestatsiyadan o‘ta olmagani sabab bo‘lgan.
Sobiq inspektor attestatsiyadan o‘tkazilmaganini tan oldi, lekin uning fikricha, buning asl sababi qurilish-ta’mir ishlariga homiy topa olmaganidir.
Furqat Qurbonovning aytishicha, Buxoro tuman Ichki ishlar bo‘limi binosi 2018 yilning avgust-oktabr oylarida ta’mirlanib, AKFA deraza va eshiklari o‘rnatilgan edi.
O‘sha paytda profilaktika inspektori bo‘lib ishlagan sobiq militsiya leytenanti Furqat Qurbonov 15 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda IIB binosini ta’mirlash yuz foiz homiylar puli evaziga amalga oshirilgani, homiylarni topishga esa o‘zi va o‘nlab hamkasbi majburlanganini aytdi:
- Deraza va eshiklarning har birini 850 ming so‘mdan shaxsan o‘zimiz o‘rnatganmiz. Bino oldidagi kechasi yonib turadigan tabloni ham 2 million so‘mga o‘rnatganmiz. Buning uchun Ichki ishlardan ham davlat hisobidan ham bir tiyin pul ajratilmagan. Hammasi biz topgan homiylar hisobiga qilingan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Sobiq profilaktika inspektorining iddaosicha, Buxoro tumanida o‘zi va hamkasblari jamoatchilik nazorati maskanlari va kichik ichki ishlar bo‘linmalari qurilishiga ham homiy qidirishga majburlangan.
- Homiylarni qanday topamiz, deb so‘rasangiz mana aytay sizga: qaysidir hususiy firmada qurilish yoki remont bo‘lyapti. Biz shu yerga borib, sementi bormi, g‘ishti bormi, so‘raymiz. Boshida ular pogonimizga qarab turib yo‘q deyishmas edi. Keyin tinimsiz so‘rab boraverganimizdan keyin ularning ham joniga tegdi. Men va sherigim keyin fermer xo‘jaliklari rahbarlaridan, tadbirkorlardan iltimos qilib, qurilish do‘konlaridan qarz qilib va o‘zimizning hisobimizdan qurilishlarni bazo‘r amalga oshirar edik, - deydi Furqat Qurbonov.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Furqat Qurbonovning aytishicha, u IIB rahbariyatining homiy topish bo‘yicha to‘xtovsiz topshiriqlarini to‘liq bajarmagani uchun shu yilning iyunida ishdan bo‘shatilgan:
- Men ularga qolgan qurilishga qurbim yetmasligini, bajara olmasligimni bildirdim. Rahbariyatga esa ularning bu kabi topshirig‘ini bajarmaydigan xodim kerak emas ekan. Shu sabab, ular meni tizimdan yo‘qotish payiga tushishdi va ishga noloyiq deb meni bo‘shatishdi, - deydi Qurbonov.
Bir farzandning otasi Furqat Qurbonov hozirda ishsiz qolganini aytdi.
- Imtiyozli kreditga olingan "Matiz" mashinamni pulini ham to‘lay olmayapman, - deydi Qurbonov.
O‘zini Buxoro tuman Ichki ishlar bo‘limi rahbari Azim Xoliqovning yordamchisi deb tanishtirgan IIB mulozimi ham ta’mir uchun homiy tashkilotlar qisman yordam qilganini tasdiqladi, ammo uning aytishicha, "profilaktika inspektorlarini hech kim homiy topishga majburlamagan":
- Furqat ishdan bo‘shatilgani uchun achchiq ustida shunday deyayotgandir, lekin bizda hech kimni homiy topishga majburlashmagan, homiylar yordam qilgan bo‘lsa ularni o‘zlari o‘z ixtiyori bilan qilgan buni.
Buxoro IIB rahbari yordamchisining Ozodlikka aytishicha, profilaktika inspektori Furqat Qurbonovning ishdan bo‘shatilishiga uning may oyida attestatsiyadan o‘ta olmagani sabab bo‘lgan.
Furqat Qurbonov esa "attestatsiyadan o‘tmadi", deb ataylab bo‘shatishganini iddao qiladi:
- Men qaraydigan "Rabotiqalmoq" mahalassida jinoyatchilik ko‘paydi deb attestatsiyadan o‘tkazishmadi. Lekin, bo‘lmagan jinoyatlarni mening mahallamga tiqishtirib, ataylab shu ishni qilishdi. Men 2013 yildan buyon organda ishlasamu, hozir ishga yaroqsiz bo‘lib qoldimmi?, - deydi Qurbonov.
O‘zbekistonda davlat qaramog‘ida bo‘lgan idoralar, umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarda ta’mirlash ishlari shu muassasada ishlaydigan yoki o‘qiydiganlar, ishchi-xodimlar hisobidan amalga oshirilishi ko‘p kuzatiladi.
Lekin, O‘zbekistonda Ichki ishlar binolari remonti yoki qurilishi homiylar hisobiga bo‘layotganiga oid xabar Ozodlikka ma’lum bo‘lgan ilk holatdir.