OzodTa'sir: IIV yosh yigitni IIB xodimlari kaltaklaganiga oid xabar ortidan tekshiruv boshladi

Shovot tuman kasalxonasida yotgan Bunyod Sapayev 16 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda Yangibozor tuman ichki ishlar bo‘limida kaltaklanishi oqibatida boshi, buyragi va moyagi shikastlangani, siya olmaydigan bo‘lib qolganini aytdi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Xorazm viloyat, Yangibozor tumanida IIB xodimlari 24 yoshli qassobni kaltaklab, tan jarohati yetkazgani holati yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazayotganini ma’lum qildi.

“Hozirda mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda, natijalari haqida ma’lumot beriladi” deyilgan IIV matbuot xizmati bildiruvida.

Shovot tumanilik (Xorazm viloyati) 25 yashar qassob Bunyod Sapayev 15 avgust oqshomida Yangibozor tuman ichki ishlar bo‘limida tergovchilar tomonidan ayovsiz kaltaklanganini iddao qilarkan, olgan jarohatlari tufayli Shovot tuman shifoxonasiga tushganini Ozodlikka bildirgan edi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Ўзбек йигит: ИИБда мени калтаклаб, елим тўқмоқ билан зўрламоқчи бўлишди

Sapayevning iddaosicha, militsiya xodimlari bir yosh ayolning shikoyati asosida uni o‘g‘irlikda gumonlab, uyidan olib ketgan va militsiya bo‘limida aybni bo‘yniga qo‘yish uchun "to‘rt soat davomida do‘pposlashgan, orqasiga dubinka tiqish bilan" tahdid qilishgan.

Shovot tuman kasalxonasida yotgan Bunyod Sapayev 16 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda Yangibozor tuman ichki ishlar bo‘limida kaltaklanishi oqibatida boshi, buyragi va moyagi shikastlangani, siya olmaydigan bo‘lib qolganini aytgan edi.

​- Hozir Shovot tuman kasalxonasida yotibman. Siyishga qiynalyapman, kateter (maxsus naycha) qo‘yishgan. Bunday holatga tushib qolishimning sababi shuki, kecha meni Yangibozor IIBsida militsiya xodimlari kaltaklashdi. To‘rt soat davomida ikki-uch xonaga kirgizib urishdi, eshak qilib ustimga minib olib boshimdan, pochkamdan urishdi. "O‘g‘irlangan pulni olib kelasan, keyin qo‘yib yuboramiz" deyishdi. Jinoyat qidiruv bo‘limining kattasi, ismi Dilmurod, yana birining ismi Sarvar. "Pulni olib kelmasang, ketingga dubinka tiqamiz", deyishdi. Hushimdan ketib qolganimdan so‘ng militsionerlar "Tez yordam" chaqirishgan. O‘zimga kelganimdan keyin "Tez yordam" qaytib ketdi, meni esa uyga qo‘yib yuborishdi, - degan edi Bunyod Sapayev 16 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Shovot tuman Ichki ishlar bo‘limi navbatchisi Bunyod Sapayevning kaltaklanishi yuzasidan surishtiruv bo‘layotgani, lekin jinoyat ishi ochilmaganini bildirgan.

Voqea sodir bo‘lgan Yangibozor tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari esa, qo‘pollik bilan Ozodlikka izoh berishdan bosh tortgan.

Bunyod Sapayevning aytishicha, yangibozorlik 24 yoshli qiz 1000 dollar pulini o‘g‘irlagani haqida Ichki ishlar bo‘limiga uni ustidan arz qilgan.

Ammo, Sapayev pul o‘g‘irlamaganini aytadi.

- U qiz bilan militsiyaning tili bir bo‘lsa kerak. Chunki urishgan payti u ham militsiya bo‘limida edi, - deydi Sapayev.

Militsiya xodimlari bilan fuqarolar o‘rtasidagi intsidentlar haqida Ozodlik avval ham xabar bergan.