Andijonda bemorning o‘g‘li vrachlar xonasiga o‘t qo‘ymoqchi bo‘ldi (VIDEO)

Andijon viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi.

21 avgust kuni 64 yoshli bemor A.I.ning o‘g‘li Andijon viloyat Ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziortopediya va jarohatlar oqibatlari bo‘limi xodimlariga tajovuz qilganini Andijon viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mulozimi Ozodlikka tasdiqladi.

Andijon shahar Ichki ishlar bo‘limi xodimi Ozodlikka shifokorlarga hujum qilingani bo‘yicha surishtiruv olib borilayotgani, hujum qilgan shaxs qo‘lga olinganini bildirdi.​

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Ozodlikka vazirlikning maxsus guruhi Andijondagi voqea oqibatida jabrlangan tibbiyot xodimlarining huquqlarini ta’minlash va ularga ma’naviy yordam ko‘rsatish uchun mazkur viloyatga safarbar etilganini ma’lum qildi.

22 avgust ertalab Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoda bemorning o‘g‘li ekani aytilayotgan erkak shifokorlar xonasiga benzin sepib, xonaga o‘t qo‘yib yuborishga uringanini ko‘rish mumkin.

Andijon viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mulozimi Ozodlikka 21 avgust kuni Andijon viloyat Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi vrachlariga qilingan tajovuz to‘g‘risida bunday dedi:

- Hozir to‘rt nafar xodimimiz shifoxonada yotibdi. Ham ruhiy, ham tan jarohati yetgan. Bular xonaga qamab olingan vrach, eshikni sindirib ichkariga kirgan yana bitta vrach va ikkita hamshira. Bemorning qarindoshi shifokorni bo‘g‘ib olgan, uni hushidan ketkizgan. Ularga ruhiy jarohat yetkazilgani bo‘yicha ham hozir ekspertiza o‘tkazilishini so‘rayapman, chunki og‘ir psixologik jarohat olishgan, lekin tan jarohati og‘ir emas.

Andijon shahar Ichki ishlar bo‘limi xodimi Ozodlikka shifokorlarga hujum qilingani bo‘yicha surishtiruv olib borilayotgani, hujum qilgan shaxs qo‘lga olinganini bildirdi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, shifokorlarga qasd qilishda gumonlanayotgan shaxsning onasi "pastki paraparez asorati" tashxisi bilan Andijon viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 2017 yilda operatsiya qilingan.

Bemorning qarindoshlari uni Toshkent shahridagi xususiy klinikalardan biriga konsultatsiyaga olib borganida shifokorlar operatsiya noto‘g‘ri qilingani, xozirda qayta operatsiya qilish lozimligini aytishgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Ozodlikka vazirlikning maxsus guruhi Andijondagi voqea oqibatida jabrlangan tibbiyot xodimlarining huquqlarini ta’minlash va ularga ma’naviy yordam ko‘rsatish uchun mazkur viloyatga safarbar etilganini ma’lum qildi.

Vazirlik bayonotida jumladan bunday deyilgan:

"Sog‘liqni saqlash vazirligi shu yil 21 avgust kuni Andijon viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida shifokorlarga bemorning qarindoshi tomonidan suiqasd uyushtirilishi, shifokorlar xonasiga benzin sepib, xonaga o‘t qo‘yib yuborishga uringanlik holatini ming afsus bilan qayd etadi. Ma’lumki, vazirlik jamiyatimizda fuqarolarning shifokorlarga tajovuz qilish kabi noxush holatlarning oldini olishning eng samarali yo‘llaridan biri sifatida tibbiyot xodimiga nisbatan sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlar uchun qat’iy javobgarlikni kuchaytirish lozimligini muntazam ta’kidlab keladi".

O‘zbekiston kasalxonalarida shifokorlarga hujum qilinishi ilk bor kuzatilayotgani yo‘q.

7 avgust kuni Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani kasalxonasida terapevt vrach bo‘lib ishlovchi 24 yoshli Otabek Sirliboev bemor qarindoshlarining hujumiga uchragani haqda Ozodlikka gapirgan edi.

O‘tgan oy Jizzax shahridagi bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasida vafot etgan 14 yoshli bemorning akasi shifokorni pichoqlagani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

May oyida esa Samarqandda bemorning otasi shifokorga hujum qilib, uni haqoratlagani videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Andijonda shifokorlarga hujum qilingani bo‘yicha 22 avgust kuni e’lon qilingan bayonotida tibbiyot xodimlarining haq-huquqlari himoyasini kuchaytirish kerakligi ta’kidlangan:

"Tibbiyot xodimlarigi tajovuz qilish holatlarining sodir etilishini asosiy sabablaridan biri jamiyat va xalqqa tunu kun xizmat qilayotgan shifokorlarga nisbatan tajovuz qilganlik uchun ko‘zda tutilgan jinoiy jazolarning birmuncha liberalligidir. Oqibatda esa hech bir aybi bo‘lmagan tibbiyot xodimining sog‘lig‘iga tiklab bo‘lmaydigan darajada zarar yetkazgan shaxslar ham ayrim hollarda amalda hech qanday jazo o‘tamasdan qolib ketayotganini qayd etib o‘tmasdan ilojimiz yo‘q.

Shu bois, Sog‘liqni saqlash vazirligi Oliy Majlisga shifokorlar haq-huquqlari himoyasini yanada mustahkamlash maqsadida amaldagi qonunchilikni yanada kuchaytirish, shuningdek, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi kabi qator huquqni muhofaza qilish organlaridan fuqarolarning shifokorlarga tahdid va tajovuz qilish kabi holatlarning oldini olish va bartaraf etish borasida jiddiy va keskin choralar ko‘rib borishlarini, bu borada profilaktika ishlarini yana kuchaytirishlarini qat’iy so‘rab qoladi".

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2017-2018 yil davomida O‘zbekistonda bemorlar va ularning qarindoshlari tomonidan 300ga yaqin tibbiyot xodimi kaltaklangan.