Izboskanda tarbiyachilar bayram arafasida tunda bog‘chasini qo‘riqlamoqda

O‘zbekistonda Mustaqillik bayrami kunlari bog‘cha va maktablarda kunduzgi yoki tungi navbatchiliklar tashkil etilgani avvallari ham bo‘lgan.

Andijon viloyat, Izboskan tumanidagi barcha bolalar bog‘chalari tarbiyachilari 19 avgustdan buyon tungi navbatchilikka qo‘yilayapti.

Navbatchilikka majburlanayotganini hamda bu ish uchun haq to‘lanmayotganini aytgan tarbiyachilardan olingan bu ma’lumotni Ozodlik bog‘langan MTM rahbarlari tasdiqladi.

Mudirlarning aytishicha, tungi navbatchilik Mustaqillik bayrami kunlari xavfsizlikni saqlash maqsadida tashkil qilingan.

Andijon viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi rahbari muovinining Ozodlikka bildirishicha, boshqarma tungi navbatchilikni joriy qilishga buyruq bermagan.

Izboskan tumanidagi 4-son maktabgacha ta’lim muasasasi (MTM) tarbiyachilaridan birining Ozodlikka aytishicha, tungi navbatchiliklar tuman hokimining og‘zaki buyrug‘iga asosan tashkillashtirilyapti:

Direktorimiz 19 avgustdan 5 sentabrgacha har kuni bog‘cha qorovulidan tashqari kamida uch tarbiyachi bog‘chada navbatchilikka qolishi kerakligini aytdi. Hokimlikda maxsus majlis qilib, aytishibdi, hammaga majburiy ekan.

Qorovul yoki militsiya, qo‘riqlash xizmati xodimlari nima qilib o‘tiribdi? Ular nima uchun oylik oladi? Bog‘cha qorovuli bo‘la turib, tarbiyachi, muallimlarning bog‘chada tunab qolishi qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi.

Izboskan tumanidagi telefon orqali bog‘langanimiz 1-son bolalar bog‘chasida ham xuddi shu vaziyat.

Bog‘cha tarbiyachilaridan biri bunday dedi:

– Bayram kunlari ko‘z-quloq bo‘lib turinglar, deb tayinlashdi. Lekin, hudo saqlasin bir narsa bo‘lsa biz ayollar nima ham qila olardik. O‘zi bizni bog‘chada tunda ushlab o‘tirishdan nima naf, shuni tushunmayapman? Qorovul yoki militsiya, qo‘riqlash xizmati xodimlari nima qilib o‘tiribdi? Ular nima uchun oylik oladi? Bog‘cha qorovuli bo‘la turib, tarbiyachi, muallimlarning bog‘chada tunab qolishi qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi?

Ayrim bog‘cha opalar tunda navbatchilikka qolgani uchun erlaridan gap eshitayotganini aytishdi.

- Erlarimiz e’tiroz bildirayapti. Sizlar tarbiyachilarsizlar, qorovul emassizlarku, deb. Buni mudiramizga aytsak, "ishdan butunlay ketaver, eringni yoniga", deb baqirib beradi, - deydi izboskanlik bog‘cha opalardan biri.

Ozodlik bog‘langan bog‘cha rahbarlari tungi navbatchiliklar Mustaqillik bayrami kunlari xavfsizlikni saqlash maqsadida tashkil qilinganini aytishdi.

- Hokimiyatdan buyruq, xalq ta’limidan buyruq bor, shu buyruq asosida direktor, direktor muovini ham navbatchilikka qolyapti, o‘z xohishimiz bilan qolyapmiz, hamma o‘z xohishi bilan qolyapti, - dedi Izboskan tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasasi rahbarlaridan biri.

Ozodlik suhbatlashgan tarbiyachilarga ko‘ra, ularning navbatchiligi uchun biror haq to‘lanmaydi.

Mehnat kodeksiga ko‘ra, ortiqcha ishlagan vaqtingiz uchun haq to‘lanishi kerak. Lekin bizga bir tiyin ham bermaydi.

- Mehnat kodeksiga ko‘ra, ortiqcha ishlagan vaqtingiz uchun haq to‘lanishi kerak. Lekin bizga bir tiyin ham bermaydi. Mehnat kodeksining 157-moddasiga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanishi kerak. Lekin, avvalgi yillarda ham navbatchilikka qolganmiz, haq berilmagan, - deydi Toshloq tumanidagi 6-son maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi.

Andijon viloyati Maktabgacha ta’lim boshqarmasi rahbari muovini Farhod Pirmatov tarbiyachilarni tungi navbatchilikka qoldirishga ulardan buyruq berilmaganini aytdi.

- Men bu haqda sizdan eshitib turibman, - dedi Pirmatov.

Izboskan tuman hokimligi mulozimi esa Ozodlik savolini eshitishi bilan go‘shakni qo‘yib qo‘ydi.

O‘zbekistonning boshqa tuman va viloyatlari maktab va bog‘chalarida ham tungi navbatchiliklar tashkil etilgani haqda Ozodlikka ma’lum.

Shu yilning 23 avgust kuni Samarqand shahridagi maktab o‘qituvchilari tungi qorovullikka majburlanayotgani haqda Ozodlikka xabar yo‘llashgan edi.

“Samarqand shahri maktablarida faoliyat yuritib kelayotgan erkak o‘qituvchilar nomidan yozmoqdamiz. Bizlarni bayram arafasi va bayramdan keyin maktabda majburan kechki navbatchilikka qo‘yishmoqda. Navbatchilik 20 avgustdan 5 sentabrga qadar davom etadi. Kechasi bilan maktabda qorovullik qilib o‘tiramiz, ammo maoshimizga bir so‘m ham qo‘shilmas ekan. Mehnat vazirligi bu vaziyatga izoh bersa yaxshi bo‘lar edi”, - deyilgan samarqandlik bir guruh o‘qituvchilarning ma’lumotnomasida.

O‘zbekistonda Mustaqillik bayrami kunlari bog‘cha va maktablarda kunduzgi yoki tungi navbatchiliklar tashkil etilgani avvallari ham bo‘lgan.

Buni rasmiylar jamoat xavfsizligini saqlash, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli ko‘ngilsizliklarning oldini olish, o‘z vaqtida bartaraf etish, shuningdek, bu haqda vakolatli idoralarga tezkorlik bilan xabar berish, deya izohlashgan.