Toshkent davlat Agrar universitetining Andijon filialining viloyatlardan kelgan yuzlab talabasi yotoqxona berilmagani bois ko‘chada qoldi.
Universitetning talabalarni yotoqxonalar bilan ta’minlash bo‘yicha mas’uliga ko‘ra, bu yil boshqa viloyatlardan o‘qishga talaba ko‘p qabul qilingani bois yotoqxonada joy yetishmovchiligi yuzaga kelgan.
Ayni paytda mas’ul yotoqxonada qo‘shimcha ta’mirlash ishlari ketayotgani va talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash harakatlari bo‘layotganini ta’kidladi.
Toshkent davlat Agrar universitetining Andijon filiali talabalarining Ozodlikka yo‘llagan murojaatiga ko‘ra, o‘quv maskanida viloyatdan kelgan va yotoqxonaga muhtoj bo‘lgan talabalarga bilim yurti rahbariyati "yotoqxona ta’mirlanyapti, ikki hafta boshqa joyda amallab turinglar" deb aytgan.
Ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan talaba yotoqxona berilmagani bois ko‘chada qolganini aytdi:
- Boradigan joyim ham, biror tanishim yoki qarindoshim ham yo‘q. Yotoqxona berishlariga umid qilib kelgan edim
- Boradigan joyim ham, biror tanishim yoki qarindoshim ham yo‘q. Yotoqxona berishlariga umid qilib kelgan edim. Ko‘chada qoldim. Keyin birga o‘qiydigan kursdoshim vaqtincha uyiga olib ketdi, - deydi talaba.
Ozodlik suhbatlashgan boshqa talaba yotoqxona berilmagani sabab mehmonxonada turishga majbur bo‘layotganini aytdi:
- Ijaraga turay desam vaqtincha olishmas ekan. Mehmonxonaga joylashdim, yotoqxona berishsa keyin ko‘chaman. Kontrakt asosida o‘qiyman,oilamiz o‘rtahol, lekin nima qilaylik, - deydi talaba.
Talabalar yotoqxonasiz qolganidan ularning ota-onalari xavotir olishmoqda.
- Hozirgi har-xil g‘oyalar xavf solib turgan paytda talabalarni yotoqxonasiz sarson bo‘lib yurishi, ayniqsa qizlar uchun xavfli emasmi? Yotoqxonada nazorat bor. Ularning o‘z holicha qo‘yib qo‘yilishi aqlga sig‘maydi. Yurak hovuchlab o‘tiribmiz. Axir biz ular borishi bilan yotoqxona berishadi, degan umid bilan o‘qishga jo‘natganmiz, - deydi bu yil Andijon shahridagi Agrar universitetiga qabul qilingan talabaning otasi anonim qolish sharti bilan.
Andijon Agrar universitetining talabalarni yotoqxonalar bilan ta’minlash bo‘yicha mas’ul xodimi Ozodlikka bu yil avvalgi yillarga nisbatan chekka viloyatlardan o‘qishga talaba ko‘proq qabul qilingani bois yotoqxonaga talabgor ortgani, lekin ta’mirlash tugashi bilan barcha talabalarga uzoq-yaqiniga qarab yotoqxona berilishini aytdi.
Bu yil chekka viloyatlardan o‘qishga ko‘p kirishgan. Xorazm, Qoraqalpog‘istondan ham bor talabalar. Biror joyga joylashib turinglar deb aytilgan. Hozir arizalarni qabul qilyapmiz
- Rekonstruksiya bo‘lyapti, yana 10 kun cho‘ziladi, deb ularga aytilgan edi. Bu yil chekka viloyatlardan o‘qishga ko‘p kirishgan. Xorazm, Qoraqalpog‘istondan ham bor talabalar. Biror joyga joylashib turinglar deb aytilgan. Hozir arizalarni qabul qilyapmiz. Talabalarni uzoq-yaqiniga qarab yotoqxona beramiz. 2 ming atrofida talabani yotoqxonaga joylashtira olamiz, - dedi universitet mas’uli.
Universitet saytidagi ma’lumotga ko‘ra, oliygohda jami 2307 nafar talaba tahsil oladi.
Nega Andijon shahridagi Agrar universitetida yotoqxona ta’miri o‘qish boshlanadigan kunga qadar tugallanmadi?
Bu savolni universitet mas’uli javobsiz qoldirdi.
O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2006 yil 17 yanvarida qabul qilingan “Talaba va o‘quvchilarni turar joy bilan ta’minlash” to‘g‘risidagi 11-sonli buyrug‘i asosida mamlakatdagi oliy o‘quv yurtlari o‘qishga qabul qilingan talabalarni yotoqxona bilan ta’minlashi kerak.
Har bir oliygoh rahbariyati zimmasiga yotoqxonaga joylashtirilgan talabani yotoq anjomlari bilan ta’minlash, talabaning yashashi uchun barcha sharoitlar, jumladan, isitish sistemalari, issiq-sovuq suv, gaz va yorug‘lik bilan ta’minlash vazifalari ham yuklatilgan.
O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, hozir Toshkentdagi oliygohlar yotoqxonaga ehtiyoji bor talabalarning 25-30 foizinigina turar joy bilan ta’minlashga qodir.