Prokuratura Kun.uz jurnalistlariga hujum qilgan hokim muovini harakatlarida jinoyat alomati topmadi

Jurnalist Rahmatilla Isroilov va Olmazor tuman hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobov

Toshkent shahar, Olmazor tuman prokuraturasi shu tuman hokimi muovini Abdurasul Vahobovning Kun.uz jurnalistlariga tajovuz qilgani haqidagi da’voni o‘rganib, hokim muovini harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘q, deb 11 sentabr kuni qaror chiqargan.

Kun.uz nashri huquqshunosi Zafarbek Solijonov 25 sentabr kuni Ozodlikka bu haqda ma’lum qilar ekan, ular tuman prokurori qarori yuzasidan endi yuqori instansiyaga arz qilajaklarini aytdi.

Shu yilning 14 avgustda Kun.uz o‘zining jurnalistlari Toshkentda Olmazor tuman hokimi muovini Vahobov tomonidan tajovuzga uchragani haqida video e’lon qilgan edi.

Mahalliy tadbirkor arzini o‘rganish uchun hokimlikka borgan Kun.uz jurnalistlari Olmazor tuman hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobov ularga tajovuz qilib, tahririyatga tegishli kamera shtativini sindirganini da’vo qilishgan edi.

Videoda kun.uz tasvirchisini hokim o‘rinbosari "o‘zbekmisan", deb quvlab yurarkan, uning yonida militsiya xodimi befarq yurgani ko‘rinadi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi o‘shanda Kun.uz jurnalistlariga Olmazor tuman hokimi o‘rinbosari tomonidan qilingan tajovuzni o‘z nazoratiga olgani, hokim o‘rinbosarining hujumi va uni kuzatib turgan ichki ishlar xodimining harakatsizligini Toshkent shahar prokuraturasi o‘rganib chiqishini ma’lum qilgan edi.

Lekin, Toshkent shahar prokuraturasi IIB xodimlarining harakatsizligi bo‘yicha tekshiruv natijalarini hozirgacha e’lon qilmagan.

Kun.uz nashri huquqshunosi Zafarbek Solijonov 25 sentabr kuni Ozodlik bilan suhbatda Olmazor prokuraturasining tuman hokimi muovinining yonini olib chiqargan qarori "yomon pretsedent bo‘lishi, tuman hokimlari endi xohlagan jurnalistga nisbatan xohlagan ishini qilish ishtiyoqini yana ham kuchaytirib yuborishi mumkin" degan fikrni bildirdi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Kun.uz huquqshunosi Zafarbek Solijonov bilan suhbat