Buxoroning "Karvon" bozorida tillachi ayollar g‘alayon ko‘tardi

Buxoro shahridagi "Karvon" bozori.

Buxoro shahrining "Karvon" bozorida tilla buyumlari bilan savdo qiluvchi uch yuzga yaqin ayol do‘kon va rastalarining ko‘chirilishiga norozilik bildirmoqda.

Ayrim tillachi ayollar hozir ham ichki ishlar xodimlarining aralashuviga qaramay baklajkalarda benzin va gugurt tutib Karvon bozoridagi rastalarini tark etishga qarshilik qilmoqdalar.​

27 sentabr kuni Buxoro shahar hokimligi rasmiylari tilla sotuvchilarning rasta va do‘konlari buzilishi va 1 oktabrgacha rastalarni bo‘shatib qo‘yishlari haqida ogohlantirgan.

Buxoro hokimligi mulozimi​ tillachi ayollarga shahar markazidagi "Korzinka" do‘konidan joy taklif qilgan.

Ammo, savdogarlar bu taklifga ko‘nmayotir.

"Karvon" bozorida tilla sotuvchi ayollardan biri Ozodlik bilan suhbatda bunday dedi:

Biz 300ta ayol, kecha hokim muovini keldi, 1 oktabrgacha bo‘shatasizlar, deb ultimatum qo‘ydi. "Buldozer solsangizlar ham hech qaerga ko‘chmaymiz, kerak bo‘lsa o‘zimizni ustimizdan benzin to‘kib kuydiramiz", deb turib oldik

- Biz 300ta ayol, kecha hokim muovini keldi, 1 oktabrgacha bo‘shatasizlar, deb ultimatum qo‘ydi. "Buldozer solsangizlar ham hech qaerga ko‘chmaymiz, kerak bo‘lsa o‘zimizni ustimizdan benzin to‘kib kuydiramiz", deb turib oldik. "Bolalarimiz ko‘chada qoladi", deb aytdik unga, - deydi tillachi ayol.

Buxoro shahar hokimligining mulozimi Ozodlikka tilla sotuvchilarga shaharning qoq markazidagi "Korzinka" do‘konidan joy taklif etilganini aytdi.

- Hozir prezidentimiz ko‘rsatmasi bilan bozorlar tartibga solinyapti. Shuning uchun ularga litsenziyani olib, marhamat "Korzinka" do‘konini ikkinchi qavatida joy beriladi, savdo qilaverasizlar, deb aytildi. Bu yerda ularni biznesiga hech qanaqa to‘sqinlik qilinayotgani yo‘q, - dedi hokimlik mulozimi.

Lekin, Ozodlik suhbatlashgan tillachi savdogarlar "Korzinka" majmuasida ijara narxlari va tadbirkorlikka qo‘yilgan soliqlar yuqori bo‘lishidan xavotirda ekanini aytadilar.

- Korzinka 100ta kishiga mo‘ljallangan. Hali u yerda ijara qancha bo‘lishini bilmaymiz. Buni ustiga u yerga haridor ham kelmaydi. Biz bozorda nima uchun o‘tiramiz, bu yerga kelin-kuyovlar keladi, tillani oladiganlar keladi. Tilla olish uchun "Korzinka"ga bormaydiku. Oziq-ovqat oladigan ham hozir "Korzinka"ga bormaydi, bozorga boradi, - deydi buxorolik savdogar.

O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyevning "2017-2019 yillarda bozorlarni rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qaroriga asosan bozorlar qayta rekonstruksiya qilinmoqda.

Buza-buzlar O‘zbekistonning boshqa bozorlarida ham savdogarlarning keskin noroziligi fonida kechgan.