"Tuyaqush janjali": Straus Housedan kuyganlar prezident qabulxonasi oldida to‘plandi

O‘zbekiston prezidenti Xalq qabulxonasi, Toshkent.

O‘zbekistondagi "Straus House" shirkati bilan tuyaqush olish bo‘yicha shartnoma imzolab, to‘lovni to‘lab, bugunga qadar tuyaqushlarni olmagan, pulini ham qaytarib ololmayotgan taqriban 30 fermer 8 oktabr kuni Toshkentning Mustaqillik maydonidagi O‘zbekiston prezidenti Xalq qabulxonasi oldida to‘plandi.

Fermerlar shikoyati yuzasidan O‘zbekiston prezidenti qabulxonasidan ham, Bosh vazir qabulxonasidan ham izoh olib bo‘lmadi.

"Straus House" rahbari Ibrohim Isroilovning onasi Nilufar Yazdanova o‘g‘lining shirkati qarzi 2 milliard so‘mdan ko‘proqni tashkil etishi​ni bildirdi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan fermerlar bungacha Bosh vazir qabulxonasiga murojaat qilib, "Straus House" ustidan borayotgan jinoyat ishini o‘z nazoratiga olishni, tuyaqush jo‘jalari uchun to‘langan millionlab so‘m pullarni qaytarib olishda ko‘mak berishni talab qilmoqchi bo‘lganliklari, lekin ularni hech kim qabul qilmaganini aytishdi.

- O‘ttiztacha odam xalq qabulxonasi oldida turibmiz. Bosh vazirning qabulxonasida bizni deyarli hech kim qabul qilmadi, shuning uchun hozir prezident qabulxonasi oldida turibmiz. Bu ishga hukumat aralashsin, pullarimizni undirib bersin, - dedi "Straus House"ga jo‘ja olish uchun 50 million so‘m to‘lab qo‘yganini aytgan fermerlardan biri.

"Straus House"dan kuyganlar O‘zbekiston bo‘yicha 300 kishidan ko‘pni tashkil qilishi aytiladi.

Mijozlar orasida bankdan yirik foiz evaziga qarz olganlari ham bor.​

Shu yilning 27 sentabrda bosh ofisi Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan “Straus House” MChJning ta’sischisi va bosh direktori Ibrohim Isroilov hibsga olingani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

"Straus House" rahbari O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bo‘yicha ayblanmoqda.

Isroilov ustidan dastlabki sud majlisi 11 oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida bo‘lib o‘tishi kutilyapti.

Ammo, fermerlarning tuyaqush jo‘jalari uchun to‘lab qo‘ygan pullari qaytarilishi yo qaytarilmasligi borasida biron rasmiy ma’lumot yo‘q.

Prezident qabulxonasidagilar jabr ko‘rgan mijozlar tegishli tartibda murojaat qilganlari taqdirda, ularning arizalari ko‘rib chiqilishini aytishgan.

"Straus House" rahbari O‘zbekistonning turli viloyatlarida yashovchi 300 dan ortiq fuqaroning millionlab so‘m miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilishda gumon qilinmoqda.

Ammo, 8 oktabr kuni ertalab Toshkentning Mustaqillik maydonidagi O‘zbekiston Bosh vaziri qabulxonasi oldida, keyin prezident qabulxonasi ro‘parasida to‘plangan fermerlar muammosi bilan hech kim qiziqmayotganini aytishdi.

U bolani qamashar yoki jazolashar, buni bizga qizig‘i yo‘q, lekin bizni pulimizni kim qaytarib beradi?

- Bu yerda bankdan kredit olib, 200 million so‘m to‘lab qo‘yganlar bor. Har kuni qarz ustiga foiz minyapti. U bola ("Straus House" rahbari)ni qamashar yoki jazolashar, buning bizga qizig‘i yo‘q, lekin bizning pulimizni kim qaytarib beradi? Shuning uchun hozir biz bu ishni Bosh vazir yoki prezident nazoratiga olib, pullarimizni qaytarishga yordam berishini so‘rayapmiz, hech kim bizni hali qabul qilgani yo‘q, - dedi fermerlardan biri.

Ozodlik bilan suhbatlashgan yana bir fermer "Straus House"dan sotib olgan jo‘jalari o‘lib qolganini aytdi:

- 20 ta jo‘ja olgan edim, ikki kun turmadi, o‘ldi. Toshkentda karantinda turgan payti kiygiz yegan ekan, qornini yorib qo‘rsak kiygiz chiqdi. Keyin bilsak boshqalarning jo‘jalari ham shundan o‘lgan ekan. "Straus House"dagilar jo‘jalar kiygiz yeb o‘lganini tan olgan va o‘rniga boshqa jo‘ja berishni va’da qilgan edi, hozirgacha cho‘zib kelindi.

Fermerlar shikoyati yuzasidan O‘zbekiston prezidenti qabulxonasidan ham, Bosh vazir qabulxonasidan ham izoh olib bo‘lmadi.

"Straus House" rahbari Ibrohim Isroilovning onasi Nilufar Yazdanova o‘g‘lining shirkatida qarzdorlik 2 milliard so‘mdan ko‘proqni tashkil etishi, mijozlarga pullarni qaytarib berish imkonsizligini aytdi.

Uyimizni sotsak ham shuncha pul yo‘q. 2 milliard so‘mlik zarar bo‘lgan, bu pul bizda yo‘q. Lekin, 500tacha jo‘ja bor, o‘g‘lim chiqib kelsa shularni tarqatib qarzidan qutuladi

- Mijozlar bizga ham murojaat qilyapti. Men ularga to‘g‘ri tushuninglar, pulni qaytarolmaydi, deyapman. Uyimizni sotsak ham shuncha pul yo‘q. 2 milliard so‘mlik zarar bo‘lgan, bu pul bizda yo‘q. Lekin, 500 tacha jo‘ja bor, o‘g‘lim chiqib kelsa shularni tarqatib qarzidan qutuladi, - deydi Nilufar Yazdanova.

"Straus House" tuyaqush jo‘jalarini O‘zbekistonga Janubiy Afrika Respublikasidan keltirmoqchi edi.

Nilufar Yazdanova Ozodlik bilan suhbatda mijozlarga tuyaqush jo‘jalari yetkazib berish kechikishini Janubiy Afrikada ob-havoning sovuq kelishi bilan izohladi:

- Afrikadagilar sizlar uchun 300ta tuxum qo‘ydik, deb aytishgandi. Sovuq bo‘lgani uchun jo‘jalar tuxumni yorib chiqa olmagan. Keyin o‘g‘lim boshqa joydan jo‘ja izladi. Pokistondan topdi. 200 ming dollarni Pokistonga o‘tkazdi. U yoqdan kelgan jo‘jalar bizni iqlimimizga dosh berolmay hammasi o‘ldi. Shunday qiyin ahvolda qoldi, Fors-major bo‘ldi-da.

Tuyaqush xonakilashtirilgan yirik parrandadir. Uni boqish va ko‘paytirish daromadli biznes hisoblanadi.

O‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev parrandachilik sohasida faqat tovuq bilan cheklanib qolmasdan tuyaqushlar va boshqa parrandalar etishtirishga qaratilgan farmonni imzolagandi.

Shundan o‘zbekistonlik qator fermerlar tuyaqush go‘shti yetishtirishga kirishgandilar.