Surxondaryo viloyat, Muzrabot tuman, Fidokor MFY raisi qo‘shni tumanga kunlik ishga ketayotgan bir guruh qizlarni ular ketayotgan “Damas”dan majburan tushirib olib, mashina haydovchisini kaltakladi.
Voqea guvohlari bu hodisani videoga tushirib, Ozodlikka taqdim qildi.
Videoda, mahalla oqsoqoli, “Damas” haydovchisini bo‘g‘ib urayotgani, nega paxtaga chiqmading deb yosh qizlarni uyatsiz so‘zlar bilan bo‘ralatib so‘kayotgani aks etgan.
Tuman Mahalla jamg‘armasi mulozimi haydovchini paxta terayotgan qizlarni boshqa ishga targ‘ibot qilib olib ketayotganlikda aybladi.
Angor tumanida yashaydigan haydovchi Bayram Gapparovning Ozodlikka aytishicha, u tomorqasidagi shivitni o‘tatish uchun 8 oktabr kuni qo‘shni Muzrabot tumanidan bir guruh qizni yollab, o‘z mashinasida qaytayotgan paytda boshqa bir avtomobil uni yo‘lning chetiga qisib to‘xtatgan:
Mashinadan bir gavdali odam tushib keldi-da, kurakda turmas haqoratlar bilan meni kabinadan sudrab tushirdi va bo‘g‘ib ura boshladi.
“Oltita ishchini olib Fidokor mahallasidan qaytayotgan edim. Birdaniga bir avtomobil quvib o‘tdi-da, to‘sib to‘xtatdi. Mashinadan harbiy shimdagi bir gavdali odam tushib keldi-da, kurakda turmas haqoratlar bilan meni kabinadan sudrab tushirdi va bo‘g‘ib ura boshladi. Shu payt orqadan A’zam ismli uchastka noziri yetib keldi. U ajratish o‘rniga mahalla raisi meni urayotganini tomosha qilib turdi”.
Videoda haydovchi uchastka noziriga murojaat qilib shunday deydi:
“Aka, ko‘ryapsizmi, moshinni ko‘ryapsizmi, aka? Siz agar uchastka noziri bo‘lsangiz, mayor ekansiz aka, ko‘z oldingizda urib o‘tiribdiku, meni”
Haydovchining aytishicha, Fidokor MFY raisi G‘ulom Mamadiyev uni mahalla qizlarini paxtadan qoldirib, boshqa ishga olib ketayotganlikda ayblagan:
“G‘ulom degan mahalla raisi qizlarni tushirib olib, paxtaga chiq deb haydadi. Qizlar paxta terganimiz bilan pulini bermaysizlar deb, norozilik bildirgan edi, ularni so‘kib do‘q urdi”.
Ozodlikka yuborilgan videoda “Damas”dan tushirib qoldirilgan qizlar Fidokor mahallasi raisi G‘ulom Mamadiyev deb aytilayotgan shaxsga norozilik bildiradi:
“Ishga deb chiqqanmiz, biz. Hech qaerda majburiy paxta terasan degan narsa yo‘q”
Mahalla raisi esa, “ishlasang pulingni olasan”, deydi.
Qizlardan biri raisning bu gapiga istehzo bilan shunday deb javob beradi:
“Beryapsizlar, beryapsizlar, shundaaay beryapsizlaaar, pulni”
Bu muloqotdan keyin videoda mahalla raisi deb aytilayotgan shaxsning haydovchi Bayram Gapparovni bo‘ynidan bo‘g‘ayotgani va oyog‘iga tepib haqorat qilayotgani ko‘rinadi:
Sening meni mahallamda yurishga haqqing yo‘q!
“Sening meni mahallamda yurishga haqqing yo‘q!.Sen peregruz qilgansan”, deydi mahalla raisi.
Bayram Gapparov shundan so‘ng Muzrabot tuman prokuraturasiga murojaat qilgani, lekin uning arizasi qabul qilinmaganini aytdi:
“Arizamda sud-tibbiyot ekspertizasiga yo‘llanma so‘ragandim. Bo‘ynim ko‘karib, yoqalarim yirtilib ketgan edi. Prokuratura xodimi shuni ko‘rib turgan bo‘lsa ham ekspertizaga yo‘llanma bermadi”.
Ozodlikka yuborilgan uchinchi videoda, mahalla raisi G‘ulom Mamadiyev deb aytilayotgan shaxs mashinadan tushirib olgan yosh qizlarni haydab olib ketayotgani va ularni uyatli so‘zlar bilan haqorat qilayotgani aks etgan:
Q...imga kulyapsanmi. Onangni s...y, onangni o...mi ko‘rinyaptimi bu yerda, ochib turippa?
“Kallangni yoraman deyapman seni, o‘zingdan ketmae. Onangni o...iga kulyapsanma. Q...imga kulyapsanma. Onangni s...y, onangni o...mi ko‘rinyaptimi bu yerda, ochib turippa? Gan...n, pid...z, haromi, yo...tvoyumat! Tirjayma. O‘chey, hee, q...q bashara, q..imni yeysan, bore! Ey, momangni o...i! Ey, onangni o...ga borasanmi?”
Mahalla raisi G‘ulom Mamadiyev tomonidan Damasdan tushirib qoldirilgan qizlardan birining Ozodlikka aytishicha, hammani paxta terimiga majburlayotgan rais yosh qizlardan biri bo‘lib o‘tgan voqea to‘g‘risida aytarkan, bunday dedi:
“Paxta terish majburiy emasku. Biz paxta terolmaydigan qizlar yig‘ilib, bir kishining ko‘katini o‘tashga bormoqchiydik. Kunlikka gaplashganmiz. Ketayotganimizda bizni majburan moshindan tushirib olishdi. Biz paxta terolmaymiz, bir kunda zo‘rg‘a 12-15 kilodan ortiq terolmaymiz. Bir xil qizlarning allergiyasi bor. Keyin bizning oramizda bitta erli ayol qolganlarimiz qizbola edik. Rais bizni shunaqa haqorat qildiki, u gaplarni eshitsa ilon po‘st tashlaydi. Haydovchini ham urdi. U ham birovning bolasiku. Paxtani pulini ham vaqtida bermaydi, lekin paxta terishga majburlaydi”
Ozodlik Fidokor MFY raisi G‘ulom Mamadiyevning mobil telefoniga kun davomida qo‘ng‘iroq qildi, ammo rais go‘shakni ko‘tarmadi.
Muzrabot tumani “Mahalla” jamg‘armasi mulozimi Abdusalom Abdumo‘minov videoda haydovchi bilan munozara qilgan shaxs Fidokor MFY raisi G‘ulom Mamadiyev ekanligini tasdiqlar ekan, paxta otryadiga biriktirilgan qizlarni o‘z ishini tashlab ketayotganlikda aybladi:
- Uyushmagan aholini ro‘yxatga olib, ularni terimga shakllantirganmiz. O‘zlari ariza yozib a’zo bo‘lgan. O‘sha kuni damaschi kelib, ularni paxta terib turgan joyidan o‘toq bor deb agitatsiya qilgan. Keyin bir Damasga 11 kishini mindirgan. Mahalla raisimiz uni to‘xtatgan. Peregruz, avariya qilib bu qizlarga bir balo bo‘lsa kim javob beradi, degan. Damaschi quloq solmagan, keyin o‘rtada nizo kelib chiqqan.
Suhbatdosh G‘ulom Mamadiyevning harbiydan iste’foga chiqqan mahalla raisi ekanligini aytdi.
Muzrabot tumani prokuraturasidan bu masalaga izoh olishning imkoni bo‘lmadi.